Imlo lug‘atining o‘zida xato bo‘lsa…
Hech toqat qilib bo‘lmaydigan holatlar borki, unga biz — tilshunoslar, e’tibor qilmasak, bu kamchiliklarni tuzatishga harakat qilmasak, katta xato bo‘ladi, nazarimda. Kasbimiz taqozosi bilan yangi chop etilayotgan kitoblarga ko‘p murojaat qilamiz. Kitob maktub emaski, bir kishigagina tegishli bo‘lsa. Sahifalari yaproq emaski, bir mavsumdan so‘ng yo‘q bo‘lib ketsa. Unda fikrlar muhrlanadi, so‘zlar marjondek tiziladi. Ammo so‘zlarning to‘g‘ri varianti bor bo‘la turib, kitoblarga ularni mayib qilgandek, noto‘gri yozsalar, bunga toqat qilish qiyin. Axir, shundoq ham ko‘cha-ko‘yda tilimizni istagancha buzib gapiradiganlar, shevaga oid so‘zlarni nokerak joyda-da ishlatadiganlar ko‘p uchraydi.
Gohida ziyolilar, tilshunoslik sohasi mutaxassislarining har qadamda uchraydigan yorliqlar, ko‘rgazma, reklama, e’lon, joy nomlarida yo‘l qo‘yilgan imlo xatolari to‘g‘risida “g‘ij-g‘ij xato” deganini eshitib qolamiz. O‘zimiz-chi? Turgan mavqeyimizga yarasha savodlimizmi? Muallif minglab nusxada chop etiladigan kitobining har bir o‘quvchisi oldida javobgar ekanini his etadimi? Bor aybni harf teruvchiga osongina ag‘darishdan ma’no yo‘qligini tushunadimi?
2012-yili “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati tomonidan chop etilgan “O‘zbek tilining kirill va lotin alifbolaridagi imlo lug‘ati” (T.Tog‘ayev, G.Tavaldiyeva, M.Akromova) ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari uchun yosh avlodga tilimiz imlosini o‘rgatishda hamda sohaning boshqa mutaxassislariga ish yuritishda eng muhim manba, tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Muqovasi juda qimmatli manba ekanini aytib turgan bu kitobni ko‘p mutaxassislar qo‘lida ko‘ramiz. Biroq bu kitobning o‘zi mukammalmi? Uning o‘zi imloviy jihatdan solishtirish va tuzatishlarga muhtoj emasmi?
Akademik litsey o‘quvchilarining, ba’zida maktab o‘quvchilarining lug‘at va ayrim so‘zlar imlosi borasidagi savollariga javob topib berolmay qiynaladi kishi.
Avvalo, lug‘atning nima uchun lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi tartibida tuzilmaganiga hayron bo‘lasiz. Axir, lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi qabul qilinganiga chorak asr, imlo qoidalari tasdiqlanganiga 23 yil to‘ldi. Balki sabab kitobning kirill yozuvi asosidagi alifboda ta’lim olgan mutaxassislar uchun ham mo‘ljallanganidadir. Biroq mualliflar nahotki, ularning, hech bo‘lmasa, lug‘atdan foydalanish uchun yangi alifbomizni yodlab olishiga ko‘zi yetmagan bo‘lsa. Agar lug‘at o‘rta va oliy ta’lim bosqichida tahsil olayotganlar uchun ham mo‘ljallangan ekan (shuni yodda tutish kerakki, lug‘atdan foydalanuvchilarning katta qismi o‘quvchi-talabalar bo‘lib chiqadi), uni tezda lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi tartibida shakllantirmoq joiz.
Darvoqe, bu maqolani yozishimizga turtki bo‘lgan voqea xususida. Insholar tanlovida o‘quvchining inshosida “naqarot” so‘zi “naqorat” tarzida yozilgani uchun imlo xato sifatida belgilandi. O‘quvchi o‘z inshosini ko‘rishni iltimos qilib, yuqoridagi so‘zni to‘g‘ri yozganini isbotlash uchun shu lug‘atni olib keldi. Bizning so‘zimiz o‘quvchi oldida ham, ota-ona oldida ham qimmatini yo‘qotdi. Axir, uning qo‘lida “Sharq” nashriyoti tomonidan 10 000 nusxada chop etilgan mazkur kitob bor edi. Hayronmiz, nega mualliflar kirill yozuvida ham so‘zlar imlosini buzib ko‘rsatishga jur’at etgan.
Endi lug‘at tuzuvchilar yo‘l qo‘ygan loqaydliklar natijasida yuzaga kelgan xatolik va kamchiliklarga to‘xtalsak.
1. Lug‘atdan keng iste’molda bo‘lgan, ya’ni qo‘llanish doirasi chegaralanmagan qator so‘zlarni, ularning imlosini bilish zarur bo‘lgani holda, topib bo‘lmaydi. Masalan: abadulabad, davomiylik, dalachoy, dali-devona, duotalab va hokazo.
2. Tarixiy-milliy tilimizga xos bo‘lgan so‘zlar imlosi o‘ta zarur bo‘lgani holda, ular kitobga kiritilmagan (kichiri, mirzaboshi, mixxat).
3. Lug‘atdan qandaydir sababga ko‘ra aksariyat yasama fe’llar (kirlamoq, kichiklashmoq, mavjlanmoq) tushirib qoldirilgan.
4. Aql-hush so‘zi aql-xush tarzida keltirilgan. Tuzuvchilar shunday so‘z bor deyishlari mumkin. Biroq aql-hush (aql-hushi joyida ekan) so‘zining o‘zi negadir lug‘atda keltirilmagan.
5. Avvalgi beshta lug‘atda mavjud bo‘lgan, tik ma’nosini beradigan adil so‘zi keltirilmagan, adolat ma’nosini beruvchi adl so‘ziga to‘g‘ri, adolat deb izoh berilgan.
6. Yangicha innovatsiyalar davrida neologizm sifatida keng ishlatilayotgan va uning to‘liq muqobili sifatida o‘zbek tilida biror so‘zni keltirib bo‘lmaydigan aprobatsiya so‘zi lug‘atda yo‘q.
7. Bir yoqlama so‘zi ajratib yozilgani holda ikkiyoqlama so‘zi qo‘shib yozilgan. Biz esa zukko o‘quvchilarning savoliga nima deb javob berishga, bu so‘zlar imloning qaysi qoidalari asosida ikki xil yozilganini tushuntirishga hayronmiz.
8. Naq shu kitobning 21-sahifasidagi ajratib yozish qoidalari 82-betdayoq buzilgan, ya’ni birdan bir so‘zi chiziqcha bilan yozilgan.
9. Qandaydir (so‘z boyligimiz kamligi pand berib xato qilayotgandirmiz balki) “manzarat” so‘zi keltirilgan, lekin juda ko‘p ishlatiladigan “manzirat” so‘zi esa lug‘atda yo‘q.
10. Ona tilimizda mavjud bo‘lgan “moyak” so‘zi uchramaydi, biroq “mayak” degan so‘z bor.
11. Lug‘atda “metall-lom” so‘zi uchraydi. O‘zi tilimizda shunaqa shakldagi so‘z bormi, deb o‘ylanib qolasan, kishi.
12. Qandaydir “muashshax” so‘zi kiritilgan. Bu yangi atama sifatida adabiyotga kiritilgan bo‘lsa, biz bundan xabardor bo‘lgan bo‘lardik. Avvalgi izohli lug‘atlarimizda bunday shakldagi so‘z yo‘q. Lug‘atdan lirik she’r shakllaridan biri bo‘lgan “muvashshah” so‘zini esa topib bo‘lmaydi.
13. “Munkar-nakir” so‘zi har ikki yozuvda ham chiziqcha bilan yozilgan. Avvalgi izohli lug‘atlarda bu so‘z qo‘shib yozilgan. Ayrim so‘zlar imlosining o‘zgartirilishida yangi lug‘atga yangilik kiritilgani inobatga olingandir, lekin 1956-yildan beri o‘zgartirish kiritilmagan imlo qoidalari asosida yozilgan so‘zlarni, hech bo‘lmasa, to‘g‘ri ko‘chirilsa bo‘lardi.
14. “Tagzamin” so‘zi keltirilmagan.
Bu qatorni hali ko‘p davom ettirish mumkin (taxminan 250 ta).
Akademik litsey o‘quvchilarining, ba’zida maktab o‘quvchilarining lug‘at va ayrim so‘zlar imlosi borasidagi savollariga javob topib berolmay qiynaladi kishi.
Soha mutaxassislariga ilmni, kitob nomli ma’naviy boylikni, ayniqsa, butun xalqni qattiq hurmat qilishlari zarurligini, bu esa o‘z yelkalariga dadillik bilan olgan vazifalariga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishlarida namoyon bo‘lishini eslatib qo‘ymoqchimiz. Yana shuni ta’kidlamoqchimizki, xolis yordam kerak bo‘lsa, mutaxassis sifatida hamisha ko‘makka tayyormiz. Bizga butun xalq qo‘liga yetib borib, o‘zbek ilm-fani mavqeyi, tilshunos olimlar bilimini namoyon etuvchi bebaho xazina — kitoblar to‘g‘ri chop etilsa hamda yoshlarimizning biz kattalarga ishonchi so‘nmasa, shu kifoya.
Ma’mura ZOHIDOVA, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yoshlar bo‘limi bosh mutaxassisi