Sotilayotgan imtihon javoblari o‘quvchilarni izlanishdan to‘xtatmoqda
O‘quv yili tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi. Yil davomida berilgan bilimlar natijasini aniqlash, tahlil qilish, ya’ni g‘alvirni suvdan ko‘taradigan imtihon pallasi yaqin.
Barcha maktablarda bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan. Biroq taraddud chog‘ida o‘qituvchi va o‘quvchi uchun o‘z natijasidan xulosa chiqarishga, kelgusida o‘z oldiga aniq maqsad va reja qo‘yishiga monelik qiluvchi achinarli holatlar yuz bera boshladi. Internet saytlari har doimgidan-da faol. O‘quvchilarga imtihon savollariga tayyor javoblarni e’lon qilib, pul ishlashni boshlab yuborgan. Bu biz o‘qituvchilarni xavotirga solmoqda.
O‘quvchilik davrimizda imtihon savollariga javob izlab, ularni alohida daftarga qayd etib borardik. Har bir fan uchun tutilgan bunday daftar keyinchalik ham asqotardi. Chunki unda eng kerakli ma’lumotlar qisqa va lo‘nda berilar edi. Hozir esa o‘quvchi tayyor javobni sotib olib, imtihonda foydalanyapti.
O‘g‘lim ham informatika va axborot texnologiyalari fanidan imtihon javoblarini sotib olish uchun pul so‘radi. Unga imtihonlarga mustaqil tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini tushuntirdim. Dastlab unamadi. Pul bermaganim va uzoq tushuntirishimdan keyin o‘zi tayyorgarlikni boshlab yubordi. Hafsalasizlik bilan boshlagan ishi hozir o‘ziga ham ma’qul kelib, endi jiddiy izlanishga o‘tdi.
Shu o‘rinda ota-ona va o‘qituvchilardan o‘quvchilarning imtihonga tayyorgarlik jarayonini nazorat qilishlarini so‘rayman. Axir, farzandingiz imtihonga puxta tayyorlansa-yu, tarallabedod qilib yurgan sinfdoshi bilan yakunda bir xil bahoga loyiq topilsa, shu adolatdanmi?!
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi