“Yog‘likgina patrla bor”
O‘zbek tilida gapiramiz, yozamiz, o‘qiymiz. Ammo amalda o‘zbek tiliga nisbatan hurmatsizlik va bepisandlik avj olmoqda.
Abdulla Qahhor “Moskva shunday shaharki, ko‘chalaridagi yozuvni o‘qib ham mullo bo‘lish mumkin”, degan edi. O‘zbekcha reklamalarda imlo xatolari bir dunyo, ko‘cha-ko‘yda atrofga bir razm soling: “Hush kelibsiz”, “Sartaroshhona”, “Yog‘likgina patrla bor”, “Ushtasi bitada”, “Guzal bulishni istaysizmi?”... Uni qo‘ya turing, o‘zbekcha qolib, boshqa tildagi so‘zlar qo‘llaniladi:
“Parikmaxerga kirib, sochimni prichyoska qildiryapman. Mashinam moykada. Uni olib, restoranga srochno yetib borishim kerak. Magazinga kirib podarka, “Sladost”dan perojniy yoki tort olaman”; “Pulim qolmadi, hammasi kserokopiyaga ketib qoldi. Stoloviydan bitta bulochka olishimga yetadi, xolos”...
Tilga hurmatsizlik shu darajada bo‘ladimi?!
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, dunyodagi 357 tilning har birida so‘zlovchilar soni 50 kishidan oshmaydi. Boshqacha aytsak, million kishi 250 tildan foydalanadi. So‘nggi 50 yil mobaynida sayyoramizdagi mavjud tillardan 4,5 foiziga hech kim murojaat qilmayapti. Bu globallashuv davrida til masalasi dolzarblashib borayotganidan dalolat beradi. yer yuzidagi mamlakatlar o‘z tilining ahamiyatini oshirishga bel bog‘lagan bir paytda, biz ham o‘z ona tilimizni asrab-avaylashimiz zarur, toki uning xalqaro doiradagi roli tushib ketmasin.
O‘zbek tilining qadr-qiymatini oshirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta. Globallashgan zamonda internet, televideniyesiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Afsuski, teleko‘rsatuvlardagi ba’zi holatlar, yo‘l qo‘yilayotgan xatoliklar tilga nisbatan sovuqqonlikning yorqin ko‘rinishidir. So‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qilish, shevada so‘zlash, imlo xatolari, “ko‘cha tili”dagi so‘zlashuvlar “bolalab” bormoqda. Internet saytlarida ham ko‘plab imloviy xatolarga ko‘zimiz tushadi.
Agar o‘zbek tilining xalqaro maydonda obro‘si oshishini istasak, uni, avvalo, o‘zimiz e’zozlaylik. Til ham Vatan kabi muqaddas. U xususiy emas, jamoa yoki hududniki ham emas. U butun O‘zbekistonniki, dunyodagi barcha o‘zbeklarniki. Ozod va obod Vatan qoldirishni niyat qilganimizdek, kelajak avlodga sof va go‘zal ona tilini qoldirishga burchlimiz.
Irodabonu AVVALBOYEVA