Ilg‘or pedagoglar taqdirlandi
Xiva markazida savlat to‘kib turgan muhtasham Xorazm Ma’mun akademiyasi qadimda dunyoning turli nuqtalaridagi olim-u ulamolar, mudarrislar fan yangiliklaridan xabardor bo‘ladigan, tajriba almashadigan ilm o‘chog‘i sanalgan. Shundan beri ne-ne ziyolilarga beshik bo‘lgan, buyuk allomalari bilan dunyoga tanilgan Xorazm vohasi maorifi katta ruhiy quvvat, ziyo chashmalarini o‘zida jamlagan. Muallimlari o‘z faoliyatida asqotayotgan ta’lim nashrlariga alohida e’tibor qaratmoqda.
“Ma’rifat”-“Учитель Узбекистана” gazetalari tahririyati tomonidan tashkil etilgan “Faslning eng yaxshi ijodkori”, “Boshlang‘ich ta’lim” jurnalining “Mahorat” tanlovlari o‘zining jo‘yali fikr-mulohazalari va hozirjavobligi bilan faollik ko‘rsatayotgan ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Xorazmga safarimiz davomida mazkur tanlovlarda g‘olib bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilarni diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladik.
Xonqa tumanidagi 40-maktabda o‘tkazilgan tadbirda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamro Bektemirov, tuman XTB mudiri Rajabboy Aminov mamlakatimizda o‘qituvchilar obro‘sini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, pedagoglarning majburiy mehnatga jalb etilishiga barham berilgani ustozlarning o‘z ustida ko‘proq ishlash imkoniyatini oshirganini ta’kidladi. Shuningdek, H.Bektemirov ta’lim nashrlari tahririyatlarida malakali huquqshunoslar ko‘magiga ehtiyoj borligi, shu orqali huquqiy-me’yoriy hujjatlarda yuridik jihatdan hal etilishi lozim bo‘lgan savollarga matbuot sahifalari orqali aniqlik kiritish taklifini bildirdi.
— O‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning soatbay ish haqi kamligi masalasi “Ma’rifat” gazetasida dadil ko‘tarilgani uchun muammo ijobiy yechim topdi, ishdan nohaq bo‘shatilgan direktorlar o‘z o‘rniga qaytarildi, — deydi 40-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, “Mahorat” tanlovi g‘olibi Azzatjon Azimova. — Ta’lim nashrlari faoliyatimizga doir yangiliklar bilan tanishish, metodik yordam olishimizda qo‘l kelmoqda.
Shovot tumanidagi 30-maktabda bo‘lib o‘tgan tadbirda har ikki nashr faoliyati, tanlov shartlari xususida batafsil ma’lumot berildi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida pedagoglar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shu maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Dilfuza Matniyozovaga “Eng yaxshi metodik material uchun” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgani uchun tahririyat diplomi topshirildi.
Dilshod RO‘ZIQULOV