“Hunaring bormi, bolam?”
Qishloqda sovchilikka borgan ko‘pchilik ayollar qiz tomonning “O‘g‘lingiz nima ish qiladi?” degan savoliga “Usta”, deb javob beradi. Chunki oliy ma’lumot ololmagan yigitlarning deyarli 80—90 foizi qurilishda katta ustaga yordamchi bo‘lib beton qorish, g‘isht tashish, loy aralashtirish kabi ishlarni bajaradi. Kelin bo‘lmishni surishtirib kelgan kuyov taraf ham “Qizingiz nima ish qiladi?” degan savolni berishi tabiiy. Bu savolga ham qiz tomonning javobi tayyor: “Chevar (tikuvchi)”. Negaki, o‘z vaqtida boshqa hunarlarni o‘rganmagan, oliy o‘quv yurtiga kirolmagan qizlar ham mohir tikuvchining yonida shogird bo‘lib yuradi. U tikuvchilikni to‘la-to‘kis o‘rganmasidan turmushga chiqib ketadi. Shunday qilib “usta” va “chevar” oilasi paydo bo‘ladi. Keyinchalik ro‘zg‘ordagi yetishmovchilik tufayli kelishmovchilik bo‘lsa, “Siz usta edingiz-ku, nega boshqalar kabi ishlashga chetga ketmadingiz?” yoki “Seni chevar deyishgandi-ku, nega tikuvchilik qilmayapsan?” degan gaplar kelib chiqadi.
Yaqinda to‘rt o‘g‘illi qo‘shnimiz hasrat qilib qoldi:
— O‘g‘illarim o‘qishga kirolmadi yoki birorta hunar o‘rganmadi. Yaxshi hunarmand ustalar kam bo‘layotgani yo‘q. Bolani yoshligidan biror hunarga o‘rgatish kerak ekan, biz bular o‘qishga kiradi, deb birorta ustaga shogirdlikka ham bermabmiz. Hozir o‘g‘illarim avtomobillar yuvish shoxobchasida ishlaydi. Yozda-ku mayli, qishning sovug‘ida oyoq-qo‘li muzlab mashina yuvganini ko‘rsam, yuragim ezilib ketadi. Hech bo‘lmasa, mashina tuzatadigan ustaga shogirdlikka tushmaydimi? Bekorga uch yil umri kollejda o‘tdi. Agar shogirdlikka berganimda uch yilda ancha narsani o‘rganib olardi.
O‘ylanib qoldim. Juda katta niyatlar bilan tashkil etilgan, OAVda bu tizimning afzalliklari ovoza qilinib, kasb-hunar kollejlarini tamomlagan bitiruvchi tayyor mutaxassis bo‘lib chiqadi, deyilganda nega bugungi kunlar ham bashorat qilinmadi? Nega millionlab bitiruvchilar mutaxassis sifatida ish topolmadi? Kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasi yetuk mutaxassis tayyorlashga moslashtirilmaganmidi? Nega kollejlarda yoshlar hunar o‘rgana olmadi?..
— Buning juda ko‘p sabablari bor, — dedi kasb-hunar kollejlarining birida kasbiy ta’lim ustasi bo‘lib ishlagan suhbatdoshim. — Eng birinchi navbatda o‘quv dasturlari hayotga moslashtirilib tuzilmadi. Tasavvur qiling, o‘quvchi tayyor mutaxassis bo‘lish uchun uch yil kollejda o‘qirkan-da, o‘sha uch yilning bir yili umumta’lim fanlarini o‘rganish uchun sarflanarkan. Axir, ilm bilan shug‘ullanib, keyinchalik oliy o‘quv yurtiga kiraman degan o‘quvchi uchun akademik litseylar ochilgandi-ku. Undan tashqari, kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnik bazasi talabga javob bermasdi. Nazariya amaliyot bilan uyg‘unlashtirilmadi.
Faqatgina ayrim kollejlarda ishlab chiqarish korxonalari bilan tuzilgan shartnomalarga amal qilindi. Boshqa bitiruvchilar ko‘chada qoldi. O‘quvchi va uning ota-onasi kollej kasb ham, hunar ham o‘rgata olmasligini tushunib yetdi. Bitiruvchi ish topolmaganidan keyin noiloj chetga ish izlab ketyapti.
— To‘g‘risini aytaman, men kulollikka ancha kech kirib kelganman. Avval boshqa sohada ishlardim. Keyin bu hunarga qiziqib, uni o‘rgana boshladim. Hozir 50 dan ortiq shogirdim bor. Ularning 20 nafari o‘zim tashkil etgan kulollik markazida men bilan birga ishlab, bilganlarini mustahkamlayapti, — dedi rishtonlik hunarmand-usta Tohirjon Haydarov. — O‘zim qiziqqanim uchun kulollikni oddiy loydan idish-tovoq yasash emas, san’at asari yaratish deb tushundim va bu borada ko‘p izlanishlar olib bordim. Va kulollikda yangi, noan’anaviy yo‘nalishni topdim. Bu – kulollik buyumlarining gul va naqshlarini igna bilan chizish san’atidir. Avval kulollik hunar edi, endi buni san’at darajasiga olib chiqishimiz kerak, degan g‘oya bilan shu ishga qo‘l urdim. 10 sotix yerga muzey-ustaxona qurdim. Hozirgi kunda bu yerda bemalol bir paytning o‘zida 60 dan ziyod sayyohlarni qabul qilish imkoniyati bor. Tashrif buyuruvchilar tuproqdan biror san’at asari yaratilgungacha bo‘lgan jarayonni tomosha qilishlari mumkin. Bu yerda shogirdlarni faqat mahsulot ishlab chiqarishga emas, balki ijodkorlikka o‘rgatamiz. Qo‘li mehnatda bo‘lgan bolaning yomon ish, birovni g‘iybat qilishga vaqti bo‘lmaydi. Shuning uchun otalarimiz bizni shogirdlikka bergan.
Bugungi kunda Farg‘ona davlat universiteti bilan hamkorlikda universitetda kulollik innovatsion markazi tashkil etildi. U yerda tasviriy san’at fakulteti talabalari kulollik tarixi, kelib chiqishi va buyumlarning qanday tayyorlanishini innovatsion texnologiyalar yordamida o‘rganmoqdalar. Endi tasviriy san’at yo‘nalishida oliy ma’lumot olayotgan talaba institutni bitirganda uning qo‘lida ham hunari, ham diplomi bo‘ladi. Bu yosh mutaxassisga ikki marta imkoniyat degani.
— Tan olish kerak, biz maktab yoki mahallalarga borganimizda tajribamizdan kelib chiqib, kulollikning zavqli jihatlarini gapirsak, o‘quvchilar ushbu hunarga qiziqib qolishadi, — deb so‘zlarini davom ettirdi Tohirjon aka. — Hunar o‘rganish uchun besh-olti kishi bo‘lib kelishadi. Ana o‘shalardan bir yoki ikki nafari shogird bo‘lib qoladi, xolos. Qolganlari besabrlik qilib ketib qolishadi. Har qanday kasb-hunar sabr va mehnat orqali egallanadi. Bugungi o‘quvchi-yoshlarda sabr yo‘q. Hunar o‘rganishga to‘siq bo‘layotgan omillardan biri —sabrsizlik. Qunt va chidam, sabotning yetishmasligi. Hozirgi yoshlar tezroq mahsulot tayyorlab, sotib, tezroq boyisam, deb o‘ylaydi. Shuning uchun yoshlarimiz orasida biror hunarni mukammal o‘rganib, uni san’at asari darajasiga yetkazish ishtiyoqidagilar kamayib ketdimikan, deb o‘ylab qolaman.
Farg‘ona viloyati deyilganda odamlarning ko‘z oldiga Marg‘ilon ipaklari, atlas-u adraslari, Rishtonning kulollik buyumlari, qo‘qonlik ustalarning yog‘och o‘ymakorligi namunalari bo‘lgan eshik, deraza, ustun va so‘rilar keladi. O‘zining qadim an’analariga ega viloyatda hunarmandlikka qiziqish bugun qay ahvolda, viloyatda qancha hunarmand bor, ularning qanchasini yoshlar tashkil etadi?
Bu savollarimizga Farg‘ona viloyati “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasul Mirzaahmedov javob berdi:
— Viloyatda 4500 ga yaqin ro‘yxatdan o‘tgan hunarmand bo‘lib, ularning 25 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardir. Shu kungacha uyushma qoshida 258 ta “Ustoz-shogird” maktabi ochilgan. Bu maktablarda 1110 nafar shogird bor. 30 yoshgacha bo‘lgan shogirdlarning 428 nafari erkaklar. Shogirdlarning 50 foizi yoshlar “Hunarmand” uyushmasida o‘zaro shartnoma tuziladi. Onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tiladi. Shartnomada usta va shogirdning vazifalari alohida belgilab berilgan.
Hunar o‘rganishning mashaqqatlari nimadan iborat, degan savolimizga suhbatdoshimiz shunday javob berdi:
— Ustoz-shogirdlik an’anasi ming yillardan buyon davom etib kelyapti. Dadamiz katta usta bo‘lsalar-da, bizni shogirdlikka berganlar. Nabijon Toshtemirov, Muhammadjon Karimov mening ilk ustozlarim. Usta ko‘rmagan hunarmandning o‘zi usta bo‘lishi qiyin. Ustoz otangdek ulug‘, deyiladi. Ota aytmagan hayot haqiqatlarini ustoz o‘rgatadi. Mahsulot ishlab chiqarishdan boshlab uni bozorga olib chiqish, xaridor topish, xaridorga muomala qilish, hatto oilaviy masalalarni yechishgacha shogirdga ustoz o‘rgatadi. Ustoz inson hayotida katta rol o‘ynagani uchun ham otalar farzandlarini shogirdlikka berishgan.
Ustoz-shogird maktablarining eng birinchi qoidasi ota-ona o‘z jigarbandini “Eti sizniki, suyagi bizniki”, deb usta-hunarmandning yoniga tashlab kelishidir. Hunarning og‘ir yoki yengilligiga qarab shogirdlar bir yildan 10 yilgacha ustaning yonida yurishi mumkin.
Ammo men bu maktabni umrboqiy maktab degim keladi. Chunki shogird hech qachon ustozdan uzilib ketmaydi. Hayoti davomida ustozidan yo‘l-yo‘riq, masalahatlar olib turadi.
Avvallari hunar egallagan bolaning otasi ustaning roziligi bilan elga dasturxon yozgan. “Usta rozi” qilish marosimi o‘tkazilgan. Farg‘onada usta o‘z shogirdiga shunday marosimda “Yetuk usta bo‘ldingiz, o‘rgatgan hunarimga roziman, halol ishlang, mening mehnatlarimni oqlang, o‘zingiz ham shogirdlar tayyorlang”, deb oq fotiha bergan. Shogirdning mustaqil ishlashiga ruxsat bergan. Davraning eng yoshi ulug‘ oqsoqollari ham shogirdni duo qilishgan. Shogirdning otasi ustozning ustiga to‘n yopgan, sarpo bergan. Negadir ana shunday an’analarimiz yo‘qolib ketyapti. Ba’zi yoshlar hunar o‘rganishga keladi-da, mahsulot tayyorlashni chala-yarim o‘rganib olib, darrov mustaqil ish qilmoqchi bo‘lishyapti. Ammo ustozning oq fotihasini olmagan shogirdning ishida baraka, fayz bo‘lmasligi yillar davomida isbotlangan. Hozirgi kunda ba’zi hunarmandlar hunar o‘rganishni pulli qilib qo‘yishgan. An’analar davom etayotganiga xursand bo‘laman, ammo mana shunday dilga g‘ashlik soladigan odatlar paydo bo‘layotgani kishini o‘ylantiradi. Axir, ustoz hunarni tamasiz o‘rgatishi kerak. Hunar pulga sotilmaydi.
O‘quvchining uch yil kasb-hunar kollejlarida hunar o‘rgana olmaganligining juda ko‘p sabablari bor. Uzoq yillar Marg‘ilon milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji bilan hamkorlik qilib keldik. Ammo u yerda munosib ustalarning ishlamasligi, moddiy-texnik bazaning yo‘qligi yoshlarning uch yil vaqtini behuda sovurdi. Misol uchun, payvandchilik yo‘nalishi bor kollejni bitirgan o‘quvchi uch yil davomida payvandlash uskunasini qo‘liga ham ushlab ko‘rmagan holatlar bo‘ldi. Yoki milliy hunarmandchilik kollejida naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarlar o‘rgatilmay, kiyim dizayni, yana qandaydir milliy mentalitetimizga xos bo‘lmagan hunarlar o‘rgatila boshlandi. Milliy hunarmandchilik kollejida miskarlik yo‘nalishini ochish uchun harakat qildik, ammo juda ko‘p sabablar tufayli bu yo‘nalish ochilmadi. Sababi, rahbarlarning o‘z ishiga nisbatan sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lishi, moddiy-texnik baza yaratilmaganligidir. Marg‘ilon shahridagi kollejlar faoliyati bilan tanishganimizda tikuv mashinalarining usti yopiq turganini ko‘rardik. Tikuvchilikni o‘rganayotgan qizlar bu mashinalardan qanday foydalanishni ham bilmasdi. Jonkuyarlik, bolalarga motivatsiya berishni esa aksariyat o‘qituvchilar o‘ylamasdi ham.
Mana yana 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tildi. Endi yana bitta muammo paydo bo‘ldi. Maktablarda ham ustaxonalar yo‘q. O‘quvchiga kichik yoshidanoq kasb-hunar sirlarini o‘rgatadigan, ularni kasb-hunar bilan tanishtirib boradigan to‘garaklar, markazlar ochish vaqti keldi. Qaror va farmonlarda maktablarda kasb-hunar o‘rgatuvchi ko‘plab to‘garaklar ochilishi kerakligi aytilgan. El tanigan, hunari bilan obro‘-e’tibor qozongan mashhur usta-hunarmandlar uchun maktablarda ustaxonalar ochilishiga ruxsat berilsin, deyilgan. Ana shu ustaxonalarda o‘quvchilar o‘zi buyum yasasin, atlas to‘qisin, naqqoshlik sirlarini o‘rgansin. Ammo bu ish ham hali yo‘lga qo‘yilgani yo‘q...
Sharifa MADRAHIMOVA,
"Ma’rifat” muxbiri
Maqola Yoshlar media markazining “Mini grantlar” loyihasi doirasida tayyorlandi.