Sud maktab direktoriga qo‘yilgan ayblovlarni bekor qildi, XTBB uni lavozimiga tikladi
Yurtimizda “Inson va uning manfaatlari barcha narsadan ustun” tamoyili asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sudlar faoliyati shaffofligi va ochiqligining ta’minlanishi, har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarish yo‘lida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Bir paytlar sudda ayblangan fuqaro kamida jarima to‘lash bilan qutulgan. Oqlov hukmi qariyb chiqarilmagan. Sud chiqargan dastlabki qarorni boshqa sud inkor etmagan. Shu tariqa aybsiz aybdorlar ham jazoga tortilavergan. Bugun sudlar faoliyatida butunlay boshqacha manzarani kuzatish mumkin. Har bir ish sinchkovlik bilan, xolisona ko‘rib chiqilyapti.
Shu yilning mart oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasida Olmazor tumanidagi 146-maktab direktori Zuriyat Ahmedovaga nisbatan ko‘rilgan ish ham odil sudlovning yorqin namunasi bo‘ldi. Xo‘sh, mahalla ahli alohida hurmat qiladigan, o‘quvchilarning sevimli insoni bo‘lgan maktab direktori Zuriyat Ahmedova qaysi xatti-harakati uchun ayblangan edi?
Dalaboy aka va Ximoliya aya ko‘p yillar xalq ta’limi tizimida ishlab, yoshlarga ta’lim-tarbiya bergani uchun mahalla-ko‘y ularni alohida hurmat bilan yodga oladi. Bu oila farzandlari ham ota-onasiga munosib inson bo‘lib voyaga yetdi. 5 qiz va bir o‘g‘ilning to‘rt nafari ota-ona kasbini davom ettirib, pedagoglikni tanladi. Oilaning ikkinchi farzandi Zuriyat ota-onasiga havas qilib matematika fani o‘qituvchisi bo‘ldi.
Zuriyat Ahmedova 1983-yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tugatganidan so‘ng Olmazor tumanidagi 165-maktabda o‘quvchilarga matematikadan dars bera boshlaydi. O‘z kasbini sevgan, izlanish va intilishdan charchamaydigan pedagogning mahoratini atrofdagi hamkasblari yaxshi bilardi. Shu bois uni direktorlar ko‘p marotaba o‘z maktabiga chorlagan. U kasbiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida bir muddat O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyda ishladi.
Zuriyat Ahmedova 1999-yili 146-maktabda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritdi. U mazkur lavozimda haqiqiy rahbarlik salohiyatini ko‘rsatdi. 2003-yili maktab direktori bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, bir paytlar moddiy va ma’naviy holat yomonlashgan maktab namunali ta’lim muassasalari qatoriga qo‘shildi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi talabchan, muammo va kamchiliklarni e’tiborsiz qoldirmaydigan direktorning ish uslubini boshqa maktablarda ham ommalashtirishni tavsiya etadi. Biroq...
2016-yil yozida kutilmaganda maktabga Toshkent shahar moliya boshqarmasi nazorat-taftish guruhi xodimlari kelib, tekshiruvni boshlaydi. Tekshiruvchilar to‘plagan “dalillar” asosida maktab direktori lavozimini suiiste’mol qilish, xodimlarni noqonuniy ishga olish, o‘zganing mulkini talon-toroj qilish, xullas, yana bir qancha vajlar bilan aybdor sifatida sud qilinadi. 2017-yil 16-iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi hukmiga ko‘ra, Zuriyat Ahmedova Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan 2,5 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinadi. Unga eng kam ish haqining 110 baravari, ya’ni 16 475 250 so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llaniladi.
Sud hukmini o‘qib o‘yga cho‘masan, kishi. Maktab direktori o‘qituvchilari, farrosh, bino qorovuli, laborant, bog‘bon, hovli supuruvchi va yana shunga o‘xshash xodimlar oyligidan urib qolib, bir necha yuz million so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgani nechog‘lik haqiqatga yaqin? Sud hukmida qayd etilgan noqonuniy ishlar va pul o‘zlashtirish amaliyotini ayol kishi u yoqda tursin, uddaburon, qilni qirq yoradigan erkak ham amalga oshirishi dargumon. Hukmda qayta-qayta takrorlangan 102 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qildi”, “84 million so‘m pulni o‘zlashtirdi”, “97 million so‘m davlatga zarar yetkazdi”, “120 million so‘m ortiqcha maosh to‘ladi” kabi jumlalarni o‘qib, bir pedagogning hayoti va faoliyatini badnom qilishga yetarlicha “dalil” to‘planganiga amin bo‘lasiz.
— Turmush o‘rtog‘im Zuriyatga qilingan tuhmat, dastlab mening boshimda sinab ko‘rilgan. Aniqrog‘i, 2010-yili mening ham haq-huquqlarim poymol bo‘lgan, adolatsizlikka uchrab, asossiz jazolanganman, — deydi Yunusobod tumanidagi 21-maktab direktori Nurmahamat Ahmedov. — Ammo adolatni qaror toptirish uchun erta-yu kech yugurib-eldim, aybsiz ekanimni isbotlash uchun bormagan joyim, gaplashmagan odamim qolmadi. Shukrki, odil sudlov meni oqladi, aybsiz deb topdi. Boshimga mana shunday tashvish tushgan paytda vaziyatdan foydalanib, ayolimning ham aybsiz aybdorga chiqarilgani oilamiz uchun qattiq zarba bo‘ldi. Aybdor bo‘lmasak-da, hamkasblar, o‘quvchilar, qarindosh-u qo‘ni-qo‘shnilarim oldida mulzam bo‘ldik. Biroq haqiqatni yuzaga chiqarish, haq-huquqimiz tiklanishi uchun tinimsiz kurashdik. Sa’y-harakatlarimiz besamar ketmadi. Haqiqat qaror topib, oilamizga yana shodlik va quvonch kirganida, adolatning hayotda juda muhim ahamiyat kasb etishiga amin bo‘ldik.
Mamlakatimizda o‘qituvchilar qadr-qimmati va obro‘si tobora ortmoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay’ati a’zolari bir ta’lim fidoyisining qadr-qimmati uchun o‘z hamkasblari chiqargan hukmni bekor qilishga yetarli dalil va asoslar topdi. Sudlov hay’ati a’zosi, №1-225/17-sonli jinoyat ishi yuzasidan ma’ruzachi, sudya S.Sodiqov Zuriyat Ahmedovaning ishi yuzasidan shunday fikr bildirdi:
— Inson taqdiri, ayniqsa, pedagogning qadr-qimmati turli taxminlar asosida hal qilinishi mutlaqo noto‘g‘ri. Birinchi bosqich sudi mazkur jinoyat ishini ko‘rishda Oliy sud Plenumi qarori tushuntirishlariga rioya etmagan. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasi talablari asosida ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilmagan. Bu so‘roq qilingan sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda dastlabki tergov davomida to‘plangan hujjatlarga yetarlicha baho berilmaganidan dalolat. Tekshirish va surishtirish ishlaridan ma’lum bo‘ldiki, 2016-yili Olmazor tumanidagi 146-maktabda o‘tkazilgan tekshiruv ishlari xolislik bilan amalga oshirilmagan. Z.Ahmedova va boshqalar tomonidan vedomostlardagi imzolarni qalbakilashtirish orqali oylik maoshlarning talon-toroj qilingani bo‘yicha bironta dalil aniqlanmagan. Nazorat-taftish guruhi xodimlari tekshirish davomida maktab direktoriga munosabati yaxshi bo‘lmagan ayrim o‘qituvchilarninggina ko‘rsatmalarini asos qilib olgan. Ishga bunday yondashuv xolislik va adolatni ta’minlamaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiya sudlov hay’ati Z.Ahmedovaning ishi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xatolar, qonunbuzarlik holatlari, dalillar to‘plash jarayonidagi nohaqliklar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Sud Zuriyat Ahmedovaga qo‘yilgan ayblovlarni bekor qilib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoiy hodisalar yuz bermagani sababli uni oqladi.
Zuriyat Ahmedova boshdan o‘tkazgan bunday tashvishlar tufayli ko‘p siqildi. Biroq uch nafar farzandini yaxshi inson qilib tarbiyalab, elga qo‘shgan, minglab o‘quvchilarning bilim va salohiyatini oshirishda bosh-qosh bo‘lgan, o‘quvchi va o‘qituvchilarning sevimli rahbari sanalgan bu ayolga qilingan adolatsizlik uzoqqa cho‘zilmadi. Haqiqat qaror topdi.
Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasining 2019-yil 10-apreldagi buyrug‘i asosida Zuriyat Ahmedova Olmazor tumanidagi 146-maktab direktori lavozimiga tiklandi.
...Zuriyat Ahmedova uyidek qadrdon bo‘lgan ta’lim muassasasi ostonasiga qadam qo‘yganida ko‘ngli to‘ldi, ko‘zida beixtiyor yosh qalqidi. Maktab o‘quvchilarining barchasi qo‘lda guldasta bilan o‘zlari uchun nihoyatda qadrli bo‘lgan ustozni kutib oldi. Ma’yus tortgan chehralar yana shodlikdan yorisha boshladi.
Hasan MO ‘MINOV, jurnalist