Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovi saralash jarayoni televideniyeda namoyish etilsa…
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 6-mart sonida e’lon qilingan “Zulfiya mukofoti kimlarga berilyapti? Yoxud tanlov nizomini takomillashtirish payti keldi” maqolasini o‘qib, ta’sirlandim. Chunki bu mening ham xayolimdan kechgan fikrlarga hamohang edi.
1-sinfdan 9-sinfgacha maktabimizda a’lo baholarga o‘qigan, iqtidorli, bir necha marta “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida faxrli o‘rinlarni egallagan, 9-sinfni bitirgach, Samarqand shahridagi sanoat kollejida tahsil olgan Dinora Yo‘ldosheva 2016—2017-yillari Zulfiya mukofoti tanlovining respublika bosqichida qatnashdi. Dinora “Birinchi yili qatnashganimda, kamchiliklarim bor edi. Ikkinchi yili hujjatlarim to‘la-to‘kis, savol-javoblardan yaxshi o‘tdim. Hay’at a’zolari javoblarimdan, menimcha, qoniqdi. Mukofotni olsam kerak deb umid qilaman”, dedi.
Dinoraning juda ko‘p kitob o‘qigani, iqtidorli ijodkor, intiluvchanligini bilganim uchun men va boshqa o‘qituvchilari ham ijobiy natija kutgandik. Natijani taqdirlash marosimidan keyin bildik. Bayram kunlari Dinora va ota-onasi juda xafa bo‘ldi. “Ma’rifat” gazetasidagi maqolani o‘qib, ushbu takliflarimni yozishga qaror qildim:
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovi nizomini qayta ko‘rib chiqish, saralash jarayonini “Yosh kitobxon” tanlovi kabi televideniyeda ko‘rsatish kerak.
Chekka qishloqlarda yashovchi iqtidorli, intiluvchan, ijodkor qizlar shahar qizlaridek 4 tilni bilmasa-da, o‘zbek tilini yaxshi, ingliz tilini qisman, rus tilini ham qisman biladi, shu bois chet tilini bilishga asosiy urg’u berilmasligi lozim.
Matluba BERDIYOROVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 18-maktab kutubxonachisi