Quva tumanidagi 50-maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv muassasasiga qaytarildi
“Ma’rifat” gazetasining 2018-yil 19-sentabr sonida Quva tumanida joylashgan 50-maktab filialining yer maydoni tadbirkor tomonidan noqonuniy egallab olingani haqida tanqidiy maqola e’lon qilingan edi. Oradan besh oy o‘tsa hamki, bu masala ijobiy yechim topmadi. Shu bois, tahririyat ushbu mavzuga qaytib, gazetaning 2019-yil 6-mart sonida “Direktor nega sarson qilinmoqda? Yoxud bir parcha yer mojarosi” sarlavhali navbatdagi maqola e’lon qilingan edi. Shundan so‘ng, 50-maktabdagi ushbu muammo mutasaddilarning e’tiboriga tushdi va masala ijobiy yechim topdi.
Bugun 19-mart kuni Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv muassasasiga qaytarilgan.
2018-yilning 20-iyunida Quva tumani hokimi maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino inshootlarini o‘quv muassasasi rahbari qarshiligiga qaramay tuman hokimligi zahirasiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi. Qaror Quva tumani xalq ta’limi bo‘limi bilan kelishilmagan holda qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-fevraldagi 122-sonli farmoyishining 1-bandida Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan davlat ta’lim muassasalarining, xususan, maktabgacha ta’lim, o‘rta-ta’lim, kasb-hunar ta’limi muassasalarining mol-mulki, bino va inshootlari hamda yer maydonlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorisiz tashkilotlarga berish yoki ta’lim jarayoniga tegishli bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish qat’iyan man qilingan.
Shunga qaramay, Quva tumani hokimiyati yer maydoni va qo‘shimcha bino inshootlarini mahalliy tadbirkorga foydalanishga topshirgan.
Maktab ma’muriyati Ma’muriy sudiga mazkur qarorni bekor qilish bo‘yicha murojaat qildi. Sudning birinchi instansiyasi hokimiyat foydasiga qaror chiqargan bo‘lsa, kassatsiya instansiyasi hokimiyatning qarorini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Farg‘ona viloyati Қува tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori N.Mahmudov va Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatov sud jarayonida Xalq ta’limi vazirligiga yordam so‘rab murojaat etdi.
Xalq ta’limi vazirligi tegishli choralar ko‘rib, Farg‘ona viloyat prokuraturasiga murojaat qildi. Vazirlik va prokuratura vakillari maktabning qo‘shimcha bino inshootlari hamda yer maydonlarini maktab ixtiyorida qoldirishga yordam berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining 3-bandiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq ta’limi muassasalari hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlashlari lozim.