Xalq ta’lim vaziri o‘zi tahsil olgan maktabga kitoblar sovg‘a qildi
Xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatov 25-mart kuni Olmazor tumanidagi 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qildi.
Vazir o‘zi tahsil olgan o‘quv muassasasiga sovg‘a qilgan kitoblar asosan, o‘g‘il-qizlar ma’naviyatini yuksaltiruvchi adabiyotlardan, ya’ni qiziqarli ertak, shuningdek, o‘zbek va jahon adabiyoti namunalaridan iborat.
– Kitob – bilim bulog‘i. Insonning ma’naviy ulg‘ayishida kitob muhim ahamiyat kasb etadi. Farzandlarimiz qalbida kitobga nisbatan mehr-muhabbatni yanada kuchaytirish, ularda mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishimiz lozim, – dedi Sherzod Shermatov.
Eslatib o‘tamiz, 19-mart kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni targ‘ib qilish masalalari atroflicha muhokama qilingan edi.
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish borasida “Har bir rahbar o‘zining shaxsiy kutubxonasidan o‘zi ta’lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilsa, bu yaxshi tashabbus bo‘lib, kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, deya ta’kidlagan edi.
Xalq ta’limi vazirligi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi va barchangizni unda ishtirok etishga chorlaydi, deyiladi vazirlik axborotida.