Quva tumanidagi 50-maktabning bino va inshootlari hali ham maktabga qaytarilmadi
Shu yilning 20-mart kuni Xalq ta’limi vazirligi saytida “Farg‘onaning Quva tumanidagi 50-maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv muassasasiga qaytarildi” sarlavhali xabar chop etildi. Ushbu masala avvalroq gazetamizda ikki bor yoritilgan edi. Tabiiyki, muammoning ijobiy yechim topgani bizni ham xursand qildi. Shu bois, muxbirimiz ta’lim muassasasiga borib, “Chindan ham maktabning kadastr hujjatlari tayyorlab berildimi?”, “Direktor o‘quv-tarbiya jarayoni bilan shug‘ullanyaptimi?” degan savollarga javob qidirdi.
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 6-mart sonida chop etilgan “Direktor nega sarson qilinmoqda? Yoxud bir parcha yer mojarosi” sarlavhali maqolada ta’kidlanganidek, shu yil 14-fevral kuni Namangan viloyat ma’muriy sudi kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisini Farg‘ona viloyat iqtisodiy sudi binosida videokonferensiya tarzida o‘tkazdi. Unda arizachi 50-maktab direktori N.Mahmudovning “Javobgarlar Quva tumani hokimligi va Farg‘ona “Yermulkkadastr” davlat xizmati Quva tuman bo‘limiga kiritgan shikoyat arizasi yuzasidan Quvasoy shahar ma’muriy sudi tomonidan 2018-yil 17-dekabrda qabul qilingan hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib yozgan arizasi ko‘rib chiqildi.
Arizada N.Mahmudov javobgarlar Quva tumani hokimligi, “Yermulkkadastr” xizmati Quva tuman bo‘limiga nisbatan tumanidagi 50-maktabning qo‘shimcha bino va inshootlariga kadastr hujjatlari tayyorlash majburiyatini yuklashni hamda Quva tuman hokimining 2018-yil 20-iyundagi 1065-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan.
Avval Quva tuman ma’muriy sudida, so‘ng Farg‘ona viloyat ma’muriy sudida, keyin Quvasoy shahar ma’muriy sudida ko‘rilgan masala yana javobgarning ham, da’vogarning ham shaxsan o‘zidan eshitildi.
Quva tumani hokimligi huquqshunosi Aziz Turdialiyev tuman hokimining qarorida texnik xatolikka yo‘l qo‘yilganini tan oldi.
Sud tomonlarni eshitib, Quva tumani hokimining 2018-yil 20-iyundagi 1065-sonli qarorini haqiqiy emas deb topdi. Qarorning davlat foydasiga 1658700 so‘m davlat boji undirish qismi bekor qilindi. Quvasoy shahar ma’muriy sudi tomonidan chiqarilgan qarorning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi.
Sud qarorida “Farg‘ona viloyat “Yermulkkadastr” xizmati Quva tuman bo‘limi N.Mahmudovning 50-maktab balansidagi Turk MFY Mingchinor qishlog‘ida joylashgan eski bino-inshootlarni maktab balansiga o‘tkazish bo‘yicha da’vosini asosli rad qilgan, deb yozilgan.
To‘rt marta bo‘lib o‘tgan sudda hali u tomon, hali bu tomonning qo‘li baland kelayotgan paytda internet saytlarida xuddi shunday mazmunda yana bir maqola chiqdi.
Unda aytilishicha, tumandagi 44-maktab hududi tadbirkor tomonidan noqonuniy egallangan. Tadbirkorning barcha hujjatlari qalbaki bo‘lib, qish ichi loy, yozda mol-qo‘y o‘tlab yuradigan qarovsiz maydon maktabniki ekani ta’kidlangan. Maktabning jismoniy tarbiya darsi o‘tiladigan hududda tadbirkor noqonuniy qurilish boshlagan. Maqola chop etilgach, ushbu qurilishga rozi bo‘lgan, hatto qaror ham chiqarib bergan hokim (endilikda Farg‘ona viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari) H.Umarov darhol ishni to‘xtatishga buyruq bergan. O‘z navbatida 44-maktab direktori Jamoliddin Mo‘minov ham Quva tuman ma’muriy sudiga da’vo bilan murojaat qilgan.
Har ikki holat yuzasidan Quva tumani hokimligi huquqshunosi Aziz Turdialiyev quyidagilarni ma’lum qildi:
— 50-maktabning yeri va bino-inshootlari noqonuniy egallab olinmagan. Oxirgi sud qarorida ham shunday asos keltirilgan. Ya’ni, Quva tumani hokimining 1065-sonli qarori bekor qilinmadi. Faqat 1125-sonli qarorda texnik xato o‘tib ketgani bois, Namangan viloyat ma’muriy sudi qarorida ham hokimning 1065-sonli qarori haqiqiy emas deb topilmoqda. 44-maktab masalasida ham tadbirkor haq.
Endi gapni 44-maktab bilan sudlashayotgan tadbirkor Inom Qosimovdan eshiting.
— 44-maktab yonidagi stadionning old tarafidagi hududni tenderda yutib olganman. Har tomonlama ko‘rkam va zamonaviy, ikki qavatli bino qurib, shu yerda 15 nafargacha odamni ish bilan ta’minlab, o‘z hisobimdan maktabga ikkita o‘quv xonasi qurib bermoqchi edim. Sababi, maktabda sinfxonalar yetishmasligidan ikkita sinf yerto‘lada o‘qiydi. Oshxona yo‘q, bufet ham qorong‘i va zax yerto‘lada joylashgan.
Ammo barcha hujjatlarim joyida bo‘lsa-da, sud maktab foydasiga qaror chiqardi. Endi bu ish bo‘yicha apellyatsiya tartibida shikoyat kiritmoqchiman.
Chindan ham, 44-maktab kadastr hujjatlarida nizoli yer maktab hududiga kiritilmagan. Direktor Jamoliddin Mo‘minovning aytishicha, hujjatlar Quva tumani hokimining 2014-yil 19-maydagi 814-sonli qarori asosida rasmiylashtirilgan, futbol maydoni noma’lum sabablarga ko‘ra, kadastr hujjatlariga qo‘shilmay qolgan.
Ushbu yer maydoni, ya’ni stadionning old tomoni Quva tumani hokimining 2018-yil 29-avgustdagi 1754-sonli qaroriga asosan tanlov g‘olibi “Qosimov Sirojiddin chorvasi” dehqon xo‘jaligiga ikki qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasini qurish uchun ajratilgani ham shikoyat arizasida keltirilgan.
44-maktab da’vo qilayotgan stadion ta’lim muassasasidan 100 metr uzoqlikda — serqatnov yo‘lning narigi tarafida joylashgan. O‘quvchilar jismoniy tarbiya darsida 10 daqiqalik tanaffusda maktab kiyimini jismoniy tarbiya formasiga almashtirib, yo‘lning narigi tomoniga o‘tishga ulguradimi? Nega direktor tadbirkorning sinfxona qurib berishiga rozi bo‘lmayapti? Axir, eng muhimi, o‘quvchilarning keng va yorug‘, issiq xonada bilim olishi emasmi? Jismoniy tarbiya darsini sport zalida o‘tsa, o‘qituvchi ham vaqtdan yutmaydimi, ham xavfsizlik nuqtayi nazaridan bu qulay emasmi?
Maktabda 612 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Darslar ikki smenada tashkil etilgan, shuningdek, filiali ham mavjud. Maktab direktori o‘quv xonalarining yetishmasligi, o‘quvchilar moslashtirilgan binoda hamda yerto‘lada ta’lim olayotgani haqida, maktab uchun yangi bino qurib berilishini so‘rab yuqori idoralarga murojaat qilganini ta’kidlasa-da, buni tasdiqlovchi birorta hujjat ko‘rsata olmadi. Yuborilgan xatlar orasidan ham maktab uchun qo‘shimcha bino va inshootlar qurib berilishi so‘rab yozilgan xat chiqmadi.
Haqiqatan ham, yerto‘lada bufet o‘rnini bosuvchi do‘kon (sovuq va qorong‘i), texnologiya fani xonasi bor ekan. O‘g‘il bolalar uchun texnologiya fani xonasi jihozlangan, qiz bolalar uchun ajratilgan xona esa chiqindixona bo‘lib yotibdi.
Xullas, tumanda bir muammoga ikki xil yechim topilmoqda.
Endi bu ishlar yana cho‘ziladiganga o‘xshab turibdi. Tumanning sobiq hokimi (H.Umarov), tuman hokimligi huquqshunosi A.Turdialiyev, “Yermulkkadastr” xizmati tuman bo‘limi boshlig‘i ikkala muammoga bir xil adolatli va qonuniy yechim topishi kerak.
Darvoqe, ma’lumot uchun aytish joizki, tadbirkor bilan yer talashishi mumkin bo‘lgan maktablar tumanda 19 ta. Yana yuqoridagi fikrga qaytamiz. Quva tumanidagi 50-maktabning bino va inshootlari hali maktabga qaytarilmadi. Direktor tuman “Yermulkkadastr” davlat xizmati tuman bo‘limi, tuman hokimligi eshigida sarg‘aymoqda.
Sharifa MADRAHIMOVA,
“Ma’rifat” muxbiri