Elektron hukumat uning ishlash prinsipi qanday?
O‘zbekiston “Elektron hukumat”ning ishonchli infratuzilmasini yaratishga qaror qilgan davlatlardan biridir. 2015- yil 3 -dekabr kuni Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida tasdiqlanib, 2016-yil iyun oyidan kuchga kirgan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun davlat organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligi, fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan teng foydalanishi, axborot xavfsizligi prinsiplarini mustahkamlaydi. “Yagona darcha” tizimi asosida elektron hujjat almashish imkoniyatlari yanada kengayib, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro aloqaning samarali mexanizmlari yaratiladi.
Bu tizim haqida maktab o‘quvchilariga tushuncha berish davr talabiga aylanmoqda. Agar o‘smir maktab davridanoq axborot texnologiyalari, davlat organlarining ochiqligi, turli elektron hujjatlar haqidagi tushunchani egallab bormasa, raqamli iqtisodiyot sharoitiga moslashishi qiyin. Davlat organlari bilan aloqani yaxshilash, navbat kutishni kamaytirish, ma’lumot, guvohnoma, litsenziya kabi rasmiy hujjatlar olish jarayonini yengillashtirishda elektron hukumatning roli katta.
O‘quvchi o‘z tumani va viloyati hududida “Davlat xizmatlari markazi” faoliyat ko‘rsatayotganidan xabardor bo‘lishi lozim. “Informatika va axborot texnologiyalari” fanidan muayyan tushuncha hosil qilgan 10-11-sinf o‘quvchilariga “elektron hukumat” atamasini bandma-band tushuntirish katta samara beradi.
Elektron hukumat tarmoqlari — yuridik, jismoniy shaxslar, ko‘chmas mulk, ma’lumot va klassifikatorlar registri, avtotransport, milliy geoma’lumot tizimi ko‘rsatilgan. Ana shu 6 ta baza bo‘yicha axborot almashinuv tarmog‘i hosil qilinadi. Mavjud ma’lumotlar bazasiga tayanib, har bir operatsiyani tezkorlik bilan bajarish mumkin. Respublikamizda katta tezlikda ishlaydigan optik tolali internet tizimiga jadallik bilan o‘tilmoqda. 2018-yil dekabr oyidan e’tiboran, internet tezligi o‘n barobar — 1200 Gbit/s gacha oshirilgani ko‘pchilikka ma’lum. Albatta, elektron hukumat tezkor, jadal, bexato, me’yorida ishlashi uchun mamlakat miqyosida kommunikatsion muhit yaratilishi lozim.
11-sinf “Informatika va axborot texnologiyalari” o‘quv predmetida 31-dars “Elektron hukumat” mavzusiga ajratilgan. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Elektron hukumat arxitekturasi” yaratilgani shu soha mutaxassislarigagina ma’lum. Aslida, bu tizimning ishlash prinsiplaridan keng jamoatchilik, jumladan, o‘quvchilar ham xabardor bo‘lishi lozim. Darsda mazkur chizmadan foydalangan hamkasblarimizning o‘zlashtirish va bilim samaradorligiga erishishda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishiga shubha yo‘q. Bitiruvchilar kelajakda maktabni tamomlab, davlat xizmatlari agentligiga qachon, qay vaziyatda murojaat qilish mumkinligini biladi.
Chizmaning bir tomonida oltita axborot tizimi — sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal, adliya, davlat boshqaruvi litsenziya ko‘rsatilgan. Ikkinchi tomonda esa soliq, xarid, budjet, kliping, bojxona, nafaqa aks ettirilgan. “Kliping” so‘zi notanish ekanligini inobatga olib, auditoriyaga uning lug‘aviy ma’nosi — “o‘zaro majburiyatlarni belgilash, aniqlash va hisobga olish” ekanligini uqtiramiz. Faoliyatning bu turi bitimga doir axborotni to‘plash, solishtirish, unga tuzatish kiritish hamda qimmatli qog‘ozlarga doir fuqaroviy-huquqiy bitimlarni ijro etish uchun buxgalteriya hujjatlarini tayyorlash operatsiyasini o‘z ichiga oladi. Ko‘rsatib o‘tilgan 12 ta axborot tizimining elektron shaklda ishlashi, o‘zaro axborot almashish imkoni mavjudligi o‘quvchi tasavvurini kengaytirib, uni shu jarayonga moslashtiradi.
Elektron hukumat tizimida har bir soha mutaxassislari ma’lumotlarni kunma-kun yangilayveradi. Ma’lumotlar maxsus dastur asosida jamlanadi. Masalan, “Jismoniy ma’lumotlar bazasi”da pasport ma’lumotlari bilan tanishish mumkin: pasport seriyasi, shaxsning ism-familiyasi, yashash manzili, soliq to‘lovchining (14 raqamdan iborat) identifikatsiya raqami. U ta’lim oluvchimi pedagogmi, shifokor yoki bank xodimimi — ma’lumot bir zumda muhayyo.
Bu yildan oliy o‘quv yurtlariga abituriyentlardan hujjatlarni elektron qabul qilish mo‘ljallanmoqda. Umumta’lim maktablarida ham elektron jurnal joriy etilishi ko‘zda tutilayotir. Ta’lim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini muvaffaqiyatli qo‘llashning eng samarali yo‘li har bir maktabda bosh server tashkil etishdir. Shundagina maktab, bog‘cha, poliklinika, mahalla, mahalla qoshidagi tayanch punkti o‘rtasida yagona axborot olami paydo bo‘ladi. Agar O‘zbekistonda qariyb 10 ming maktab, 10 mingdan ziyod mahalla, ko‘plab oilaviy poliklinikalar bo‘lsa, aholining aksariyat qismi bog‘cha va maktab bolalari ekanligi e’tiborga olinsa, ulkan ma’lumotlar bazasining maktabdan boshqarilib, hududiy xizmat shoxobchalari bilan elektron hamkorlik qilishi ortiqcha ovoragarchiliklarga barham beradi. Maktab pedagoglari oliy ma’lumotli bo‘lganligi uchun bu bazani boshqarish, yangilab turish qiyin emas. Qolaversa, maktab-oila-mahalla hamkorligining avtomatlashtirilgan tizimi yana ham takomillashadi.
Hozirgi vaqtda davlat xizmatlari portalida 100 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Notarius qabuliga yozilish, FHDYga oid, soliq va qarzdorlikning onlayn hisobini yuritish, bolani maktabgacha ta’lim muassasasi ro‘yxatiga kiritish, maktabga qabul qilish, kommunal, yo‘l harakatiga oid, kadastr, tadbirkorlik yo‘nalishida davlat xizmatlari ko‘rsatish osonlashdi. Har bir o‘qituvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi (pm.gov.uz), ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihasini muhokama qilish tizimi (regulation.gov.uz), jamoatchilik tashabbuslari yagona platformasi (meningfikrim.uz), yagona identifikatsiyalash tizimi (id.gov.uz) haqida bilishi, ulardan qanday foydalanish mumkinligini yuqori sinf o‘quvchilariga yetkaza olishi kerak.
Inson davrning shiddatkor oqimiga moslashishi uchun har kuni, har daqiqada yangiliklardan boxabar bo‘lishi kerak. Muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “Bilimli avlod — buyuk kelajakning, tadbirkor xalq — farovon hayotning, do‘stona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir”, deya ta’kidlagani bejiz emas.
Baxtiyor KARIMOV, O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi