Menda taklif bor
Zulfiyaxonim nafaqat o‘zbek xalqi, balki markaziy Osiyo xalqlari qalbida chuqur iz qoldirgan iste’dodli shoira, jamoat arbobi edi. Xalqimiz uni ijodkor sifatida yaxshi taniydi va, tabiiyki, ushbu mukofotni faqat ijodkor qizlarga beriladi, deb o‘ylaydi. Mukofot atrofida paydo bo‘layotgan “she’riyatdan xabari yo‘q, soxta zulfiyachilar yasashyapti”, “zo‘rma-zo‘raki yozilgan 3-4 ta she’ri bilan mukofot olyapti” kabi turli mish-mishlarga aslida she’riyatdagi yutug‘i emas, balki sport, san’at, fan yoki ta’lim sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlari uchun mukofotlangan nomzodlar turtki beryapti.
“Ma’rifat” gazetasida e’lon qilingan “Zulfiya mukofoti kimlarga berilyapti? Yoxud tanlov nizomini takomillashtirish payti keldi” maqolasida ko‘tarilgan, kvotalar qo‘yilishi bilan bog‘liq muammo haqiqatan ham asosli.
Tanlov nizomini davr talablari nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish, e’tirozlarga o‘rin qoldirmaydigan darajada takomillashtirish lozim.
Mukofot nomi umuman iqtidorli yosh qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadini aks ettirishi va sohalar bo‘yicha alohida nomlanishi kerak:
— adabiyot, she’riyat yo‘nalishi bo‘yicha — Zulfiya nomidagi davlat mukofoti;
— san’at (tasviriy san’at, raqs, dizaynerlik...) yo‘nalishi bo‘yicha (masalan, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi) davlat mukofoti;
— fan, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat mukofoti (fan sohalaridan kelib chiqib taniqli o‘zbek olimalaridan biringing nomini berish mumkin. Aslida ham biologiya, matematika yoki tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha mukofotlanayotganlarga Zulfiya nomidagi mukofot berilishi munozarali);
— madaniyat, sport yo‘nalishi bo‘yicha davlat mukofoti (masalan, To‘maris nomidagi).
Ikkinchidan, agar bu Zulfiya nomidagi davlat mukofoti qamrovi, nufuziga ta’sir etadi degan fikr tug‘ilsa, mukofot faqat ijodkor qizlarga berilishi, asosiy maqsadi yosh ijodkor qizlarni aniqlash va rag‘batlantirish deb toraytirilishi kerak. Chunki sport bo‘yicha ham, fan, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ham iqtidorli yoshlarga imtiyoz beradigan mukofotlar (fan olimpiadalari, chempionlar va hokazo) bor.
Bir kishiga ikki imtiyoz berish shart emas. Masalan, fan olimpiadasi bo‘yicha OTMga o‘qishga kirish imtiyoziga ega qiz yana imtiyoz olishi shart emas.
Uchinchidan, mukofot yosh iqtidorli qizlarni yuzaga chiqarish uchun imkoniyat, ulardagi iste’dodini tarbiyalash uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtiyozini beradi. Shu bois OTM talabasining tanlovda ishtirok etishi shart emas. U OTMga kirgunicha shu imtiyozdan foydalansin. Negaki, oliy ta’lim tizimida qobiliyatli talabalar bilan shunday ham maxsus shug‘ullaniladi. Qolaversa, bu tizimda iqtidorli talabalar uchun magistraturada davlat granti asosida tahsil olish imtiyozini beruvchi nomdor stipendiyalar mavjud.
To‘rtinchidan, oliy ta’lim muassasiga kirish imtiyozi sohalar bo‘yicha chegaralanishi kerak:
— adabiyot, she’riyat yo‘nalishi bo‘yicha mukofotlanganlarga — filologiya yo‘nalishlari;
— san’at yo‘nalishi bo‘yicha mukofotlanganlarga — san’at, dizayn kabi yo‘nalishlar;
— fan, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mukofotlanganlarga — fan sohalaridan kelib chiqib biologiya, kimyo, pedagogika, matematika yo‘nalishlari;
— madaniyat, sport yo‘nalishi bo‘yicha mukofotlanganlarga — madaniyat, sport yo‘nalishlari bo‘yicha OTMga kirishi uchun imtiyoz berilishi zarur. Sport yo‘nalishi bo‘yicha davlat mukofotini qo‘lga kiritib, o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qiyotganlari ham bor. Beshinchidan, tanlovning boshlang‘ich bosqichlarida saralash jarayoni shaffof kechishi qattiq nazorat qilinishi lozim. Toki haqiqiy iste’dodlilar chekka hududlarda qolib ketmasin. Ushbu mukofotning asosiy maqsadi ham aslida shunday. Oxirgi bosqichga qadar faqat munosib nomzodlar yetib kelishi kerak.
Shalola RAHIMOVA, Qarshi davlat universiteti 2-kurs talabasi