“Samarqandda sudyalar kimga xizmat qilyapti?” sarlavhali maqola yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining axboroti
15-may kuni “Ma’rifat” gazetasida chop etilgan va 16-may kuni www.uza.uz saytida e’lon qilingan “Samarqandda sudyalar kimga xizmat qilyapti?” sarlavhali maqola yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining axboroti.
O‘zbekiston Respublikasi FPKning 373-moddasiga ko‘ra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar sudning qarori qonuniy, asosli va adolatli ekanligini tekshirish haqidagi shikoyat (ariza) bilan qonunda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli.
Mazkur Kodeksning 422-moddasiga ko‘ra, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari ustidan ushbu Kodeksning 373-moddasida ko‘rsatilgan shaxslargina nazorat tartibida shikoyat qilishi mumkin.
Maqolaga sabab bo‘lgan mehnat nizosi bilan bog‘liq ish bo‘yicha sud qarorlariga nisbatan Samarqand shahar 48-umumiy o‘rta ta’lim maktab ma’muriyati 2019 yil 27 mart kuni nazorat tartibida shikoyat bergan bo‘lib, Oliy sud tomonidan fuqarolik ishi nazorat tartibida o‘rganish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudidan chaqirtirib olingan.
Ayni paytda Samarqand shahar 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabining shikoyati fuqarolik ishi bilan birga ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazilgan.
Ish sudlov hay’ati sud majlisida ko‘rilgach, natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Oliy sud matbuot xizmati