Adolat va xolislik asosiy mezonimiz bo‘lsin
Inson ruhiyatining me’mori, yosh avlodning ishongan tog‘i, suyanchi sanalgan ustoz-murabbiylarga ko‘p narsa bog‘liqligi hammamizga ayon. “Fikrning quvvati, ziynati muallimning tarbiyasiga bog‘liqdir”, deb yozadi buyuk ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy. Bugun yurtimizda ta’lim va tarbiyaga ehtiyoj har qachongidan ko‘ra ortdi. Siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida kadrlarga, ta’limga e’tibor yotgani hammaga ma’lum. Respublikamizda bu borada olamshumul ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh etishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Qarorda ta’lim tizimida uchrayotgan bir qator kamchiliklar qatori OTMlarda korrupsiyaning mavjudligi ham qayd etilgan bo‘lib, uni bartaraf etish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida jiddiy ishlar olib borildi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida universitet tashkil etilgandan korrupsiyaga qarshi kurash e’lon qilingan. Hozirgi kunda universitet korrupsiyadan xoli muassasaga aylandi (shubha qiladiganlar bo‘lsa, universitetga kelib, talabalar bilan suhbatlashib, o‘zlari ishonch hosil qilishi mumkin).
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 13-mart sonida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashqi o‘rindoshlik asosida faoliyat olib boruvchi Komil Jalilovning “OTMlardagi korrupsiyaga sabab nima?” nomli maqolasi e’lon qilindi. Mutaxassisning kuyanchakligi, ayrim OTMlarda saqlanib kelayotgan korrupsiyaga barham berish uchun o‘z fikr-mulohazalarini bayon etgani ma’qul ish. Muallif chet elda tahsil olib kelgan, o‘z fikri va dunyoqarashiga ega xodimlardan. Uning bilimini hurmat qilamiz, ammo respublikamizdagi ta’lim-tarbiya tizimining ichiga kirmay turib, xorijda olingan taassurot va xatti-harakatlar asosida O‘zbekiston ta’lim tizimiga baho berish biryoqlamalikdan boshqa narsa emas.
K.Jalilov korrupsiyaning bosh sabablaridan biri sifatida sessiyaning tashkil etilishi bilan bog‘liq jarayonga e’tiroz bildirgan. “Talaba semestr davomida o‘nlab fanlarni o‘qiydi. Ularning kamida yarmi bo‘lajak kasbiy faoliyatida kerak bo‘lmasligini talaba ham o‘qituvchi ham yaxshi biladi. Keraklisining o‘qitilish sifati esa ayrim hollarda haminqadar. Chunki dars o‘tadigan o‘qituvchi vazirlik belgilagan yuklamani bajarish uchun semestr davomida bir nechta fandan kirishi va har kuni so‘raladigan hisobot-u jadvallarni to‘ldirishi shart”, deb yozadi muallif.
Chamasi, muallif OTMlardagi ta’lim-tarbiya tizimi ularning yo‘nalishidan kelib chiqqan holda, DTS, namunaviy o‘quv dasturlari, namunaviy ishchi rejalar, fan dasturlari va ishchi dasturlari asosida tashkil etilishidan va har o‘quv yili boshida shular asosida taqvim rejalar hamda shaxsiy rejalar bir marotaba tuzilishidan mutlaqo bexabar. Hozir namunaviy ishchi rejalarga kerakli fanlarni kiritish va ularning o‘quv-uslubiy majmualarini tayyorlash OTMlar ixtiyoriga berilgan. Birgina Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘quv rejasiga 50 dan ortiq yangi fan kiritildi. Talabalarning qiziqish va takliflaridan kelib chiqqan holda, axborot texnologiyalari bo‘yicha qator fanlar qo‘shildi. Mazkur fanlardan ayni paytda sohaning yetakchi mutaxassislari dars bermoqda. Muallif o‘zi faoliyat olib borayotgan kafedradagi holatdan ham yaxshi xabardor emasga o‘xshaydi. Uning “O‘qituvchining darsga tayyorlanishga vaqti qolishi gumon”, “Auditoriyaga kirib bir paytlar o‘qigan, eshitganlari bilan talabani avrashga majbur”, “Talabada mustaqil kitob yoki ilmiy adabiyot titkilashga na vaqt, na hafsala bor” qabilidagi gaplari bir necha yillar ilgari ta’lim-tarbiya tizimiga nisbatan aytilgan. Bugungi kunda OTMlarda amalga oshirilgan katta ijobiy o‘zgarishlarni sezib-sezmaslikka olish noto‘g‘ri. K.Jalilov haftada 1-2 para dars o‘tib, universitet hayotidan xabardor bo‘lmasa, o‘zi ta’lim tizimida tasodifiy odam bo‘laturib, ta’lim uchun “jon kuydirayotgani” kishida savol uyg‘otadi.
OTMlarda uchraydigan navbatdagi kamchilik sifatida muallif talaba bilimini baholashda aniq mezonlar yo‘qligini, oraliq va yakuniy nazoratlar haqida talabalarda aniq tasavvur hosil qilinmasligini aytadi. Har bir fan bo‘yicha yil boshida tuziladigan ishchi rejalarning umumiy holatiga shubha bilan qaraydi. Oraliq va yakuniy nazorat uchun tuziladigan savollarning mohiyatini o‘zicha talqin etadi. Holbuki, oraliq va yakuniy nazorat savollari kafedrada muhokama etilib, mudir va fakultet dekani tomonidan tasdiqlanadi. K.Jalilov yo bularni bilmaydi, yo o‘zi dars olib borayotgan fanlardan shunday me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlamagan. Chunki uning yondashuvi ta’lim tizimini bilmaydigan, o‘zi muayyan OTMda ishlab turib me’yoriy-huquqiy hujjatlarga amal qilmaydigan xodimning yuzaki fikrlaridir. O‘zining faoliyatiga asoslanib, respublikadagi ta’lim-tarbiya tizimi haqida xulosa chiqarish adolatli insonning ishi emas.
Talabaning topshiriqni “o‘n ikki varaqli daftar”ga “ko‘chirishi”, ba’zan “aravani quruq olib qochishi”, talaba yozganlarining “o‘qituvchining vijdoni”ga havola etilishi yoki “talabaning himmati” haqidagi gaplarda ham asos yo‘q.
Muallifning “oraliq va yakuniy nazoratlarni tekshirish uchun ajratilgan vaqt”, “o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi bahs-munozaralar”, “talabaning bahona-yu vajlari”, “guruh sardorining aralashuvi”, “shikoyatlar”, “arizalar”, “tahdidlar” haqidagi fikrlari ham OTMlardagi o‘quv-tarbiya jarayoniga amal qilmaydigan, dekanat tomonidan chiqarilgan va o‘quv bo‘limi tomonidan tasdiqlanadigan oraliq hamda yakuniy nazorat jadvallarini “mensimaydigan” “bilimdon ustoz”ning sessiya haqida o‘zicha to‘n bichishidir. Chunki shaxsan universitet rektorining qat’iy sa’y-harakatlari bilan sessiya paytida uchraydigan salbiy holatlar universitetda umuman uchramaydi. Bu haqda talabalarda tasavvur ham yo‘q “Telegram” kanali orqali talabalarning universitetdagi ta’lim-tarbiya jarayoni xususida rektorga fikr-mulohazalar bildirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Hech bir talabaning muammo va taklifi e’tiborsiz qoldirilmaydi va bu shaxsan rahbarning nazoratida.
Muallif O‘zbekistondagi ta’lim-tarbiya tizimi haqida o‘zi bilgan ma’lumotlarni emas, balki undan-bundan eshitganlarini ro‘kach qilib, maqolaning yarmida asl maqsadiga ko‘chadi — xorijdagi ta’lim tizimining afzalliklarini uqtiradi. U tavsiya etayotgan “fan bo‘yicha semestr davomida o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan tushunchalar, ko‘nikma va malakalar, fan bo‘yicha baholashga qo‘yiladigan talablar” bizda ham joriy etilgan. Har bir fan o‘qituvchisi birinchi darsida o‘quv-uslubiy majmuani har bir talabaga yetkazishi shart. Uning mazmuni yuqoridagilarni to‘la qamrab oladi. Muallifning buni ham bilmasligi ma’lum bo‘ldi.
Muallifning ikkinchi taklifini amalga oshirish uchun respublikamiz OTMlari, xususan, universitetimizda ham asos yaratib bo‘lingan. O‘quv-tarbiya jarayonining elektron shakli allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Talabaning oraliq va yakuniy nazorat ishlari sarvaraq ichiga olinib, shifrlanadi va o‘qituvchiga topshiriladi. O‘qituvchi kimning ishini tekshirayotgani ma’lum bo‘lmaydi. Joriy o‘quv yilidan boshlab fanni o‘tgan o‘qituvchi emas, boshqa pedagog tomonidan yakuniy nazoratlarni tekshirish yo‘lga qo‘yildi. Har bir fan o‘qituvchisiga elektron ta’limga qo‘yilgan baholarni kiritish uchun maxsus parollar taqdim etilgan. Qo‘yilgan bahoni to‘g‘rilash, o‘chirish vakolati hech kimda qoldirilmagan. Bu ham ma’lum ma’noda xolislikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Muallif bu jarayonlardan ham ortda qolganga o‘xshaydi.
Umuman olganda, K.Jalilovning maqolasi respublikamiz ta’lim-tarbiya tizimidan yaxshi xabardor bo‘lmagan, uning sirtida yurgan xodimning gaplaridir.
Davlatimiz tomonidan yaxshi niyatda ko‘plab yoshlar xorijga o‘qishga, malaka oshirish va tajriba almashishga yuborilmoqda. Ular qaytib kelganidan keyin chet elda o‘rganganlarini ro‘kach qilib nolishi, o‘zimizdan ayb qidirishi kerak emas, balki xorijlik hamkorlarning bilim va tajribalarini chuqur o‘rganishi, so‘ng ularni mamakatimizdagi ta’lim tizimiga joriy etishi, faqat aql o‘rgatish bilan o‘zini namoyish qilishdan voz kechib, aniq takliflarini shaxsiy namuna sifatida amalda ko‘rsatishi shart. Bu ularning zimmasidagi eng mas’uliyatli va sharafli burchdir. Buni unutgan va har narsadan hadiksiraydigan shaxsning ertaga hammadan ajralib, chetga chiqib qolishi tayin.
Sharqning buyuk donishmandlaridan sanalgan Abu Nasr Forobiy o‘z davrida: “Olim bo‘lishga ahd qilgan odam o‘z ilmini kasb qilib olmasligi va uni mol topish vositasiga aylantirmasligi lozim”, deb aytgan edi.
Bu gaplar biz — ta’lim tizimi xodimlariga ham to‘la tegishlidir. Mamlakatimizda barcha sohada ulkan islohotlar amalga oshirilayotgan, ta’lim-tarbiya tizimi butunlay yangicha o‘zanga, taraqqiyot tomon burilayotgan bir paytda, o‘zini o‘ylagan, shaxsiy manfaatini davlat va xalq manfaatidan ustun qo‘yadigan xodimlarga oramizda aslo o‘rin yo‘q.
Biz bolalarimizga yaxshi ta’lim va tarbiya bersak, ularga zamonaviy ilm-fan, texnika sirlarini o‘rgatsak, xorijiy tillardan xabardor etsak, xalqimiz tomonidan zimmamizga yuklatilgan sharafli vazifani to‘la ado etgan bo‘lamiz. Zero, davlatimiz va xalqimiz bizdan adolatli, halol va pok bo‘lishni, o‘z kasbimizga nisbatan vijdonan yondashuvni talab qilmoqda. Buni bajarish uchun bizda kuch-quvvat va bilim yetarli.
Abdulhay SOBIROV, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Leksikografiya va dialektologiya” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor