“Telegram”dagi ta’limiy kanallar foydasidan ko‘ra, ziyoni ko‘proq
Maktabda qog‘ozbozlik kamaytirilgani ta’lim sifati yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ammo yillar davomida faqat hisobot tayyorlash bilan shug‘ullangan o‘qituvchilarni, maktab rahbari va uning o‘rinbosarlarini “Hisobot qilmasak, papka to‘ldirmasak, tekshiruvchi kelganda qilgan ishlarimizni qanday isbotlab beramiz?” degan hadik qiynab kelmoqda.
Agar siz o‘quvchilarga haqiqatan yaxshi bilim va tarbiya bera olgan bo‘lsangiz, tekshiruvchidan qo‘rqmang! Ular qog‘ozlarni emas, o‘quvchilar bilimini tekshirsin, siz talab qiling.
Afsuski, yillar davomida hujjat yig‘ish va uni namoyish etish bilan o‘zini ko‘rsatib kelgan o‘qituvchilarga o‘z ustida ishlash, har bir darsga yangiliklar olib kirish, qo‘shimcha manbalar izlab topib, ular asosida qiziqarli va samarali dars tashkil etish mushkullik qilib qoldi. Chunki ular shuncha vaqt mobaynida qo‘l uchida dars o‘tib, asosiy e’tiborini qog‘ozlarga qaratishdi. Keladigan tekshiruvchi dars va o‘quvchilar darajasini emas, qog‘ozlarni ko‘zdan kechirdi, ular orqali o‘qituvchiga baho berdi. Bunday tizim o‘qituvchilarni o‘z bilimi, mahorati ustida ishlamay, kitob o‘qimay, ilmiy salohiyatini o‘stirmay, osongina konspekt, hisobot va ro‘yxatlar ko‘chirib yozishga moslashtirdi.
Aslini olganda, hujjat yuritishdan ko‘ra, sifatli dars o‘tish murakkab va qiyin. Balki shuning uchun hamon ayrim pedagoglar yangi muhitga moslasholmayotgandir.
Tan olish kerakki, to‘rt yuz mingdan ortiq o‘qituvchilar orasida muntazam ravishda kitob, gazeta va jurnal o‘qib, xorijiy o‘qituvchilar ish tajribasini o‘rganib, bilim va mahoratini boyitib boradiganlari ozchilikni tashkil etadi. Aksariyatimiz izlanish deganda bugun “Telegram” tarmoqlarida avj olgan o‘qituvchilar guruhlari, kanallarini tushunamiz. Men mana shu kanal va guruhlardan faoliyatimda asqotadigan biror metodik yordam ololmadim. O‘qituvchilar orasida bu kanallarga o‘z dars ishlanmasi, tadbir senariylari, o‘tkazgan tadbir lavhalarini to‘lov asosida joylashtirish urf bo‘ldi. Shunday ekan, kanalga joylanayotgan materiallarni yuqori saviyada deb bo‘lmaydi. Ammo bu kanal va guruhlarda minglab o‘qituvchilar faolligini kuzataman. Nega?!
O‘qituvchilar bu guruhlarda bir-birlaridan mavzu bo‘yicha konspektlar, dars ishlanmalari, senariylar va yana shunga o‘xshash manbalarni so‘raydilar. Xo‘sh, tayyor konspekt va dars ishlanmasi nega kerak?! Yana ko‘chirmachilik, ko‘zbo‘yamachilik uchunmi?! Axir, o‘qituvchi har bir darsi uchun o‘zi adabiyotlar titkilab, metodlarni o‘ylab, darsga tayyorgarlik ko‘rishi, shunga muvofiq konspekt yozishi lozim emasmi? Konspekt hajmi ham hujjatlarda ko‘rsatilganidek, ko‘p bo‘lishi shart emas. “Telegram” tarmog‘i orqali tayyor dars ishlanmasi va konspektlar almashilayotgani o‘qituvchilarning hamon yangi imkoniyatlarga moslashmagani, qolipdan chiqib ketolmayotgani, o‘z bilimi, metodi ustida rostmana ishlamayotganini isbotlayapti. Chunki har kuni darsga tayyorgarlik ko‘rish uchun ilmiy-metodik manbalardan foydalanadigan o‘qituvchida bunday yengil-yelpi yozilgan konspekt va dars ishlanmalariga ehtiyoj qolmaydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi filtrlanmagan axborot oqimi pedagoglarning (aslida, har bir odamning) qimmatli vaqtini o‘g‘irlayapti!
Shu o‘rinda biz, pedagoglar uchun ta’lim nashrlarining qanchalik muhim ekanini ta’kidlash joiz. Ularda o‘qituvchilarga berilayotgan metodik yordamni boshqa manbalar bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Qolaversa, gazeta o‘qigan o‘qituvchi nafaqat o‘z faoliyatiga daxldor axborotni, balki olamda yuz berayotgan yangiliklarni ham tahlil qilishni o‘rganadi, dunyoqarashi o‘sadi.
Shahnoza A’ZAMOVA, Yunusobod tumanidagi 272-maktab o‘qituvchisi