Bo‘kada tashabbuslar qanot yoymoqda
Bugun Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani chinakam ma’naviyat, ma’rifat o‘chog‘iga aylanmoqda.
Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5 ta tashabbusni amaliyotga joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar hamda taklif etilayotgan loyihalarni puxta o‘rganib, amaliyotda samarali qo‘llash maqsadida Bo‘ka tumanida dastlabki tajriba amaliyotlari boshlandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jarayon yakunlangach, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun shart-sharoit butunlay o‘zgaradi.
Birinchi tashabbus — yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish bo‘yicha qishloqlardagi madaniyat uylari ta’mirlanib, ishga tushirilmoqda. Misol uchun, Bo‘ston MFYdagi madaniyat uyi ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keldi. 19-bolalar musiqa va san’at maktabida ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilar ham bu jarayonga munosib hissa qo‘shmoqda. 14 ta to‘garak a’zolari qishloqlarga borib, tengdoshlariga o‘z mahoratlarini namoyon etishmoqda. Bu orqali boshqa o‘quvchilarda musiqa san’atiga qiziqish uyg‘onmoqda.
Yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyish qilishi uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan ikkinchi tashabbus doirasida tuman yoshlariga zamonaviy sport anjomlari, boshqa jihozlar sovg‘a qilindi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasidagi uchinchi tashabbus — aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha ham qisqa fursatda ulkan ishlar amalga oshirildi.
Misol uchun, ayni kunda Bo‘ka tumani markazida joylashgan “O‘zbekiston pochtasi” AJ binosida 130 kvadrat metr maydonda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazini tashkil etish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. O‘quv markazida 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish bo‘yicha innovatsion ko‘nikmalar beriladi, shuningdek, axborot texnologiyalari, elektron tijorat, dasturlash va kibersport asoslari bepul o‘qitiladi. Yil davomida qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslarida 430 dan ortiq yoshlarni o‘qitish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tumandagi barcha maktablarda hamda “Barkamol avlod” markazi va Bolalar internatida kompyuter texnologiyalari, robototexnika, kompyuter o‘yinlari va kibersport bo‘yicha to‘garaklarni tashkil etish belgilab olingan. Mazkur to‘garaklarda yil davomida tashkil etiladigan o‘quv kurslarida 4500 dan ziyod yoshlarni o‘qitish rejalashtirilmoqda.
Sifatli telekommunikatsiya va yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tuman markazigacha transport telekommunikatsiya tarmog‘i o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2 barobarga yoki 1 Gbit/s.dan 2 Gbit/s.ga ko‘tarildi va bir paytning o‘zida telefon aloqasi, yuqori tezlikdagi internet, IP-televideniye va boshqa zamonaviy xizmatlardan foydalanish imkonini beruvchi 768 portli zamonaviy stansiyalar ishga tushirildi.
Tumandagi 49 ta maktab, 14 maktabgacha ta’lim va 10 sog‘liqni saqlash muassasalarini yuqori tezlikdagi internet xizmatlari bilan ta’minlash maqsadida 328,5 kilometr optik tolali aloqa liniyalarini o‘tkazish ishlari boshlandi.
Shu bilan birga, mobil aloqa qamrovi bo‘lmagan Katta Rovot MFYdagi Bog‘ mahallasiga mobil aloqa stansiyasini o‘rnatish va mobil aloqa sifatini yaxshilash maqsadida qo‘shimcha 19 ta baza stansiyalarini o‘rnatish rejalashtirildi.
Ijtimoiy obyektlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash bo‘yicha bugungi kunda 18 ta maktab, 8 ta maktabgacha ta’lim va 4 ta sog‘liqni saqlash muassasalarigacha 30 kilometr optik tolali aloqa liniyalari o‘tkazilib, beshta maktab yuqori sifatli internet tarmog‘iga ulandi.
Bu orqali chekka hududlar aholisiga ham sifatli telekommunikatsiya va yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratilmoqda. Tuman markazidagi Tinchlik ko‘chasida joylashgan musiqa maktabi, Abdulla Qodiriy ko‘chasida joylashgan Bo‘ka markaziy madaniyat va aholi dam olish maskani, Yoshlar ijodiyot markazi, Amfiteatr maydoni va Bo‘ston madaniyat va istirohat bog‘ida Wi-Fi hududlari tashkil etiladi.
Aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha respublika tashkilotlari namuna bo‘lmoqda. Loyiha doirasida Bo‘ka tumani yoshlariga 18 mingdan ziyod kitob sovg‘a qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 5 ming nusxadagi o‘zbek hamda jahon adabiyotining sara namunalarini maktablar va mahallalarga sovg‘a qildi.
Qolgan 13 ming adaddagi kitob O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda boshqa davlat tashkilotlari tomonidan taqdim etildi.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari, taniqli san’atkorlar ishtirokida hududlarda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. “Xonadonlarga kitob bilan kiramiz” shiori ostida targ‘ibot aksiyasi o‘tkazilmoqda. Nashriyotlar tomonidan tuman madaniyat uyi oldida kitob yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda 5 ta tashabbusning barchasi mujassamlashgan yangi majmuaning loyihasi ham e’lon qilindi. Yangi loyiha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Majmua kutubxona hamda kitob o‘qish uchun sokin joylar, kafelar, muzqaymoq do‘konlari, kibersport va kompyuter o‘yinlari uchun maxsus arenalar, Wi-Fi hududlari, yopiq amfiteatr, bolalar o‘yingohi, badantarbiya uchun maydon, yugurish va velosiped yo‘lakchalari, mini futbol maydoni hamda badminton, stol tennisi va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan universal maydon, skeytbord va roliklar ijarasi uchun do‘konni o‘z ichiga oladi.
Ushbu majmua har oyda o‘rtacha 6 ming nafar yigit-qizni jalb qilishi mumkin.
Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash ishlarini tizimli tashkil etish masalalarini qamrab olgan beshinchi tashabbus doirasida “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Bo‘ston, O‘rtatepa, Chavlisoy, Xo‘jaqo‘rg‘on mahallalarida tikuvchilik korxonalari tashkil etilmoqda. Bu korxonalar bitgach, 1000 ga yaqin qizlar ish bilan ta’minlanadi.
Charosoy ABDURASULOVA, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Bo‘ka tumani bo‘linmasi rahbari