Mikrohudud nazorati o‘qituvchining vazifasiga kiradimi?
Gazetamizda “Mikrohudud yoxud o‘qituvchilar nega sarson bo‘lmoqda?” (2018-yil 19-dekabr) sarlavhali maqola chop etilgach, pedagoglar maqolada yoritilgan muammoga mutasaddi tashkilot rahbarlaridan ijobiy javob kutishgan edi. Ammo amalda bunday bo‘lmadi.
“Telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhi a’zolarining aytishicha, ayrim maktab rahbarlari ushbu maqolani hududiy XTBning mas’ul xodimlariga ko‘rsatib: “Mikrohududni nazorat qilishni o‘qituvchi zimmasidan soqit qilish kerakligi haqida matbuotda yozilibdi”, deyishganida “Vazirlik belgilagan ko‘rsatmalarni o‘zimizdan-o‘zimiz bekor qilolmaymiz” tarzida javob olishgan.
“Ma’rifat” mushtariylari” guruhidagi o‘qituvchilarning fikrlari ba’zi joylarda islohotlar o‘z samarasini berayotgani, ayrim hududlarda esa eskicha qarash va tartib-qoidalar hamon saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Quyida ushbu yozishmalardan namunalar keltiramiz.
GULI 0505:
— Bir yilda ikki marta o‘zimizga biriktirilgan “ko‘p qavatli uy”larni aylanib chiqamiz. Ba’zi oila vakillarini uydan topish uchun ikki-uch marta qatnashga to‘g‘ri keladi. Mikrohududimizda yashaydigan, ammo boshqa hududdagi maktablarda o‘qiyotgan o‘quvchilardan har birining maktabiga borib, ma’lumotnoma olib kelishimiz, yana har xil jadval to‘ldirishimiz kerak. Yaqinda menga biriktirilgan ko‘p qavatli uylarda nechta o‘zbek va rus millatiga mansub oila yashayotgani, farzandlari qaysi maktabda tahsil olayotganini jadval tarzida yozib berdim. Buning ustiga tuman xalq ta’limi bo‘limidan ham har xil topshiriqlar, buyruqlar keladi. Direktor shu jadvalni to‘ldirib bermayapsizlar, deb e’tiroz bildiradi. Bu bir-ikki kunda bitadigan ish emas. Matematika darsini tashlab jadval to‘ldirdim. Majburlab turgandan keyin darsni tashlab, uyma-uy aylanamiz. To‘g‘ri, maktabda qog‘ozbozlik tugatilgan. Endi uyma-uy yurib, jadval to‘ldirish uchun ko‘cha kezishimiz ham barham topishini judayam xohlardik.
Binafsha:
— Menga yangi mikrohudud biriktirildi. Hammasini aylanib chiqishga ancha-muncha vaqtim ketdi. Meni qiynagan narsa — darsimni o‘tib, xonadonlarni aylanishga ketaman. Ammo bu payt ko‘pchilik uyda bo‘lmaydi. Kechqurun borish qiyinchilik tug‘diradi. Chunki boshqa tumanda yashayman. Hamma ma’lumotlarni olib bo‘lganimda, yana yangi jadvallar keladi. Ularni to‘ldirish uchun mikrohududni qaytadan aylanib chiqish kerak. Har bir oila a’zolarining pasport va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi raqamini yozib olishimiz uchun hamma uyida bo‘lishi kerak. Yana uy hujjatini qachon olgani haqidagi ma’lumotni ham yig‘amiz. Ba’zan bu odamlarning g‘ashini keltiradi.
Ashurova Gulchehra:
— Termiz shahrida o‘qituvchilar hech qanday qo‘shimcha ishga jalb etilmayapti. Jimjitlik. Hatto g‘alati bo‘lar ekan. Chunki o‘qituvchilardan yillar davomida foydalanildi. Oliy ma’lumotli farroshga aylangan edik... Hozir bezovta qilishmayapti... Mikrohududga ham chiqarishmayapti.
Zuhra:
— Bu yil maktabda ish boshladim. Bizni ham mikrohudud nazorati qiynab yuboradi. O‘qituvchilar hududlarni aylanib, aholiga kadastr hujjatlarini mahalla fuqarolar yig‘ini idorasiga olib chiqish haqida xabar berib yurishdi. Direktorga yuqoridan buyurishadi, u esa o‘qituvchiga buyuradi.
O‘qituvchining xayoli faqat dars o‘tish, bilim berish, o‘z ustida ishlash bilan band bo‘lmas ekan, ta’lim sifati biz orzu qilgan darajaga yetishi dargumon. O‘qituvchi zimmasida ortiqcha yuk bo‘lib turgan mikrohududni nazorat qilish majburiyatidan ozod etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Biz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislariga murojaat qildik va vazirlikdan quyidagi mazmunda javob xati oldik:
“Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida umumiy o‘rta ta’lim majburiy ekanligi belgilangan. Maktab yoshidagi (7—18 yoshli) bolalarni majburiy umumiy o‘rta ta’limga jalb etish, ularni to‘liq maktabga qamrab olish ishlari umumta’lim maktablariga yuklatilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizomning 41-moddasida “Umumta’lim muassasasi rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni o‘z vaqtida umumta’lim muassasasiga o‘qishga jalb qilish uchun mas’ul hisoblanadi. Maktab yoshidagi bolalarni umumta’lim muassasasiga jalb etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi” deb belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida umumta’lim muassasasi pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinganligi bois, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarorining yangi tahrirdagi variantida bu bandni chiqarib tashlash taklifi berilgan”.
Zilola MADATOVA tayyorladi.