Darsliklar yaratishda halol raqobat va tanlov bo‘lsin!
Respublika ta’lim markazida darsliklar muhokamasini kuzatdim va bir narsaga amin bo‘ldim: bunday ekspertlar va bunaqangi yondashuv bilan hech qachon sifatli darsliklar paydo bo‘lmaydi! Sababi, darslik tayyorlash jarayoni guruhbozlikka aylantirib olingan. Ekspertlarning o‘zlari yoki ularning yaqin kishilari darslik yozadi, o‘zlari muhokama qilib, o‘zlari tasdiqlashadi. U davraga kimdir adashib qo‘lyozma taqdim qilsa, uni ekspertizadan o‘tkazmaslik uchun ming xil bahona topiladi: bu yerda mavzu noto‘g‘ri yoritilgan, bu savol noo‘rin qo‘yilgan va hokazo. “Lekin nega aynan bularning fikri 100 foiz haqiqat bo‘lishi kerak? O‘quvchida Davlat ta’lim standartlarida belgilangan kompetensiyalarni shakllantirishning, fanga qiziqtirishning boshqa, muqobil yo‘llari ham bo‘lishi mumkin emasmi?”, deydigan odam yo‘q.
Darsliklar muhokamasidagi qiziq bir holat: bir kishi “gaplarning turi 3 ta”, desa, boshqasi “yo‘q, 4 ta”, yana biri “g‘azalning bu turi bunaqa nomlanadi”, ikkinchisi “yo‘q, unday emas, bunday nomlanadi”, deya bir-biriga navbat bermaydi. Axir, muhtaram olimlar o‘zlari yakdil xulosaga kela olmasa, buning uchun maktab o‘quvchisi jabr chekishi kerakmi? Maktab ta’limining maqsadi bolaga gapning nechta turi borligini emas, og‘zaki yoki yozma nutqda gaplarni qanday ishlatishni o‘rgatish emasmi? Yoki g‘azalning bu turi nima deb nomlanishini emas, o‘qiganda ma’nosini tushunishni o‘rgatish emasmi? Darsliklar o‘quvchida Davlat ta’lim standartlarida belgilangan kompetensiyalarni shakllantirishi kerak, olimlarning bahstalab fikrlarini bolaga yodlatish emas, darslik yozishdan maqsad esa — o‘zining olimligini, o‘z nuqtayi nazari to‘g‘riligini maktab o‘quvchisiga isbotlash bo‘lmasligi kerak!
Shuning uchun darsliklar ekspertizasiga va ekspertlarni tanlashga yondashuvni tubdan o‘zgartirish lozim. Avvalo:
1. Manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinishi kerak.
2. Darsliklar Davlat ta’lim standartlarida belgilangan kompetensiyalarni o‘quvchida shakllantirishga xizmat qilishi nuqtayi nazaridan tahlil qilinishi lozim.
3. Darslik muallif(lar)ining metodik va ijodiy erkinligi tan olinishi va hurmat qilinishi zarur (hamma darslik bir xil, ayrimlar xohlagan qolipda bo‘lishi shart emas!). Davlat ta’lim standartlarida belgilangan kompetensiyalarni o‘quvchida shakllantirish yo‘llari har xil bo‘lishi mumkin.
4. Ekspertlar noxolis, subyektiv fikr bildirganda ekspertiza qilinayotgan darslik muallif(lar)ining o‘z nuqtayi nazarini, metodik yondashuvini himoya qilish mexanizmi ham o‘ylab ko‘rilishi kerak.
Gap faqat imlo xatolarida emas. Adabiyot darsliklaridagi asosiy maqsad asar haqida o‘quvchiga yagona to‘g‘ri tahlilni singdirish bo‘lib qolgan. Bunday yondashuv bilan adabiyotni tushunadigan, mutolaani sevadigan o‘quvchini tarbiyalab bo‘lmaydi. Biz universitetimizda hamkasblarimiz bilan adabiyot o‘qitishning yangicha metodikasi asosida (aslida bu metodika asosida xorijiy davlatlarda anchadan beri darsliklar yaratiladi, biz uchun esa yangi) 11-sinf uchun qo‘llanma yaratgan edik. Nashr ettirish uchun RTMdan xulosa olmoqchi bo‘ldik (o‘zimiz homiy topib, xususiy nashriyotlarda chiqarishni rejalashtirgandik), lekin ekspertizaning bunchalik noxolis o‘tishini, darslik mualliflari har qanday yangilikni o‘z “bizneslari”ga, o‘z monopoliyalariga tahdid sifatida qabul qilishlarini kutmagan edik. Mana o‘sha xulosalar:
Birinchi misol. Biz RTMdagi IMKga taqdim qilgan qo‘llanmaga Chexovning faqat dasturdagi “Garov” hikoyasini emas, “Xameleon” va “G‘ilof bandasi” hikoyalarini ham kiritgan edik. IMKdagi mutaxassislarga bu taklifimiz yoqmadi. Xo‘p, “Garov”ni darsda o‘tsa, qolgan ikki hikoyani o‘quvchi mustaqil o‘qishi mumkin-ku. Bu uch hikoya Chexov hikoyanavisligining uch qirrasi, uch davrini ko‘rsatar edi va o‘quvchi bu qirralarni tushunishi uchun savol va topshiriqlar ham kiritgan edik.
Ikkinchi misol: dasturimizga “Ruhlar isyoni” asaridan oldin Britaniya ensiklopediyasidan Nazrul Islom haqida ma’lumot kiritilgan edi (bilasiz, asar Nazrul Islomga bag‘ishlangan). Ensiklopediyada Nazrul Islom haqidagi ayrim ma’lumotlar (necha yil umr ko‘rgani, qachon kasallikka uchragani) dostondagi ma’lumotga to‘g‘ri kelmabdi. Bu ham IMK a’zolari uchun ma’qul bo‘lmadi. Lekin “Badiiy asar Erkin Vohidovniki, ayrim ma’lumotlar, yillar mos kelmasligi tabiiy hol”, deydigan odam topilmadi. Qo‘llanmaga bu ma’lumotni o‘quvchiga asarni tushunishga yordam berish maqsadida qo‘shgandik.
Uchinchi misol: 11-sinfda “Go‘ro‘g‘li” dostoni o‘rganilishi ko‘zda tutilgan. Biz qo‘llanmaga dostonning ikki variantidan (Xorazm va Samarqand) parcha berib, o‘quvchiga ularning til va badiiy xususiyatlarini solishtirishga oid topshiriqlar bergan edik. Bu yangilik ham “o‘zini oqlamadi”. Sababini hech kim izohlab bermadi.
Xo‘sh, o‘rta maktabda xalq dostonlarini o‘tishdan maqsad nima? Shunchaki o‘quvchi shunaqa doston ham bor ekan deb, darslik mualliflarining doston haqidagi fikrlarini yod olishi kerakmi? Yoki Chexovning “Garov” hikoyasini o‘qitishdan-chi? Biz qo‘llanmaga nazariy ma’lumotlarni ham o‘quvchi uchun tushunarli tarzda singdirib, ularni ham asar tahlilida ishga soldirishga harakat qilgandik. Bilamiz, “Garov”da yozuvchi retrospektiva usulidan foydalangan. Bir topshirig‘imizda retrospektiva haqida qisqa ma’lumot berib, Chexov bu usulni nega qo‘llagan deb o‘ylaysiz, voqealarni xronologik tarzda bayon qilsa nima o‘zgarardi?” deb so‘raganmiz. Muhtaram ekspertlarimiz fikricha, bunday qilish mumkin emasemish. Darslik faqat o‘quvchining o‘qigan narsasini, “asar haqida” bo‘limida darslik mualliflari chaynab bergan “tahlil”ni qaytarishga o‘rgatishi kerakmi? O‘quvchini mustaqil fikrlash, izlanishga o‘rgatish kerak emasmi?
Mayli, Angliya, AQSh, Yaponiya singari rivojlangan davlatlar emas, ko‘p jihatdan ta’lim tizimimiz o‘xshash bo‘lgan Rossiyani olaylik. Bitta fandan o‘nlab mualliflarning o‘nlab nomdagi darsliklari tasdiqlangan. Hammasida yondashuv har xil. Hatto adabiyot darsliklariga kiritilgan asarlargacha har xil. Lekin hammasi ham maorif vazirligi tasdig‘idan o‘tgan. O‘qituvchi o‘z o‘quvchilaridan kelib chiqib mosini tanlaydi. Darslik mualliflari orasida halol raqobat bor. Raqobat bor joyda esa sifat bo‘ladi. Bizda esa darslik yozish tanish-bilishchilik va monopoliyaga aylantirilgan, chunki muhtaram mualliflar gonorarga ishqiboz. Raqobat va tanlov bo‘lmagandan keyin, o‘qituvchi va o‘quvchi darslik sifatsiz bo‘lsa ham, ishlatishga majbur.
Komil JALILOV, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi