Prezident maktablariga saralash haqqoniy bo‘lsin!
Ta’lim sohasida katta o‘zgarish va islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda qator ijtimoiy tarmoqlarda tizimdagi yangiliklar ta’limga befarq bo‘lmagan kishilar tomonidan muhokama qilinyapti. Xususan, gazetamizning telegramdagi «Ma’rifat mushtariylari» guruhida va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Prezident maktablari borasidagi turfa qarashlarni uchratyapmiz. Bu fikrlarning barchasi ta’lim ravnaqi va farzandlarimiz kamoli xususida qayg‘urib aytilgani bilan ahamiyatli.|
Ravshan Matmusayev:
— Qachonki, faqat miqdorga e’tibor kuchaytirilsa, sifat o‘z-o‘zidan tushadi. Shunday ekan, bu maktablarni birdan ko‘p joylarda tashkil qilmay turib, malakali kadrlar bilan “kuch yetgancha” ochish kerak, degan fikrdaman. Avval aniq andoza yaratilib, keyin asta kengayish yo‘lidan yurish lozim.
Asliddin Alimardonov:
— Ta’lim tizimini bu usulda tabaqalashtirish shu paytgacha o‘zini nechog‘lik oqladi?
Bu masalada har yili xalq ta’limi tizimida o‘tkaziladigan fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlarni nazardan chetda qoldirmaylik. Tabiiyki, sharoiti va o‘qitish darajasi yuqori bo‘lgan Prezident maktablarining o‘quvchilari boshqalardan bir bosh baland bo‘lib qolaveradi. Natijada har yili olimpiadaning sovrindorlari o‘sha maktablarning o‘quvchilari bo‘lib chiqadi. Bu holat boshqa ta’lim maskanlari auditoriyasiga ma’naviy tushkunlik (oldindan taslim bo‘lishga moyillik) bag‘ishlamay qolmaydi.
Men ham mustaqillikning dastlabki davridagi shunga o‘xshash maxsus maktab-internatda o‘qiganman. Tumanimiz bo‘yicha eng birinchi kompyuter bizning maktabga berilgan. Boshqalarga esa...
Xullas, tarix fani bo‘yicha olimpiadaning viloyat bosqichida test savollari kompyuterlashgan tizimda o‘tkazilgan. Bir kun avval esa yotoqxonada boshqa bir oddiy maktabdan kelgan “vunderkind” nazariy savollar bo‘yicha hammamizni “mot” qilib tashlagan edi. O‘sha bolaga ichki bir havas qilganim-da rost. Biroq ertasiga kompyuterni bilmaydigan o‘sha bola texnik sabab tufayli atigi 12 ball olgan...
O‘shanda ta’limiy tengsizlikdan dilim qattiq og‘rigan. O‘sha bolaning “Bizning maktabda ham kompyuter bo‘lganda edi...”, deya o‘kirib yig‘lagani hech xayolimdan ketmaydi.
To‘g‘risi, muammoni kompleks hal etish variantini bu tarzda imtiyozli parchalarga bo‘lib yuborish faqatgina muayyan qatlam manfaatlariga xizmat qiladi, xolos...
Ta’lim sohasi aniq konsepsiyali, xatolardan xoli (xorijda o‘z isbotini topgan) konservativ yondashuvni talab qiladi. Uning islohot mevasi kamida yigirma yillab kutiladi. Bu xuddi xechechuri nokiga o‘xshash. Agar niholni noto‘g‘ri tanlab qo‘ysangiz, o‘n ikki yil ko‘kka sovurildi, degani. Men ham ta’lim sohasidagi bir islohotning mevasiman. Uning qayerida noto‘g‘ri ketgani menda o‘z aksini ko‘rsatib turibdi, tengqurlarim kabi. Illo, rahbarlarga ham qayerda xatolik o‘tgani kaftdek ma’lum. Tabaqalashtirish o‘zini ko‘pam oqlamagani, bir hovuch iqtidorli kadrlar katta islohotlar payti son jihatdan kamlik qilib qolishini hozirgi vaziyatimiz ko‘rsatib turibdi.
Bizning tiynatimiz baribir sharqona. “Prezidentskiy” desa o‘zimizni o‘qqa-cho‘qqa uramiz. Agar omadi kelib, farzandimiz o‘sha yerda o‘qisa, tarbiyasini ham “Prezidentskiy” qilishga, kunda “sen boshqalardan ajralib turishing kerak, axir, Prezidentning maktabida o‘qiyapsan” qabilidagi o‘gitlarga to‘ldirib tashlaymiz. Oqibatda sun’iy elitlashtirish tendensiyasi avj olib ketadi. Ta’lim yaxlit mexanizmga aylanmas ekan, bu kabilarning bari befoyda. Prezident ta’lim muassasalari singari imtiyozli detektorlar ta’limning yuqori bosqichlarida, masalan, oliy ta’limdan keyingi yo‘nalishlarda bo‘lishi kerak.
Gulbahor Tilovova:
— Shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda maktablarda shunday iqtidorli bolalar borki, ular bilan alohida ishlaydigan ustozlar kerak. Ba’zi maktablarda bu bolalarning o‘sish darajasiga javob bera oladigan munosib o‘qituvchilar yo‘q. Ular ulg‘aygan sari o‘qituvchisining ilmiy saviyasidan qoniqmay qoladi. Iqtidorli bolani o‘z darajasiga qarab o‘qitish va yo‘naltirish katta samara beradi. Faqat bunday maktablarga bolalarni qamrab olishda tanish-bilishchilik, korrupsiya aralashmasligi kerak.
Dildora Muhiddinova:
— Prezident maktablari har bir viloyatning chekka qishlog‘ida ham qurilishi kerak. Demokratik jamiyatda barcha fuqarolar teng huquqqa ega. Kuchli mutaxassis qishloq sharoitida ham ishlab, natija ko‘rsatsin.
Dilfuza Sodiqova:
— Respublikadagi barcha davlat maktablarining ahvolini yaxshilash, o‘qituvchilar malakasini oshirish kerak. Bu masala katta islohot talab etadi. Prezident maktabi xalqni tabaqalashtirishga sabab bo‘lmasmikan? Har bir inson farzandiga eng yaxshisini ravo ko‘radi, lekin hammaning moddiy imkoniyati bir xil emas. Hozirgi kunda oddiy davlat maktablarida dars jarayoni yuqori saviyada emas. Ko‘pincha bolalarim uyga kelib, o‘qituvchimiz kelmadi, dars bo‘lmadi, deyishadi. Maktablarda ta’lim sifati yuqori bo‘lganida Prezident maktablariga ehtiyoj qolmasdi. Ayrim ota-onalar bu maktablarda farzandini o‘qitish uchun imkon topolmayotganidan siqilmasdi. Axir, bu maktablarda ta’lim ingliz tilida olib borilsa, demak, bolangizni tayyorlash uchun kamida ikki yil eng yaxshi repetitorga mablag‘ ajratishingiz kerak. Bunga ba’zi iqtidorli o‘quvchilarning oilasida imkoniyat bo‘lmasligi mumkin.
Murodjon Ubaydullayev :
— Mazkur ta’lim dargohlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun ingliz tilini bilish talab etildi. “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida ingliz tilini o‘rganishda yordam beruvchi bir qancha internet saytlari ro‘yxati keltirildi. Biroq bu saytlardan foydalanish imkoni bo‘lmagan qatlam yurtimizda ko‘pchilikni tashkil etadi. Sababi, chekka qishloqlarda internet yo‘q. Ota-onalarning qo‘shimcha repetitor yollashga ham moddiy imkoniyati yetarli emas.
Xolmurod Soriyev:
— Prezident maktabiga o‘quvchilarni saralab olishda adolat birlamchi bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, saralashgacha bo‘lgan tayyorgarlik jarayoni uchun sharoit ham teng bo‘lishi lozim. Respublikamizning ko‘p tumanlarida, xususan, Nurobod, Qo‘shrabot, Tomdi, Konimex va boshqa cho‘l va dasht hududlarida ingliz tili o‘qituvchilari yetishmasligi katta muammo. Ba’zi maktablarda ingliz tili o‘qituvchisi umuman yo‘q. Ustiga ystak, bu hududlarda soha bo‘yicha o‘qiyotganlar ham yo‘q. Agar shu muammo hal etilmasa, yaqin bir necha yil ichida hududlar bo‘yicha katta tafovut yuzaga keladi. Eng yomoni, chekka qishloq aholisi farzandlari barcha sohada bilimsiz bo‘lib qolaveradi. Pirovardida, muvozanat buziladi.
Ilhombek Fozilov:
— Tabaqaga ajratgandan ko‘ra barcha maktablarda ta’lim sifatiga e’tibor berilsa, xalqning ilmli qatlami ko‘payardi. Prezident maktablari ham sekin-asta tanish-bilishchilik yo‘liga o‘tib ketmasligiga kafolat bormi?..
Faxriddin Farhodovich:
— Ixtisoslashgan maktab dedik, bo‘lmadi, xususiy maktab dedik, bo‘lmadi. Bir chora qoldi — Prezident maktabi. Shu orqali haqiqiy iste’dodlilarni saralamasak, bunga Prezident darajasida e’tibor qaratilmasa, boshqa chora qolma-di-da.
Sharif Xudoyberdiyev:
— Loyiha zo‘r. Qancha hur fikrli, erkin va jamiyatni yetaklovchi bolalar tayyorlanishini tasavvur qilyapsizmi? Faqat til emas, dunyoqarash ham rivojlanishi hisobga olinsa, bu bolalar kelajakni o‘zgartira olishiga ishonaman.
Shahlo Yo‘ldosheva:
— Xorijiy tillarni chuqur o‘rganishga qaratilgan islohotlar boshqa fanlar o‘qitilishiga ham yo‘l ochadi. Ingliz tili bo‘yicha internetdagi ta’limiy resurslarni ko‘zdan kechirib, biz, ona tili fani o‘qituvchilaridagi havas yanada kuchaydi. Shu kabi resurslar ona tilimizda ham ko‘paysa, qanday soz bo‘lardi. Ona tili ta’limi uchun elektron resurslarni yaratish g‘oyasi bilan yashayotganlar mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham bor. O‘z ta’limiy metodlarimiz, resurslarimiz ustida ham qayg‘urmasak, ertaga Prezident maktablarida dars bera boshlaydigan xorijlik o‘qituvchilar oldida ona tili, tarix kabi fanlardan dars beruvchi mahalliy o‘qituvchilarimiz mulzam bo‘lib qolishi mumkin.
Dildor Nurmuhamedova:
— Jahon tili — ingliz tilida dars o‘tishning nimasi yomon? Bolalarimiz bitta bo‘lsa ham jahon tilini o‘rganishi milliy tarbiyaning yo‘qolishi degani emas-ku! Millat bor ekan, til yashaydi. Kishi o‘zga tilni o‘rganish bilan o‘z ona tilini unutmaydi. Necha asrlik qadriyatlar o‘sish barobarida yanada qadrlanib boraveradi.
Biz ham qishloqda o‘sganmiz. Hammaga bir xil sharoit bo‘lsin, deyish xudbinlik emasmi? Bu birdan bo‘lmasligini hamma yaxshi biladi. Eng rivojlangan davlatlarning har bir burchagida xuddi markazlardagi kabi sharoit bor deb o‘ylaysizmi? Har bir ishning xayrli natijasi bo‘ladi. Ertaga farzandlarimiz jahonga chiqa oladigan inson bo‘lib yetishsa, davlat taraqqiyotining kafolatini ta‘minlaydi.
“Ma’rifat” muxbiri Zilola MADATOVA tayyorladi.