Kasaba uyushmasi faxriylar xonadonida
Bugun Farg‘ona viloyatida 84 nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashamoqda. Urush faxriylarining ikki nafari — Kenjaboy Egamqulov, Ziyatali Bozorov Buvayda tumanida istiqomat qiladi.
Bayram arafasida Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Buvayda tumani kengashi tumandagi urush va mehnat faxriylari holidan xabar oldi.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Adhamjon Umarov boshchiligida bir guruh o‘qituvchilar dastlab Kenjaboy ota Egamqulov xonadonida bo‘ldi.
Otaxon o‘n yettiga kirar-kirmas urushga yuborilgani, Belorussiyani ozod qilishda qatnashgani haqida gapirib berdi. Otaxondan xabar olgani maktab o‘quvchilari ham kelib, urush xotiralarini tingladilar.
— Asosiy vazifamiz o‘quvchilarni vatanparvarlik va ona vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdir. Ezgu maqsadlarimiz ro‘yobini mana shu jajji bolalarda ko‘rar ekanmiz, eng avvalo, ularga shaxsiy namuna ko‘rsatishimiz kerak. Bolalar urush va tinchlik, ozodlik va tutqunlik, qiyinchilik va yo‘qchilik kabi tushunchalarni nafaqat kitoblardan, balki Kenjaboy ota kabi nuroniy keksalarimizdan eshitib bilsa, bugungi kunlarning qadrini yaxshiroq anglaydi, — deydi tumandagi 5-maktab o‘qituvchisi Gulchehra Abdullayeva. — Shuning uchun o‘quvchilar bilan birga Kenjaboy Egamqulovni yo‘qlab keldik. Otaxon bizga urush dahshatlarini, o‘zi ko‘rgan qiyinchiliklarni, yarador bo‘lganida do‘stining sadoqati, mehr-u muhabbati tufayli omon qolganini gapirib berdi. Tumanimizda bor-yo‘g‘i ikki nafar urush faxrisi qolibdi. Biz ulardan ko‘proq xotiralarni eshitib, qirg‘inbarot urushning insoniyat boshiga solgan dahshatini to‘liqroq his qilishga o‘rganishimiz kerak. Sababi, ana shunday qiyinchilik va ocharchilik, yomon kunlarni uning guvohidan eshitgan o‘quvchilarda bugungi tinch va osuda kunlarimizning qadriga yetish tuyg‘usi shakllanadi. Shu yo‘l orqali ularda shukronalik hissini tarbiyalaymiz.
Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Buvayda tumani kengashi respublikamizdagi eng yoshi ulug‘ inson — 124 bahorni qarshilagan Huvaydo momo Umarova, ta’lim va madaniyat sohasida mehnat qilib, bugun keksalik gashtini surayotgan 25 dan ziyod faxriylar xonadonida bo‘lib, ularga esdalik sovg‘alari topshirdi.
Sharifa Madrahimova