Mukofot nomiga mos bo‘lsin!
Zulfiya! Bu nom ayni kunlarda muhabbat va bahor kuychisi bo‘lgan hassos shoira haqidagi xotiralarni qo‘zg‘atish, kishining dilini qitiqlovchi fusunkor misralarni eslatishdan ko‘ra, shu nomdagi mukofot tufayli ko‘proq tilga olinyapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur mukofot uchun kurash shunchalik ommaviylashib ketdiki, hafsala qilib ikki-uch varaqni almoyi-jalmoyi misralar bilan qoraytirgan qizaloq ham uni qo‘lga kiritishdan umidvor. Abdulla Oripov ilk mo‘jaz kitobi — “Mitti yulduz”ni nashr ettirganida yigirma beshni, Tog‘ay Murod birinchi qissasi qo‘lyozmasini jurnalga topshirganida o‘ttizni qoralagandi. Subhi sahar turib, “oynayi jahon” murvatini burasam o‘quvchi qiz burro-burro gapiryapti:
— Bu mening uchinchi kitobim, to‘rtinchisini ham nashrga tayyorladim...
Tengdoshlari sochbog‘iga jamalak taqib, halinchak uchishdan ortmayotgan bu qizchaning sermahsulligiga tan bermasdan iloj yo‘q. Ehtimol, “Buning nimasi yomon, yoshlarimiz ilgarilab ketdi”, dersiz, ammo aksariyat shunday kitobchalarni varaqlab ko‘ring-chi, birorta esda qoladigan she’r tugul, yalt etib ko‘zga tashlanadigan misra topiladimi?
Hozir nashriyotlar eshigi “mehribon otajonlar” bilan gavjum:
— Qizimning kitobini chiqarib bering, falon tanlovda ishtirok etishi kerak.
Tahririyatlar eshigini qoqishyapti:
— Qizimning she’rlarini tartibga keltirib bersangiz.
Qalamkash tanishim ko‘kragiga mushtladi (albatta, maqtanib):
— Falonchi mukofotni olgan pismadonchi o‘quvchining kitobini men yozib bergandim...
Mukofot ta’sis etilganidan buyon unga sazovor bo‘lganlar ro‘yxatini elakdan o‘tkazib chiqsangiz, Guljamol Asqarova kabi bir-ikki tanish nomlarni aytmasak, adabiyot olamida porlagan boshqa yulduzlarga duch kelish amrimahol. Gapning ochig‘i, mukofotga taqdim etish jarayonining ibtidosi xatolikdan boshlanadi. Zulfiya shoira sifatida nafaqat O‘zbekiston, balki jahon adabiyotida o‘z o‘rniga ega. Ammo nega uning nomi bilan ataluvchi mukofot hunarmand-u sportchi, tadbirkor-u talabaga birdek ravo ko‘rilaveradi. Adabiyot olamidagi Qodiriy, Cho‘lpon nomidagi mukofotlar duch kelgan soha vakillariga berilavermaydi-ku. Menimcha, Zulfiya nomidagi mukofotga faqatgina adabiyot sohasida yutuqlarga erishgan xotin-qizlar sazovor bo‘lishi, laureatlarni esa bir hovuch idora xodimlari emas, keng jamoatchilik muhokamasi belgilab berishi lozim. Shunda mukofot o‘z nomiga mos va xos bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Abdunabi ABDIYEV, Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori