Ta’lim mamlakatni o‘zgartirishi kerak
Davlatning har jihatdan rivojlanishida ta’lim hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar ta’lim tizimida ham aks etmoqda. Biroq bu o‘zgarishlar hali ta’lim mazmuniga yetib borganicha yo‘q. Masalan, o‘qitish tizimi avvalgidek imtihon topshirish uchun yo‘naltirilganicha, tinimsiz yod olish ta’lim uchun asosiy yondashuvligicha qolmoqda. O‘quvchi-talabalarning bilim va ko‘nikmalarini tahlil qilishda sinov ballari birlamchi mezon sifatida qo‘llaniladi. Yoshlar yuqori test ballari muvaffaqiyatga erishishning garovi, deb ishonishga majbur. Oqibatda butun ta’lim tizimi avtoritar ahamiyat kasb etgan.
Kitobdan olingan bilimga asoslanib baho qo‘yish hali ham amalda. Darslikdan yodlangan bilimni namoyish qilish, hech bo‘lmasa, keyingi avlod o‘quvchilari uchun bekor qilinishi kerak. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalar yordamida bilim olish usullarini ham o‘rganishimiz kerak. Ayniqsa, internetni chetlab o‘tib bo‘lmaydi!
O‘qituvchilar ijodkorlik va innovatorlikning muhimligiga urg‘u bermayotir. Ular iqtidorli bolalarni kashf qilish haqida ko‘p qayg‘urmaydi. O‘quvchilarning yodlashda nechog‘lik yaxshi natijalarga erishayotganini ko‘rishni xohlashadi, xolos. Natijada ko‘plab o‘quvchilarning ijodkorlik qobiliyatini yo‘qqa chiqarayotgan bu holatdan chiqib ketish imkoni yo‘qday tuyuladi. Shu sabab ham ko‘plab ota-onalar bolalarini davlat maktablarida emas, balki xususiy o‘qituvchilar- (repetitor) qo‘lida o‘qitishni afzal ko‘radi.
Maktab va universitetlarda iqtidorli o‘quvchi va talabalarni aniqlash uchun muhokama, mashq va tadqiqot usullariga e’tibor berilmaydi.
Bilim ko‘nikma bilan kerakli
Xitoy va Singapur kabi rivojlangan mamlakatlar ta’limida asosiy e’tibor ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu usul yordamida bu davlatlar sanoat rivojida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Biroq dunyoning boshqa mamlakatlarida ko‘nikmalarni rivojlanitirishga bo‘lgan ehtiyoj bilan o‘quvchi-talabalar olayotgan ta’lim orasida juda katta farq bor. Ta’lim tizimi bilim olishni kafolatlaydi, biroq talabalar bilimini qo‘llashi uchun texnik ko‘nikma va malakalarni o‘rganishda siljish sezilmayapti.
O‘zbekistonda bolalarni rag‘batlantiruvchi va ularning o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantiruvchi ta’lim tizimi yo‘q. Demak, bizga nazariy bilimlar bilan birga, amaliy va kasbiy ta’limni nazarda tutadigan o‘quv dasturi kerak.
O‘qituvchiga yordam zarur
Joriy ta’lim tizimi talabalarga o‘zi yoqtirgan innovatsiya va loyihalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatmaydi. Ta’lim faqat “universitetga bor, umuman xabaring bo‘lmagan yo‘nalishni tanla, diplom olib, universitetni tamomla” degan fikrga asoslangandek.
O‘quvchi-talabalar shunchaki o‘rganish va ko‘rsatilgan o‘quv dasturini tugatish uchun o‘qishga qatnashadi. Ular nega maktabga qatnashi va o‘zi tanlagan kursni nega o‘tayotgani haqida to‘liq tushunchaga ega emas.
Ta’limni muvaffaqiyatga eltuvchi vositaga aylantirmoqchi bo‘lsak, joriy tizim o‘qituvchilarga ko‘mak berish masalasiga jiddiy e’tibor qaratishi lozim. Yoshlar o‘rganayotgan mavzularida ma’no, nafni va o‘rganishga arzigulik mazmunni ko‘rsalargina, ularda o‘rganishga qiziqish uyg‘onadi. O‘qituvchilar ma’lumotlarni mana shunday maqsadda yetkazishlari kerak.
Hozir o‘qituvchilarni ishga olish, yangi ta’lim inshooti qurish, xalqaro konferensiya hamda seminarlar o‘tkazish va hokazolarni tashkil qilish kabilar uchun universitetlarimizga moliyaviy yordam kerak. Chunki ta’lim sohasidagi islohotlar uchun yetarlicha mablag‘ topish qiyinlashib ketdi.
Boshqa nuqtayi nazardan qaralsa, o‘qituvchi-talaba nisbati past va bu talabalar sonining oshishiga ta’sir qilmoqda. Oqibatda, universitetlarda berilayotgan ta’limning sifati ham so‘roq ostiga olinmoqda. O‘qitish va o‘quv materiallarining sifati va saviyasi yetarli darajada emas.
Nogiron yoki kambag‘al talabaga qiyin
Ta’lim olish dunyoning har qanday mamlakatida umuminsoniy huquqligini barchamiz bilamiz. Afsuski, jismoniy nuqsoni mavjudlarga bu asosiy huquqdan foydalanish imkoni deyarli berilmaydi. O‘qituvchilardan risoladagiday dars olishning imkoni yo‘qligi, diskriminatsiya va salbiy munosabat kambag‘al va nogiron o‘quvchilarni ta’lim olish huquqidan mahrum qiladi.
O‘zbekistondagi ta’lim tizimi mamlakatni o‘zgartirishini xohlasak, o‘quv dasturini yagona hal qiluvchi omil, deb tushunishni bas qilish kerak. Universitetni bitirgan talabalarning olgan bilimini qay darajada amaliyotga tatbiq qila olishga asosiy e’tiborni qaratishimiz kerak.
Yangi texnologiyalarning rivojlanishi tufayli odamlar ta’limdan uzoqlashib ketmoqda. Ularni ayblash ham kerak emas. Zamonaviy dunyoda asqotayotgan texnik ko‘nikma va malakalarni eskirib qolgan tizim bera olmayapti va tabiiyki, odamlar kerakli ma’lumotlarni internetdan topmoqda.
Azamat AKBAROV, “Buyuk kelajak” guruhi eksperti, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori