Nohaq sudlangan direktor yetti yildan so‘ng oqlandi
Hayotda inson halol mehnati, kasbiga sadoqati hamda ezgu va savob ishlari bilan qadr topadi, obro‘-e’tibor orttiradi. Ayniqsa, o‘qituvchi, ustoz, degan sharafli nomni oqlash fidoyilikni talab qiladi.
O‘zbekiston tumanida yashovchi Rustamjon Hakimov 2002-yili Farg‘ona davlat universitetining tarix fakultetini tamomlaganda yosh avlod kamoloti yo‘lida mehnat qilishni diliga tukkandi. Tumandagi 49-maktabda o‘qituvchilik faoliyatini boshladi. Qisqa muddatda izlanuvchan va tashabbuskorligini namoyon qila oldi. Natijada 2004-yili uni maktabga direktor etib tayinlashdi.
Shundan so‘ng R.Hakimov ta’lim-tarbiya sifatini yanada oshirish, shu orqali maktab nufuzini yuksaltirish borasida pedagogik jamoa va ota-onalar bilan bamaslahat ish yurita boshladi. Bu mehnatlari munosib baholanib, 2009-yili “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Biroq 2011-yil dekabr oyida Rustamjonning boshiga jiddiy tashvish tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro S.Marajabov va maktab direktori o‘rtasida 2005-yildan 2011-yil oktabr oyiga qadar maktabga qarashli savdo do‘konidan foydalanish bo‘yicha ijara shartnomasi tuziladi. Unga ko‘ra, S.Marajabov eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida ijara haqi to‘lash majburiyatini oladi. 2011-yil noyabr oyidan maktab tamaddixonasi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari sotish uchun ijaraga berilgan. Tamaddixona katta ekani va savdo hajmi ham shunga yarasha ko‘p bo‘lgani bois, ijarachi maktabga eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida haq to‘lashi kerak bo‘lgan. Bu holat ikki tomonlama imzolangan ijara shartnomasi va maktab pedagogik kengashining 2011-yil 10-noyabrdagi 2-sonli bayonnomasida o‘z aksini topgan. Ammo eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida ijara haqi to‘lash S.Marajabovga yoqmaydi. Shu bois, u norozi bo‘lib, 2011-yil dekabr oyining boshida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi DXX) Qo‘qon shahar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan.
Saminjon 2011-yil 15- dekabr kuni direktorga go‘yoki 500 000 so‘m naqd pulni ijara haqi sifatida bermoqchiligini aytadi. Aslida, S.Marajabovning arizasiga binoan tezkor tadbir uyushtirilgandi. Bundan bexabar R.Hakimov pulni oladi. Huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari esa, uni go‘yoki “pora olayotganda” qo‘lga tushirishadi. Maktab direktoriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b” bandi(mazkur band o‘sha paytda “mas’ul mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa” deb nomlangan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Bundan tashqari, tezkor tadbirdan keyin Moliya vazirligining Farg‘ona viloyati nazorat-taftish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan maktabda tekshirish boshlanadi. Tekshirish xulosasi asosida Rustamjon Hakimovga nisbatan Jinoyat kodeksining yana bir qator moddalari bilan ayblov e’lon qilinadi. Ya’ni, u 2009-yil may va avgust oylarida o‘zi hamda direktor o‘rinbosari U.Mirsaidova nomiga “Nozanin Yaypan invest” xususiy korxonasi va “Mador” kredit uyushmasidan 1 yil muddatga 2 dona konditsioner sotib olib, 2009-yil 26-iyundan 2010-yil 19-martga qadar jami 1 822 010 so‘m pulni maktabning hisobraqamidan kreditni qoplash uchun o‘tkazib yuborganlik, 2011-yil sentabr—dekabr oylarida o‘quvchilarning oziq-ovqati va qo‘shimcha darslar uchun
21 037 000 so‘m mablag‘ni asossiz ravishda yig‘ib olib, sarflash, 2010-yil 13-dekabrda “Konizar qurilish savdo” xususiy korxonasidan sotib olingan 91 0000 so‘mlik sementni maktab ehtiyojlariga ishlatmaslik, 2011-yil yanvardan may oyiga qadar o‘qituvchi, tarbiyachi va to‘garak rahbarlariga 1 444 600 so‘mlik ish haqini noto‘g‘ri to‘laganlik, 789 900 so‘mlik ijara haqini mahalliy budjet daromadiga o‘tkazmaslik orqali davlat manfaatlariga jiddiy va juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlikda ayblangan. Shuning uchun tergov jarayonida R.Hakimov 4 150 000 so‘mlik zararni qoplagan. Natijada jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 2012-yil 28- maydagi hukmiga binoan direktor Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi, “b”, “v”, “g” bandlari, 206-moddasi 2-qismi “v” bandi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, kodeksning 57- va 59-moddalari tartibida unga 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish hamda oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shu bois, u keyingi ish faoliyatini oddiy o‘qituvchi sifatida davom ettirgan.
Buni qarangki, 2013-yil avgust oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudi tomonidan Rustamjon Hakimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 45-moddasi (Muayyan huquqdan mahrum qilish) asosida qo‘shimcha ravishda tayinlangan 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi olib tashlanadi hamda uning sudlanganlik holati tugallanadi. Chunki Jinoyat kodeksning 78-moddasi “v” bandida jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek, muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin bir yil o‘tgach shaxsning sudlanganlik holati tugallanishi belgilangan.
Pirovardida R.Hakimov 2013-yil 10-oktabrda yana maktab direktorligiga tiklanadi. Eng muhimi, direktor o‘zining ezgu maqsadi yo‘lida, ya’ni pedagogik jamoaning boshini qovushtirib, yoshlarni ilm sari yetaklashda davom etadi.
Ammo ko‘nglidagi kemtiklik, g‘ashlik arimadi. U o‘zining aybsiz ekani tasdiqlanishi va butunlay oqlanishini ich-ichidan xohlardi.
2018-yilga kelib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Rustamjonga ham umid bag‘ishladi. Aniqrog‘i davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “Bugungi kunda yurtimizda inson huquq va erkinliklarini qonuniy himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar qilinmoqda. Jumladan, shaxsni ayblashda qonunga zid usulda olingan ma’lumotlardan dalil sifatida foydalanganlik uchun qat’iy javobgarlik belgilandi. Fursatdan foydalanib, yana bir bor takrorlayman: sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida — poklik hukmron bo‘lishi kerak”, deya ta’kidlagan fikrlaridan ruhiy quvvat olib, himoyachisi — O‘zbekiston tumanidagi “Adolat formulasi” advokatlik byurosi advokati Baxtiyorjon Tillaboyev bilan birga Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudiga kassatsiya shikoyati berdi. O‘z shikoyatida o‘sha paytdagi harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emasligi sababli oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.
Kassatsiya sudi majlisida ayon bo‘ldiki, birinchi instansiya sudi R.Hakimovga oid jinoyat ishini ko‘rishda isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni sinchkovlik bilan har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqmasdan, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan dalillarni to‘plamasdan hamda mavjud dalillarga tegishli huquqiy baho bermasdan, uning aybdorligiga oid shubha va qarama-qarshiliklarni bartaraf etmasdan, faqat sudlanuvchini ayblash nuqtayi nazaridan, shoshma shosharlik bilan, biryoqlama sud tergovi o‘tkazib, uni Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddalariga muvofiq asossiz ravishda aybdor deb topgan.
Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasida ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagan bo‘lsa, uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa, uning sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmasa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi aybsiz deb topilishi va reabilitatsiya etilishi lozimligi belgilangan. Binobarin, 2019-yil 24-yanvarda bo‘lib o‘tgan kassatsiya sudi majlisida jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 2012-yil 28- maydagi hukmi bekor qilinib, R.Hakimov aybsiz deb topildi va oqlandi. Shuningdek, sud ajrimida unga reabilitatsiya qilinishi munosabati bilan o‘ziga yetkazilgan mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyon yuzasidan JPKning 304—312-moddalari tartibida sudga murojaat qilish huquqi ham tushuntirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi 7 yildan so‘ng adolatni yuzaga chiqarib, Rustamjon Hakimov va oilasining sha’nini himoya qildi, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘, hamkasblari va yor-u do‘stlari oldida yuzini yorug‘ qildi.
— Ayni paytda yana jonajon maktabim, qadrdon hamkasblarim qurshovidaman. Men bilan sodir bo‘lgan noxush voqea va yakundagi adolat tantanasi yurtimizda chindan ham o‘qituvchilar sha’ni, qadr-qimmati yuksalayotganidan darakdir. Bu voqeadan keyin yanada katta shijoat bilan ishga kirishdim. Maktabimizni yetakchi ta’lim muassasasiga aylantirishga bor kuch-quvvatim, salohiyatimni bag‘ishlayman, — deydi Rustamjon.
Xurshid SULTONOV, jurnalist