Diydor, ehtirom, havas va e’zoz
Darvoza tomondan kelgan ovoz ayvonda o‘tirgan Jo‘ra boboni sergak torttirdi.
— Bobo, uydamisiz?!
Boboning ko‘ngli yorishib ketdi:
— Uydaman, uydaman, kelaveringlar!
Darvozadan birin-ketin mehmonlar kirib kelishdi. Jo‘ra boboning bukilibroq qolgan qaddi birdan tetiklandi, cho‘kib qolgan ko‘ngli tog‘dek o‘sdi, ruhi yuksaldi. Ko‘rishgach, odatdagidek yigitlar darrov qo‘llariga ketmon, panshaxa olib tomorqa yumushlariga, qizlar esa supur-sidirga kirishib ketishdi.
— Jo‘ra bobo qishlog‘imizning eng keksa, nuroniy kishilaridan, — deydi Kogon tumanidagi 5-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilorom Yusupova. — Yoshi to‘qsondan oshgan otaxonni o‘quvchilar bilan birga tez-tez yo‘qlab turamiz. Yoshlarimizga keksa avlod vakillariga mehr ko‘rsatish, ularni e’zozlash, qadrlash burchimiz ekanligini anglatishga harakat qilamiz.
Shu kuni Buxoro shahridagi 20-maktab o‘quvchilari Suxor qishlog‘ida istiqomat qilayotgan faxriy pedagog Baqo Hafizovni ham ziyorat qilishdi. Uzoq yillar maktabda o‘qituvchilik qilgan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan otaxonning bu yo‘qlovdan boshi osmonga yetdi.
* * *
Toshkent shahridagi 153-maktabning “Jasorat” klubi a’zolari sinf rahbari Gullola Rahimova bilan birga 95 yoshli otaxon Tarag‘ay Safarbekov va 85 yoshli Buviniso Safarovani Navro‘zi ayyomi bilan tabriklab, sovg‘a-salomlar ulashishdi. Ular har bir bayram arafasida bu xonadonga kelishadi va nuroniylarning hayotiy hikoyalarini tinglashadi. Bugun ham barcha ishlar saranjom-sarishta bo‘lgach, hamma jam bo‘lib, shirin suhbat qurishdi. Ular qiyinchilik bilan o‘tgan yoshlik davrlarini xotirlashdi.
— Qaynonam va qaynotamning mehnatkashligi, samimiyligi, tinchlikni qadrlashi bizga ibrat bo‘lmoqda, — deydi pedagog Maxpirat Safarova. — Hozirgacha ularning o‘rtasida hurmat va e’zoz sezilib turadi.
* * *
Tongni yaxshi kayfiyatda qarshilagan aya hovlisidagi gullagan daraxtlarga qarab dili yorishdi. Nonushta payti piyolasidagi choyga ko‘zi tushgach, yuragi bir hapqirib qo‘ydi. Agar shu belgi rost bo‘lsa, bugun mehmon keladi...
Tushga yaqin darvoza taqilladi. Aya uni ochgan edi yosh hamkasblari va o‘quvchilar qurshovida qoldi. Har ayyom arafasida maktab direktori Muzaffar Mo‘minov boshchiligidagi qadrdon maktabi pedagoglari ayani yo‘qlab kelishadi.
Navro‘zi olam bahonasida uyushtirilgan diydorlashuv ustoz-shogirdlarning qizg‘in suhbatiga ulanib ketdi. Salkam 40 yillik umrini ta’limga baxshida etgan Mavluda aya boshlang‘ich ta’lim muallimasi sifatida Uychi tumanidagi 5-maktabda ko‘plab yoshlarga xat-savod o‘rgatdi.
— Maktabimizda uzoq yillar samarali mehnat qilib, nafaqaga chiqqan 25 nafar faxriyimiz va bolalikdan nogiron ikki nafar o‘quvchini har bayram oldi yo‘qlashni odat qilganmiz, — deydi direktor Muzaffar Mo‘minov. — Pedagoglar jamoasi juda ahil va oqibatli. Mana shu fazilatlar ko‘hna va navqiron ayyom Navro‘z arafasida yaqqol namoyon bo‘ladi.
G‘anisher Akbarov,
Iroda Oripova