Kim haq, kim nohaq?
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 9-yanvar sonida Samarqand iqtisodiyot va servis institutining besh nafar nafaqa yoshidagi pedagog xodimi ishdan bo‘shatilgani haqida “Beshovlon qidirayotgan adolat o‘zi bormi?” sarlavhali maqola chop etilgan edi. Maqolada ko‘tarilgan holat ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Biroq shuncha vaqt o‘tsa-da, ushbu masala hamon o‘z yechimini topgani yo‘q. Dastlabki sud jarayoni pedagoglarning talablarini haq deb topdi. Keyin boshqa sud avvalgi sud chiqargan qarorni bekor qilib, o‘qituvchilar da’vosini o‘rinsiz deya yangi hal qiluv qarori chiqardi. Xuddi ular kabi boshqa tashkilotlar ham ushbu muammo bo‘yicha turlicha munosabat bildirmoqda. Hatto bir tizim vakillarining ham fikri bir joydan chiqmayotgani masalaning dolzarbligini saqlab turibdi...
Keltirilgan faktlar yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan yo‘llangan 89-04-307-raqamli xatda maqolada Samarqand iqtisodiyot va servis instituti (SamISI) rahbariyati 2018-yilning 23-martida besh nafar pensiya yoshiga yetgan xodimni hech qanday ogohlantirishsiz lavozimidan ozod etgan, deya noto‘g‘ri ma’lumot keltirilgani, aslida institut rahbariyati ishdan bo‘shatilgan pedagoglarni Mehnat kodeksining 102-moddasiga asosan, 2018-yilning 23-yanvarida, ya’ni 2 oy avval ogohlantirgani, 23-mart kuni esa ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani ta’kidlangan. Shuningdek, vazirlik xatida maqolada keltirilgan institut birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining qarori yo‘qligi haqidagi ma’lumotlar ham o‘z tasdig‘ini topmagani qayd etilgan.
Yana xatda ta’kidlanishicha: “Mehnat kodeksining 101-moddasiga asosan ish beruvchi tegishli tartibda institut birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasiga O‘.To‘xtamishev, Sh.Abdurashitov, G.Markova hamda S.To‘xtayev pensiya yoshiga to‘lgani va yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjudligi munosabati bilan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 7-bandiga asosan bekor qilinishi rejalashtirilgani, Mehnat kodeksining 101-moddasi birinchi qismi talabiga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinishiga rozilik berilishini so‘rab taqdimnoma kiritgan.
Institut kasaba uyushmasi tomonidan 2018-yil 12-mart kuni mazkur masala ko‘rib chiqilgan va institut rektorining mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha taqdimnomasiga rozilik xati berilgan. Shuningdek, 2018-yil 10-mart kuni institut rektori X.Sa’dinov bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik so‘rab institut boshlang‘ich kasaba uyushmasi raisiga taqdimnoma kiritgan.
Kasaba uyushmasi X.Sa’dinovni 2018-yil 15-mart kuni ish beruvchining taqdimnomasini ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishi haqida yozma ravishda ogohlantirgan va 15-mart kuni X.Sa’dinov ishtirokida birlashgan kasaba uyushmasi kengashi Mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish haqida yig‘ilish o‘tkazgan. Mazkur yig‘ilishda asosan ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushma qo‘mitasi kengashining ish beruvchi tomonidan da’vogar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish huquqidan foydalanishiga e’tiroz bildirilmasligi to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan va ish beruvchiga taqdim etilgan.
Shundan so‘ng, da’vogarlar O‘.To‘xtamishev va X.Sa’dinovning Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga qilgan murojaati asosida sudning 2018-yil 10-maydagi qarori bilan ularning da’vo talablari sud tomonidan qanoatlantirilgan. O‘z navbatida, SamISI rahbariyati Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018-yil 10-maydagi da’vogar X.Sa’dinovni ishga qayta tiklash to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilgan. Ishni o‘rgangan apellyatsiya instansiyasining 2018-yil 12-iyundagi ajrimiga ko‘ra, Samarqand shahar sudining X.Sa’dinovning da’vo arizasi yuzasidan 2018-yil 10-mayda chiqargan hal qiluv qarori bekor qilingan. Fuqarolik ishi yuzasidan yangi hal qiluv qarori chiqarilgan. Unda javobgar SamISI rektorining da’vogar X.Sa’dinovni ishdan bo‘shatish haqidagi buyrug‘i qonuniy deb topilgan va X.Sa’dinovni ishga qayta tiklash va majburiy bekor yurgan kunlari uchun ish haqi hamda ma’naviy zararni undirish haqidagi da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan.
Shuningdek, institut rektori Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining O‘.To‘xtamishevning da’vo arizasi bo‘yicha 2018-yil 10-mayda chiqargan qaroridan norozi bo‘lib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudiga murojaat qilgan. Ish viloyat sudida to‘liq qayta o‘rganib chiqilgan va apellyatsiya instansiyasi ajrimiga ko‘ra, da’vogar O‘.To‘xtamishevning talablari qanoatlantirilmagan. Institut rektorining buyrug‘i o‘z kuchida qoldirilgan.
Shu bilan birga, institut rektorining Mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘idan norozi bo‘lgan Sh.Abdurashitov, S.To‘xtayev, G.Markova ham dastlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga, so‘ng apellyatsiya tarzida Samarqand viloyat sudiga murojaat qilgan. Ikkala sud ham mavjud ma’lumotlarni chuqur o‘rganib chiqqan holda da’vogarlarning da’vo arizalarini qanoatlantirmagan va institut rektorining buyrug‘ini o‘z kuchida qoldirgan.
Maqolada Samarqand viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi S.Rafiqovning mazkur holat yuzasidan bergan xulosasi keltirilgan. Aniqlanishicha, institut tomonidan O‘.To‘xtamishev, X.Sa’dinov, Sh.Abdurashitov, G.Markova, S.To‘xtayevga ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ikki oydan so‘ng bekor qilinishi to‘g‘risidagi ogohlantirish xati 2018-yil 23-yanvarda yozma shaklda topshirilgan. Ogohlantirish xatining mazmuni o‘qib eshittirilgan, tushuntirilgan va xatni olib, imzo chekish so‘ralgan, lekin ular imzo chekishdan bosh tortgan. Institut xodimlari ishtirokida bu haqida 1-sonli yig‘ilish bayonnomasi va dalolatnoma tuzilgan hamda yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan imzolangan.
Haqiqatan ham SamISI birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi kengashining 2018-yil 15-martdagi 1-4 “O” sonli qarorida ish beruvchining Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 7-bandiga asosan, mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berilishini so‘rab yozgan taqdimnomasi ko‘rib chiqilgan.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining 2016-yil 19-apreldagi Kasaba uyushmasi organida ish beruvchining taqdimnomasini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi 2-11-sonli qarorining 3-qismi 11-bandida masalasi ko‘rilayotgan xodim tegishli kasaba uyushmasi organi majlisida ishtirok etish huquqiga ega ekani, mazkur muddatlar davomida xodimning ishtirokini ta’minlash imkoniyati bo‘lmasa, majlis uning ishtirokisiz o‘tkazilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Xodimning majlisda uzrli sabablarsiz ishtirok etmaganligi yoki ishtirok etishdan bosh tortganligi taqdimnomani uning ishtirokisiz ko‘rib chiqishga monelik qilmaydi, deb ta’kidlangan. Da’vogarlar kasaba uyushmasi yig‘ilishi haqida xabardor qilinganiga qaramasdan yig‘ilishga kelmaslik uchun uzrli sababi borligi haqida xabar bermagan. Shu sababli, SamISI rektori tomonidan da’vogarlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 102-moddasiga muvofiq, amaldagi qonun talablari asosida kasaba uyushmasi roziligi bilan bekor qilingan.
Bundan tashqari, murojaat mualliflaridan biri O‘.To‘xtamishevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga qilgan murojaati o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgan. Rais o‘rinbosarining 2018-yil 26-noyabrdagi 12-4313-18-sonli xatida Oliy sudning 2018-yil 20-iyuldagi ajrimida murojaat batafsil muhokama qilingani va fuqaro tomonidan keltirilgan vajlar sud qarorini bekor qilish uchun asos bo‘la olmasligi sababli shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirilgani ma’lum qilingan.
Maqolada ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi maslahatchisi J.Yaratov shu yil 11-fevralda SamISIga borib, murojaat mualliflarini jalb etgan holda masalani chuqur o‘rganib chiqqan hamda mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligiga mos holda bekor qilinganini ta’kidlagan.
O‘rganishlar yakuniga ko‘ra, SamISI rektorining 2018-yil 23-martdagi Mehnat shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan professor-o‘qituvchilar O‘tan To‘xtamishev, Shovqiddin Abdurashitov, Sobirjon To‘xtayev, Galina Markova va Qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi direktori Xudoyqul Sa’dinov bilan tuzilgan mehnat shartnomalari mehnat qonunchiligidagi barcha normalarga to‘liq rioya etilgan holda bekor qilingani aniqlandi”.
“Qonunbuzarliklar ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka olinyapti”
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining pedagoglarning ishdan bo‘shatilishi yuzasidan bildirgan mazkur munosabatini 5 nafar o‘qituvchiga havola qildik. SamISI o‘qituvchilari — O‘.To‘xtamishev, X.Sa’dinov, Sh.Abdirashitov, G.Markova, S.To‘xtayev esa tahririyatga quyidagi mazmunda xat jo‘natdi:
“Shuni alohida ta’kidlash kerakki, maqolada ko‘tarilgan masala, ya’ni o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish bilan bog‘liq holat Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ishchi guruhi tomonidan umuman o‘rganilgani yo‘q. SamISI o‘qituvchilarini ishdan bo‘shatish uchun rektor M.Po‘latov O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining 2016-yil 19-apreldagi 2-11-sonli qarori talablariga zid ravishda soxta hujjat rasmiylashtirgan. Hech qanday kasaba uyushmasi majlisi o‘tkazilmagan. Vazirlik xodimlari “Ma’rifat” gazetasida chiqqan “Beshovlon qidirayotgan adolat o‘zi bormi?” nomli maqolaga munosabatni SamISI rektori M.Po‘latov yozib bergan ma’lumotlarga tayangan holda tayyorlagan.
Bizni ishdan bo‘shatish bo‘yicha institut kasaba uyushmasi tomonidan tegishli hujjatlar bizga taqdim qilinmadi. Institut kasaba uyushmasi raisi N.Xudoyberdiyev va kadrlar bo‘limi boshlig‘i A.Berdimurodov bizga biror hujjat ko‘rsatgani yo‘q. Biz o‘sha vaqtning o‘zida dalolatnoma tuzdik va imzoladik. Bizdan tashqari, xolis guvohlar — dotsentlar S.Suyunov, J.Karimov, kotiba D.Azimova, kasaba uyushma boshlang‘ich tashkiloti bosh hisobchisi L.Musoboyeva ham imzo chekib tasdiqlagan (ushbu dalolatnoma ilova qilinadi). Lekin keyinchalik institut rahbariyati tomonidan barcha hujjatlar soxtalashtirilib sudga, tegishli tashkilotlarga taqdim qilingan. Eng yomoni, mana shu soxta hujjatlarga tayangan holda sudlar hukm chiqargan. Buni O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisining o‘rinbosari B.Mahmadaliyevning javob xati, Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi rais o‘rinbosari A.Qodirovning javob xati, shuningdek, Samarqand viloyat hokimligi ishchi guruhi xulosalari ham tasdiqlaydi.
SamISI rektori M.Po‘latovning 2018-yil 23-martdagi 73-“Sh” sonli buyrug‘i noqonuniy bo‘lib, ijtimoiy fanlar kafedrasiga B.Rahmonov o‘rindoshlik asosida, O.G‘aybullayev katta o‘qituvchi lavozimiga, H.Mullajonova o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilingan. Mehnat shartnomasi 2018-yilning 23-martidan 30-iyun kuniga qadar tuzilgan. Mehnat kodeksining 72-moddasi 3-bandida institutga pedagog o‘qituvchi sifatida tanlovdan o‘tish, lavozimlarga saylanish mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevraldagi 20-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning III bandida oliy ta’lim muassasasining kafedra mudiri, professori, dotsenti, katta o‘qituvchisi, o‘qituvchisi (assistenti), o‘qituvchi-stajyori lavozimini 5 yil muddatga tanlov bo‘yicha egallash belgilab qo‘yilgan. Bu modda ham M.Po‘latov tomonidan qonunga zid ravishda buzilgan.
Bizning murojaat va da’vo-arizalarimizga biror mansabdor shaxs yoki sud tomonidan e’tibor berilmayapti. Yuqorida qayd etilgan qonunbuzilish holatlarini, o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq noqonuniy ekanini ular ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka olyapti”.
Tomonlarning munosabatini o‘qib, kim haqligi haqida o‘yga tolasan kishi. Qizig‘i, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘z bayonotida 5 nafar pedagogning mehnat qonunchiligiga muvofiq ravishda ishdan bo‘shatilganini O‘zbekiston Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi maslahatchisi J.Yaratovning xulosalari bilan asoslaydi. O‘qituvchilar taqdim qilgan hujjatlarda esa vaziyatga umuman boshqacha baho berilgan. Jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi o‘rinbosari B.Mahmadaliyev tomonidan shu yil 1-mart kuni imzolangan (11/218yo-2019 raqamli) xatda besh nafar o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra Mehnat kodeksining 100-modda, 2-qism, 7-bandiga asosan bekor qilishda qonun talabi buzilgan, deya xulosa berilgan.
Sudlar kabi respublika tashkilotlari vakillari ham vaziyatga turlicha munosabat bildiryapti. Xo‘sh, aslida kim haq, rektormi yoki o‘qituvchilar?..
Tahririyat