CHQBT fani o‘qituvchilari maoshi nega oshirilmadi?
“Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimi isloh qilinib, jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish maqsadida muallimlarga imtiyoz va imkoniyatlar berildi.
Prezidentimizning 2018-yil 14-avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarining oylik ish haqi oshirildi. Ammo o‘qituvchilar, direktor va uning o‘rinbosarlari, ARM xodimlari va kutubxonachilar, psixologlar qatoridan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilarining e’tibordan chetda qolganini tushunolmayapmiz. Hozir maktabdagi mutaxassis o‘qituvchi ham 2 million 400 ming so‘m maosh olyapti. Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari esa buning yarmini oladi. Shu holatni kuzata turib, dilimizdan bir gap o‘tadi — biz xalq ta’limi xodimi hisoblanmaymizmi?
Aslida biz ham boshqa pedagoglar qatori izlanamiz. Yil davomida Xalq ta’limi, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklariga hisobot beramiz. Shu uch vazirlik ko‘rsatmalariga ko‘ra faoliyat yuritamiz. Shunday ekan, bu fan o‘qituvchilari ham boshqalar qatori ish haqi olishi lozim.
Maktab ta’lim tizimida erkak o‘qituvchilar sonini oshirish, o‘g‘il bolalar ta’lim-tarbiyasida ularning beqiyos o‘rni borligi bot-bot ta’kidlanayotgan bir paytda bizning 1 million 200 ming so‘m ish haqi olayotganimiz mantiqan to‘g‘ri emas. Erkak o‘qituvchilar ro‘zg‘or tebratishi, oila ta’minotini bo‘yniga olishi kerak. Maoshidan qoniqmaslik esa ularning ishtiyoqini so‘ndiryapti. Shu bois, tegishli tashkilotlar chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilarining oylik maoshini oshirish masalasini ham ko‘rib chiqishlarini so‘raymiz”.
Ushbu arizaga Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablarining 13 nafar ChQBT fani o‘qituvchisi imzo qo‘ygan bo‘lib, biz mavzu doirasida Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari fikri bilan qiziqdik.
— Haqiqatan ham, bu fan o‘qituvchilari iste’fodagi harbiy xizmatchilar bo‘lgani uchun ularga dars soatlari juda kam ajratilgan, — deydi Xalq ta’limi vazirligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar sho‘basi mudiri Anvar Umarov. — Xalq ta’limi vazirligi tizimi davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi. Shu sababli tizimda oyliklar bosqichma-bosqich oshirilmoqda. Keyingi bosqichlarda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari oyliklari ham oshiriladi.
Z.MADATOVA tayyorladi.