Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga saralash jarayoni adolatli o‘tdi, ammo...
Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzodlarni saralash jarayoni haqqoniy o‘tmasligi haqidagi mish-mishlarni eshitib, menga ham shu fikr singib qolgandi. Mish-mish o‘z nomi bilan mish-mish-da. O‘zing ko‘rib bilmaguncha, aniq xulosa aytish qiyin. Bilasiz, o‘tgan yili mukofot nizomida o‘zgarishlar bo‘ldi. Jumladan, yosh qizlar bilan birga, 30 yoshgacha bo‘lgan ayollar ham mukofotga hujjat topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘ttiz yoshimda adabiyotda erishgan ozmi-ko‘pmi yutuqlarimga nazar solib, ehtimolki, arzirman, deb o‘ylagan va jarayon endi adolatli bo‘ladi, degan ishonch bilan hujjat topshirdim. Toshkent shahridan adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etdim. Tan olaman, jarayon adolatli o‘tdi!
Shahardagi bellashuvda hech qanday tanish-bilishchilik bo‘lmagani, barcha ishtirokchi adolatli baholanganini ko‘rib, ishonchim yanada oshdi. Respublika bosqichida ham ijodim yuqori baholandi. Xullas, adolatsizlik ko‘rmadim. Bir oy javoblarni kutdik. Mukofotlanganlar ro‘yxati ham e’lon qilindi. Lekin natija nega baholash tizimiga mos kelmadi? Agarki, yo‘nalishga qarab emas, hudud bo‘yicha saralashar ekan, nega men Toshkent shahridan topshirgan boshqa yo‘nalishdagi qizlar bilan bellashmadim? Shunda jarayon ochiq o‘tgan bo‘lardi.
Toshkentdan mukofotga sazovor bo‘lgan qizlar faoliyati bilan ham tanish emasman. Sababi shu: biz hudud bo‘yicha yig‘ilib, hakamlar oldida birga baholanmadik. Menga qolsa, respublika bosqichida hakamlar OAV vakillar ko‘z o‘ngida qizlarni shartlar bo‘yicha sinab, o‘sha zahoti balini e’lon qilsin. Nomzodlarning aksariyatini taniyman. Surxondan ilg‘or adiba Aliya Temuriyzoda, Farg‘onaning oldi yosh shoirasi Shohsanam Nishonova, namanganlik olima va ijodkor qiz Manzura Abdullayeva mukofotlanishiga ishonchim komil edi, lekin birortasiga ham nasib qilmadi. Yosh ijodkorlarning deyarli hammasining ijodini o‘qib, kuzatib boraman, ammo, adabiyot yo‘nalishidan g‘olib bo‘lgan qizlarning ismini biror marta eshitmaganman. O‘zi, nomzodlarning yozgan she’r va hikoyalari o‘qib ko‘riladimi? Saviyaga qaraladimi, boshqalar ijodi bilan solishtiriladimi? Yoki faqat diplom, faxriy yorliq, sertifikatlar ro‘yxati uzun bo‘lsa yetarlimi? G‘olib bo‘lganlar faoliyati bilan tanishtiruv bo‘yicha maqola yozilsa, ayni muddao bo‘lardi.
Mukofotlanganlarning 28 nafaridan 24 nafari maktab, kollej, akademik litsey, internat o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalaridan iborat. OTMni tamomlab, ko‘p yillardan beri ishlayotgan, oilali, bir necha farzandli 30 yoshgacha bo‘lgan ayollarning ko‘pi yana e’tibordan chetda qoldi. Faqat birgina 30 yoshli o‘qituvchiga mukofot berilibdi. Toshkent shahridan bu yil ham adabiyot yo‘nalishiga mukofot tegmadi. Ko‘p yillardan beri berilmaydi. Nega? Zulfiyaxonimning adabiyotga aloqasi yo‘qmi? Ko‘p hollarda ijodkorlar sportchi-yu xonanda, kulol-u sozandalarning soyasida qolib ketadi. Buni shunday izohlash mumkin: chunki ularning yutuqlari ko‘p. Albatta, ko‘p bo‘ladi-da, chunki sportchilar turli chempionatlarda har yili ishtirok etishadi, chet ellarga borib medallar oladi, ularda bu borada imkoniyatlar ko‘p. Ijod ahlida-chi? Biror adibaning tanlovlarda yurganini, medal olganini ko‘rganmisiz? Bizda adabiy tanlovlar deyarli yo‘q. Ijodkor faqat ijod qiladi! Uzoq mehnatdan so‘ng kitobi chiqadi. Festivallar, gastrollar, tomoshalar, ko‘rgazmalar uyushtirmaydi. Kerak bo‘lsa, menga o‘xshab uydan chiqmay kitob yozadi. O‘zbekistonda ijodkor qizlar uchun faqat Zulfiya mukofoti ta’sis etilgan. San’atkorlarga “Nihol” bor, sportchilarga O‘zbekiston, Osiyo, jahon chempionatlari borki, shular bilan ham tan olinsa bo‘ladi. Demoqchimanki, Zulfiya mukofoti bilan, avvalo, nazm, nasr, tarjima yo‘nalishida faol qalam tebratayotgan qiz-ayollarni taqdirlash ko‘zda tutilsin. Axir, Zulfiyaxonim dilbar she’rlari, puxta tarjimalari, ajoyib badialari bilan nom qoldirgan bo‘lsa... Masalan, deylik, Iroda To‘laganova mukofoti ta’sis etilsa-yu, unda shoiralar g‘olib bo‘lsa, Tamaraxonim mukofoti uchun nosirlar bellashsa, g‘alati ko‘rinmaydimi?
Bu yozganlarim bilan mukofot menga berilishi kerak edi, degan iddaodan yiroqman. O‘ttiz yoshga to‘ldim, bu birinchi va oxirgi ishtirokim bo‘ldi. Ko‘plar qatori azbaroyi o‘qishga kirish uchun hujjat topshirganim yo‘q, mukofot puliga ham muhtoj emasman.
Tadbirlarda “Zulfiyachi qiz” bo‘lib to‘rda o‘tirishni esa umuman istamayman. Shuhratga o‘ch emasman. Uch farzandimga qarab, uyda ijod qilaman. Ozmi-ko‘pmi muxlislar orttirdim, shuning o‘zi menga yetarli. Faqat ortimizdan kelayotgan qizlarning ishonchi so‘nmasin!
Nasr bilan shug‘ullanayotgan yosh singil-shogirdlarimning shu kunlari “Agar mukofot sizga berilmagan bo‘lsa, biz ham unda qatnashishdan umidimizni uzdik”, deb, ko‘ngillarida ishonchsizlik, umidsizlik uyg‘onayotganidan afsusdaman. Yosh qizlar shundayki, ko‘z oldida nohaqliklar bo‘lsa, tez ruhi tushadi. Zulfiya mukofotiga erisholmagan ko‘plab qizlar ijoddan voz kechganini eshitganman. Aslida, buning aksini qilish kerak: ijodni yuksaltirib, mukofotlanganlardan yaxshiroq ekaningizni isbotlang! To‘g‘ri, Zulfiya mukofotini haqli olgan ijodkorlarni ham taniyman, ammo ular juda ozchilik.
Qizlar, ayni o‘qiydigan, ilm oladigan, ijod qiladigan pallangizda mukofotlar haqidagi xayollarga chalg‘imang. 14 yoshidan beri 6-7 yildirki, vaqtini zoye qilib, mukofotga topshiradigan qizlarni ko‘rib, achindim. Ularning maqsadi nima? OTMda davlat granti asosida o‘qishmi? Menga qolsa, bu imtiyoz olib tashlansa, ishtirokchilar soni teng yarimga qisqarardi. Qizlar hujjat yig‘ishga sarflagan yillarini ta’lim olishga ajratsalar edi, allaqachon talaba bo‘lardi. Kuzdan bahorgacha davom etadigan ovoragarchiliklar, xarajatlar, kutishlar, ko‘zyoshlar ko‘ngilni og‘ritishi mumkin. Eng oliy mukofot — xalq mehri va ishonchi! So‘zim yakunida, shu vaqtgacha mukofotlanmagan iqtidorli va iste’dodli qizlarga: “Qalamingizni qo‘ymang, so‘z bilan ko‘ngillarni zabt etishda davom eting”, deb qolaman.
Nodirabegim IBROHIMOVA, jurnalist