“Ma’rifat” gazetasida chop etilgach, muammo ijobiy yechim topdi
Gazetamizning shu yil 20-mart sonida Bekobod tumanidagi 10-maktab direktori A.Sattorovning “Pedagoglar dars o‘tishni xohlamayapti” nomli maqolasi chop etilgandi. Unda muallif 2019-yildan o‘rindoshlik asosida dars o‘tayotganlar uchun soatbay haq to‘lanayotgani sabab, o‘qituvchilarni ishga jalb etish muammoga aylanganini ta’kidlagan, bunga sabab sifatida o‘rindoshlik asosida ishlayotgan pedagoglarga beriladigan oylik ish haqi miqdori kamayib ketgani ko‘rsatilgan edi.
17-aprel kuni tahririyatimizga maktab pedagogik jamoasi nomidan minnatdorlik xati keldi.
Bu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi:
— “Ma’rifat” gazetasida ushbu maqola chop etilgach, Moliya vazirligi mutaxassislari tomonidan masala o‘rganib chiqildi. O‘rindoshlik asosida dars berayotgan o‘qituvchilar oylik ish haqi miqdori qayta ko‘rib chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tegishli normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartirish kiritildi. Shu sababli 2019-yil yanvar oyidan boshlab, o‘rindosh dars o‘tayotgan pedagoglarga soatiga 19 ming so‘mdan maosh to‘lash lozimligi belgilandi.
Shu bilan birga, hozirgi vaqtda 2018-yil sentabr oyidan 2019-yil yanvar oyigacha o‘rindoshlik asosida ishlayotgan pedagoglarga to‘lab berilgan oylik ish haqi miqdorlari o‘rganib chiqilmoqda.