Maktablarda shaxmat darslari qanday o‘tilyapti?
2018-yil 9-avgustda “O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori imzolandi. Unda respublikamizdagi 150 ta umumta’lim maktabining 2-sinfida sinov tariqasida shaxmat darslari o‘tilishi belgilab berildi.
Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7, Andijon viloyatida 9, Buxoro viloyatida 11, Jizzax viloyatida 8, Qashqadaryo viloyatida 9, Navoiy viloyatida 10, Namangan viloyatida 9, Samarqand viloyatida 10, Surxondaryo viloyatida 8, Sirdaryo viloyatida 10, Farg‘ona viloyatida 13, Xorazm viloyatida 8, Toshkent viloyatida 17 va Toshkent shahridagi 21 ta umumta’lim maktabida shaxmat sinfxonalari tashkil etilib, 2-sinfdan shaxmat darslari o‘tilishi kerak edi.
Maktablarda shaxmat darslari qanday tashkil etilgani va mas’ul tashkilotlar — Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi qaror bandlarida keltirilgan masalalar bo‘yicha nima ishlarni amalga oshirgani bilan qiziqdik. Ro‘yxatga kiritilgan 150 ta maktabning ayrimlarida bo‘lib, jarayonni bevosita o‘rgandik.
O‘rganish jarayonida Yunusobod tumanidagi 63-, 17-, Mirobod tumanidagi 125-, Olmazor tumanidagi 159-maktablarda 2-sinflar uchun shaxmat darsi tashkil etilgani va alohida xona ajratilgani ma’lum bo‘ldi. Ammo ularning ayrimlarida o‘quvchi soni nihoyatda ko‘pligi bois, xona yetishmovchiligi muammo bo‘lmoqda.
— Maktabimizda 6 ta 2-sinf bor, — dedi Olmazor tumanidagi 159-maktab direktori Hamida Mansurova. — Hammasida reja asosida shaxmat darslari o‘tilyapti. Lekin alohida shaxmat xonasi ajratishga sharoitimiz yo‘q. Chunki maktabimiz 960 o‘quvchiga mo‘ljallangan, ammo 1900 nafar bola tahsil oladi. Shu bois shaxmat darslari bo‘sh xonada o‘tiladi. O‘qituvchilarning ko‘pincha inventarlarni ko‘tarib yurishiga to‘g‘ri keladi. Lekin bolalarning shaxmatga qiziqishi juda yuqori. O‘yin usullarini tez o‘rganishyapti. Darslarni jismoniy tarbiya o‘qituvchilarimiz imkon darajasida o‘tyapti. Chunki ular shaxmatchi emas va bu sport turini professional darajada bilmaydi.
— Maktabimiz shaxmatni dars sifatida o‘qitadigan maktablar ro‘yxatiga kiritilganidan internet orqali xabar topdik, — dedi Yunusobod tumanidagi 63-maktab direktori Mastura Umaraliyeva. — Keyin Shaxmat federatsiyasidan qo‘ng‘iroq qilib, maktabimizda 2-sinflarda shaxmat darsi tashkil etilishini aytishdi. 3 ta 2-sinfimiz bor. Ularning dars jadvaliga shaxmatni fan sifatida kiritib, alohida xona ajratdik. Bolalarga jismoniy tarbiya fani o‘qituvchimiz dars beryapti. To‘g‘ri, u shaxmat o‘ynashni yaxshi biladi, lekin bu bo‘yicha mutaxassis emas-da. Shuning uchun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida shaxmat fakulteti ochilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Nazarimda, u nafaqat 2-sinf, balki barcha sinflarda fan sifatida o‘tilishi kerak. Buning uchun esa bizga shaxmat bo‘yicha mutaxassislar zarur.
Qarorda, shuningdek, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi ro‘yxatga kiritilgan 150 maktabning shaxmat sinfxonalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini ko‘rishi zarurligi qayd etilgan. Unga ko‘ra, federatsiya 2018-yil noyabrda belgilangan 150 ta maktabga teng miqdorda tarqatish uchun Xalq ta’limi vazirligiga 150 ta magnitli doska, 3000 ta shaxmat taxtasi hamda 2250 ta elektron shaxmat soati bergan. Buni Xalq ta’limi vazirligining maktabdan tashqari ta’lim, sport va turizmni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Qoraboyev ham tasdiqladi. Ammo nima uchundir inventarlar barcha maktablarga teng berilmagan. Xususan, Yunusobod tumanidagi 63-maktabga 15 tadan shaxmat taxtasi va soati, 1 ta magnitli shaxmat doskasi, shu tumandagi 17-maktabga 20 tadan shaxmat taxtasi va soati, 1 ta shaxmat doskasi, Mirobod tumanidagi 125-maktabga 20 tadan shaxmat taxtasi va soati, 1 ta magnitli shaxmat doskasi berilgan. Olmazor tumanidagi 159-maktabga esa 1 ta magnitli shaxmat doskasi, 30 ta shaxmat soati berilgan, ammo birorta ham shaxmat taxtasi berilmagan.
— O‘zimizda avvaldan shaxmat taxtalari bor edi. Balki shuning uchun bizga shaxmat taxtalari berilmagandir. Barcha bolalarga yetarli bo‘lgani uchun o‘zim ham nega shaxmat taxtasi berilmagani sababini so‘ramadim, — dedi 159-maktab direktori Hamida Mansurova.
Inventarlar barchaga teng taqsimlanmagani kamdek, maktablarga turli oylarda, ayrimlariga ancha kech yuborilgan. Ba’zi viloyatlarga hanuzgacha yetkazilmagan. Bundan tashqari, shaxmat darslarini mutaxassislar emas, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari o‘tayotgani ham mavjud kamchiliklardan biri hisoblanadi. qarorda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishgan holda yuqori malakali murabbiy kadrlarni tayyorlash chora-tadbirlari dasturini taqdim etishi belgilab qo‘yilgan.
Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i Sevara Boymurodovaning ma’lum qilishicha, ushbu dasturga kelgusida Samarqandda ochilishi ko‘zda tutilayotgan Rossiyaning Jismoniy tarbiya universiteti filialida shaxmat fakultetini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritilgan. Biroq mazkur filialning qachon ochilishi noma’lum. Shaxmat mutaxassislari suv va havodek zarur paytda, mamlakatimizda minglab malakali sport murabbiylarini tayyorlagan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetidek uzoq yillik tajribaga ega OTM faoliyat yuritayotgan bir pallada chet el universiteti filialining ochilishini kutish qanchalik to‘g‘ri?
— Universitetimizda yangi o‘quv yilidan e’tiboran qator yangi fakultetlar, jumladan, qishki sport turlari fakultetini ochish rejalashtirilgan, — deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining devonxona mudiri Kamola Qurbonova. — Lekin shaxmat fakultetini ochish to‘g‘risida hech qanday gap yo‘q. Chunki bu bo‘yicha qaror qabul qilinishi uchun Shaxmat federatsiyasi tegishli tashkilotlarga murojaat bilan chiqishi lozim. Taklif tasdiqlangandan keyingina universitetda mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Aytish kerakki, qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha yuzaga kelayotgan kamchiliklar faqat shulardan iborat emas. Nafaqat viloyatlar, balki poytaxtimizda ham bu boradagi eng katta muammo — darslik va o‘quv qo‘llanmalar masalasidir. Qaror qabul qilinganiga to‘qqiz oy bo‘layotganiga qaramay, hamon o‘qituvchilarning qo‘lida shaxmat darslarini o‘tish uchun na o‘quv qo‘llanmasi, na darslik bor. Ularda Xalq ta’limi vazirligi tasdiqlagan o‘quv dasturi rejasi bor, xolos. Surishtiruv jarayonida o‘qituvchilarning aksariyati darsni internet materiallari asosida o‘tayotganini ta’kidladi. Aslida, qaror qabul qilinganidan hech qancha vaqt o‘tmay, Xalq ta’limi vazirligi bilan Shaxmat federatsiyasi hamkorlikda Rustam Qosimjonovning 2013-yili chop etilgan “Shaxmat — sehrli olam” nomli multimediali interaktiv kitobini darslik sifatida tavsiya etgani, uning umumiy o‘quv hajmi 38 soatni tashkil etishini ma’lum qilgandi. Ammo darslik hanuzgacha shaxmat fani o‘qituvchilari qo‘liga yetib bormagan.
Respublika ta’lim markazining amaliy fanlar bo‘limidan darslik masalasini surishtirdik. Ma’lumotlarga ko‘ra, markaz metodistlari R.Qosimjonovning kitobini qayta ishlab, maktablarga moslashtirib, tayyor holda, maktablarda ko‘rgazmali qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin, degan xulosa bilan 2018-yilning 31-avgustida Shaxmat federatsiyasiga topshirgan.
— Birinchi o‘qishda kitobni kattalarga mo‘ljallangani bois, bolalar uchun murakkablik qiladi, degan xulosa bilan qaytargan Respublika ta’lim markazi ikkinchi o‘qishda uni tasdiqlaganidan so‘ng Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etdik, — dedi Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i Sevara Boymurodova. — Lekin vazirlik darslikni bolalar uchun murakkab deb topib, tasdiqlamadi. Gap shundaki, Rustam Qosimjonovning kitobi aslida darslik uchun mo‘ljallanmagan. Ammo biz shaxmat bo‘yicha darsliklar yaratilguncha o‘qituvchilar va o‘quvchilar foydalanishi uchun uni soddalashtirib, darslik holatiga keltirgandik. Xalq ta’limi vazirligi darslikni tasdiqlamagach, yana qaytadan ishlab chiqyapmiz. Bilasiz, darslik yaratish oson ish emas. Bu jarayon bir necha yilga cho‘zilishi mumkin. Hozir o‘qituvchilar faqat xalq ta’limi vazirligi va federatsiya tasdiqlab bergan dars rejasi asosida dars o‘tyapti. Biroq ularga darslik va qo‘llanma zarur. Shu bois biz uni chop etib, belgilangan maktablarga yetkazib berishga tayyor turibmiz. Faqat uni Xalq ta’limi vazirligi tasdiqlab bersa, bas. Shu bilan birga, mutaxassislarimiz ham qo‘llanmalar yaratish ustida qizg‘in ish olib boryapti. Ularni yangi o‘quv yiliga qadar tayyor holga keltirishni niyat qilganmiz.
To‘g‘ri, qarorda darslik masalasida qat’iy topshiriq berilmagan. Biroq maktablarda shaxmat dars sifatida o‘tilar ekan, o‘qituvchilar uchun darslik va o‘quv qo‘llanmalari bo‘lishi zarur.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7 ta (Beruniy tumanidagi 16-, Kegayli tumanidagi 25-, Taxiatosh tumanidagi 3-, Qo‘ng‘irot tumanidagi 36-, Shumanay tumanidagi 7-, Xo‘jayli tumanidagi 3- va Ellikqal’a tumanidagi 61-maktablar) umumta’lim maktabining 2-sinfida shaxmat darslarini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur ta’lim muassasalari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan shaxmat anjomlari (shaxmat o‘yin doskasi, magnitli shaxmat namoyish taxtalari, elektron shaxmat soatlari) bilan ta’minlangan. Xususan, 197 o‘g‘il-qiz tahsil olayotgan Kegayli tumanidagi 25-maktabga 2019-yilning fevral oyida 20 ta shaxmat o‘yin taxtasi, 1 ta magnitli shaxmat namoyish doskasi olib kelingan. 15 ta elektron shaxmat soati esa endi olib kelinishi rejalashtirilgan...
Xo‘jayli tumanidagi 3-maktabda yettita 2-sinf mavjud bo‘lib, ularda 217 nafar o‘quvchi shaxmat darslarini qunt bilan o‘rganmoqda. Lekin bu yerda ham qo‘llanmaning yo‘qligi darslarni sifatli tashkil etishga xalal bermoqda.
G‘allaorol tumanidagi 78-maktabda ikkita 2-sinf o‘quvchilariga shaxmatni o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Haftada bir marta shaxmat darsini o‘tish uchun alohida xona ajratilgan. Maktabga Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 1 ta magnitli doska, 20 ta shaxmat taxtasi va 15 ta shaxmat soati berilgan. Darslarni ikkinchi toifali jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Abdujalol Namozov o‘tyapti.
— Hozir ustozimiz ko‘magida o‘yinni mustaqil tarzda yakunlash sirlarini o‘zlashtiryapmiz, — dedi 2-sinf o‘quvchisi Afsona Abdusaidova.
Baxmal tumanidagi 22-, Zarbdor tumanidagi 4-maktablarda ham shunday shaxmat sinflari ochilgan. Bu yerdagi jismoniy tarbiya o‘qituvchilari Shaxmat federatsiyasi tashkil etgan o‘quv kursida malaka oshirib, maxsus sertifikat olgan.
— Aslida, qarorda shaxmat fanidan dars beradigan o‘qituvchilarga o‘quv kursi o‘tish ko‘rsatilmagan, — dedi Sevara Boymurodova. — Lekin yurtimizda shaxmat bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlovchi oliy o‘quv yurtlari yo‘q. Shuning uchun belgilangan dars soatlarini o‘tishda o‘qituvchilarda tushuncha bo‘lishi uchun Shaxmat federatsiyasi tomonidan Toshkent shahri va barcha viloyatlarda o‘quv kurslari tashkil etildi.
Namanganda tanlab olingan 9 ta ta’lim muassasasining 2-sinf o‘quvchilari boshqa fanlar qatori shaxmat darsini ham katta qiziqish bilan o‘rganyapti. Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 57-maktabdagi ikkita 2-sinfda tajriba-sinov tariqasida haftasiga bir soatdan shaxmat darsi o‘tilmoqda. Buning uchun ta’lim maskanida alohida sinfxona tashkil etilgan bo‘lib, u 20 ta shaxmat taxtasi, 15 ta shaxmat soati, bitta magnitli shaxmat doskasi bilan ta’minlangan.
— Darsda Rustam Qosimjonovning “Shaxmat — sehrli olam” nomli kitobidan foydalanaman, — dedi maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi H.Mamatov.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 39-, Uychi tumanidagi 6-, Uchqo‘rg‘ondagi 12- va Chust tumanidagi 49-maktablarda ham shaxmat darslari tashkil etilgan. Har bir ta’lim muassasasida maxsus sinfxona ajratilgan, biroq bu yerda ham darslik va mutaxassislar masalasi muammo bo‘lib turibdi.
Samarqand shahridagi 59-maktabda 2018-2019-o‘quv yili boshidan tashkil etilgan darslarga 2-sinfda tahsil olayotgan o‘quvchilar jalb etilgan. Darslar haftaning har payshanba kuni o‘tiladi. Shanba kuni esa bu yo‘nalishda to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qiziqqan o‘g‘il-qizlar uchun bepul mashg‘ulotlar tashkil etilgan. O‘quvchilarga shaxmat sirlaridan saboq berayotgan murabbiy Akbar Nosirovning aytishicha, yaqinda maktabga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan shaxmat anjomlari va zaruriy jihozlar yetkazilgan. Vaholanki, Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i Sevara Boymurodovaning tasdiqlashicha, barcha maktablar uchun zarur inventarlar Xalq ta’limi vazirligiga 2018-yilning noyabr oyidayoq yetkazib berilgan.
— Shaxmat doimiy shug‘ullanishni talab etadi, — dedi murabbiy A.Nosirov. — O‘quvchilarga shaxmat sirlaridan saboq berishda Rustam Qosimjonovning 2013-yili chop etilgan «Shaxmat — sehrli olam» kitobi va boshqa adabiyotlardan foydalanyapmiz. Agar ko‘proq o‘quv qo‘llanmalari, dars ishlanmalari, tavsiyalar bo‘lsa, bu borada samaradorlik yanada yuqori bo‘lardi.
Ishtixon tumanidagi 66-maktabga esa hanuzgacha zarur jihozlar yetib kelmagan. Bolalar maktabning o‘zida mavjud shaxmat doskalaridan foydalanyapti.
— Maktabimizda oldindan shaxmat to‘garagi bor, — dedi maktab direktori Akmal Ravshanov. — O‘quvchilar bu sport turini katta qiziqish bilan o‘rganadi. Ularning ko‘pi tuman va viloyat miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ayni paytda shaxmat darslari uchun alohida xona ajratib, o‘zimiz imkon darajasida bolalar uchun sharoit yaratdik. Dars belgilangan vaqtda o‘tilyapti. Ammo o‘qituvchilarimizda darslik va o‘quv qo‘llanmalarga ehtiyoj bor.
Darhaqiqat, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Habiba Mamadaliyeva o‘tayotgan shaxmat darslari 2-sinflar uchun tajriba-sinov tarzida belgilangan talablarga mos keladi. Darslardan tashqari vaqtlarda turli musobaqalar tashkil etilayotgani ham quvonarli hol.
— Rossiyalik bir mutaxassisdan “Bolalarning aql-u tafakkurini o‘stirish uchun nima qilish kerak?”, deb so‘rashganida, u “Buning uchun har bitta xonadonga bittadan shaxmat doskasi tarqatib chiqish kerak”, deb javob qilgan ekan, — dedi shaxmat murabbiysi, respublika toifasidagi hakam Barot Orziqulov. — Bu o‘tgan asrning o‘ninchi yillaridagi gap. Haqiqatan, shaxmatning aqlni peshlash, xotirani mustahkamlash, matematik qobiliyatni kuchaytirishga katta nafi bor. Men bu haqiqatni amalda isbotlab berish maqsadida ikki-uch yilcha ilgari 5-sinflarda kichik tajriba o‘tkazdim. Ikkita sinfdan matematik qobiliyatga ega 10 nafardan o‘quvchini tanlab oldim. Ularning matematika fanidan o‘zlashtirish darajasi deyarli bir xil bo‘lib, har ikkala sinfda ham bu ko‘rsatkich 67 foizni tashkil etardi. Tajriba davomida birinchi o‘ntalikdagi o‘quvchilar odatdagidek darslarni davom ettirishdi. Ikkinchi guruhdagi o‘ntalikka esa darslardan so‘ng shaxmat mashg‘ulotlari o‘ta boshladim. Bu jarayon bir chorak mobaynida davom ettirildi. Shundan so‘ng o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini qayta aniqlab ko‘rdik. Shunda shaxmat mashg‘ulotlari o‘tilgan sinf o‘quvchilarining o‘zlashtirish darajasi tengdoshlarinikiga nisbatan o‘n foizga oshganiga guvoh bo‘ldik. Bu atigi ikki yarim oylik mashg‘ulot samarasi, xolos. Agar bu mashg‘ulotlarning har bir sinfda bardavomligi ta’minlansa, natija qanday bo‘lishini tasavvur qilavering.
Vobkent tumanidagi 17-maktabda ham bu borada tajriba-sinov ishlari olib borilmoqda. Jarayonga ikkita 2-sinfning 60 nafar o‘quvchisi jalb etilgan. Biroq shaxmat xonasining moddiy-texnik bazasi belgilangan tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida ta’minlanmagach, maxsus sinfxona ota-onalar homiyligi va o‘qituvchilar ko‘magida kerakli inventarlar bilan jihozlandi.
Buxoro viloyatida 11 ta maktabda shaxmat darslarini tashkil etish bo‘yicha ana shunday tajriba-sinov ishlari olib borilmoqda. Jarayonga 36 ta 2-sinfning 1113 nafar o‘quvchisi qamrab olingan. Bu qamrovning qariyb uchdan bir qismi Buxoro shahridagi 35-maktab o‘quvchilari. Bu yerda ham ko‘rgazmali ko‘chma shaxmat doskasi va shaxmat taxtalari ota-onalar homiyligida olingan. Gap shundaki, Buxoro viloyatidagi ayrim maktablarning shaxmat sinifxonalariga haligacha zarur inventarlar yetkazib berilmagan. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bu masalada surishtiruv o‘tkazganida, chindan ham Buxoro viloyatidagi ayrim maktablarga shaxmat jihozlari umuman yetib bormagani ma’lum bo‘ldi. Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i Sevara Boymurodovaning ma’lum qilishicha, Xalq ta’limi vazirligi bu holatni hisob-kitob vaqtidagi yanglishish bilan izohlagan. Aniqrog‘i, anjomlar qutilarida inventarlar soni har xil chiqqani bois, turli viloyatlarga turlicha ketib qolgan. Natijada ayrim hududlardagi maktablarda inventarlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan. Hozir vazirlik bu xatoni bartaraf etish uchun ko‘p anjomlar ketib qolgan viloyatlardan ularni qaytarib olib, yetishmovchilik kuzatilgan maktablarga yetkazib berish choralarini ko‘ryapti.
Viloyatning eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Qorako‘l tumanida bu borada olib borilayotgan ishlar bilan ham qiziqdik. Taykir mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 9-maktabda uchta 2-sinf uchun maxsus shaxmat sinfxonalari ajratilgan.
— Homiylar va ota-onalar ko‘magida shaxmat xonalarini imkoniyat darajasida jihozlashga harakat qildik, — dedi shaxmat murabbiyi Maqsud Bozorov. — O‘quvchilarda ushbu sport turiga qiziqish yuqori. Hatto ko‘pchilik ota-onalar bu darslarni 1-sinfdan boshlash kerak, degan taklif bilan chiqyapti.
Chiroqchi tumanidagi 27-maktabda ham shaxmat sinfi tashkil etilgan. Lekin ushbu sinfdan maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Turg‘un To‘ychiyev ma’naviyat va ma’rifat xonasi sifatida foydalanyapti. Sababini so‘rasak, maktabda sinfxonalarning yetishmasligi aytildi. Shaxmat sinfini tashkil etishdagi me’yoriy hujjatlarning yuritilishini aniqlash maqsadida maktab direktori Zilola Ro‘ziqulovani so‘radik. Ish vaqti bo‘lishiga qaramay, direktor ishda yo‘q edi. Telefon orqali bog‘langanimizda, u shaxmat sinfini tashkil etish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar uch kun (biz joriy yil 4-mart kuni maktabda bo‘lganmiz) oldin tuman XTB tomonidan yetkazib berilganini aytdi. Shaxmat sinfiga kim murabbiy etib tayinlanganini bilishga harchand urinmaylik, masalaga aniqlik kirita olmadik. Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Samadov 2-sinf o‘quvchilarining bari shaxmat sinfiga jalb qilinganini aytdi. Bu xonada 12 dona shaxmat taxtasi va shuncha shaxmat soati, magnitli shaxmat taxtasi borligini qo‘shimcha qildi. Shaxmat bo‘yicha darslarning borishi va erishilayotgan yutuqlar, mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan mahorat saboqlari haqidagi savollarimiz ham ochiq qoldi. Shaxmat sinfiga biriktirilgan murabbiyning o‘zi bo‘lmagach, biz kim bilan ham muloqot qila olardik?!
Biz yana direktor bilan bog‘lanib, shaxmat sinfida ahvol nega bunday ayanchli ekanini so‘radik. Birpas oldin tuman hokimligida yig‘ilishdaman, degan rahbar endi tobi yo‘qligi va muolaja olayotganini aytdi. So‘ng bu holat yuzasidan gazetaga maqola tayyorlasak, bizga qiyin bo‘lishini, hatto xafa qilishini eslatib, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi jismoniy tarbiya fani metodisti Sardor Eshboboyev esa 2018-yilning oktabr oyidan ish boshlagani, shaxmat sinfxonalarini tashkil etish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar qay tartibda rasmiylashtirilganidan xabari yo‘qligi, ayni vaqtda mavjud 9 ta maktabdagi shaxmat sinflarida ishlar ko‘ngildagidek borayotgani va ortiqcha savollarimizga javob bera olmasligini ta’kidladi.
Qaror ilovasiga kiritilgan Qamashi tumanidagi 36-maktabda bo‘lganimizda ham yuqoridagi kabi me’yoriy hujjatlarni rasmiylashtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga guvoh bo‘ldik. Qarshi tumanidagi 52-maktabda ham xuddi shunday muammoga duch keldik. Bu yerda hatto maktab direktori Rustam Rasulovning buyrug‘i rasmiylashtirilmagan. Sinf jurnalida yangi o‘quv yilidan buyon o‘quvchilar davomati yuritilmagan. Xuddi, shuningdek, maktab rahbariyati tomonidan shaxmat darslarining biror soati ham tahlil qilinmagan.
— Shaxmat sinfi aslida ushbu maktabda emas, jismoniy tarbiya va sportda yutuqlarga erishayotgan maktablardan birida tashkil etilishi kerak edi, — dedi tuman XTB mudiri o‘rinbosari Rustam Bozorov. — Nufuzli shaxmat musobaqalarida o‘quvchilari qator yutuqlarga erishayotgan maktablarimiz talaygina. Ana o‘shalarda shaxmat sinflari tashkil etilsa arziydi.
Mazkur maktablarning shaxmat sinflarida hanuzgacha birorta ham ichki musobaqalar tashkil etilmagan. Mutaxassislar tomonidan biror soat ham mahorat darslari o‘tkazilmagan.
Guvohi bo‘lganingizdek, maktablarda shaxmatni fan sifatida o‘qitish bo‘yicha yuzaga kelayotgan eng katta muammolar — darslik va mutaxassis masalasi bo‘lib qolmoqda. To‘g‘ri, Shaxmat federatsiyasi 2018-yilning sentabr oyida belgilangan maktablardagi shaxmatni yaxshi biladigan jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini bir haftalik o‘quv kursida o‘qitdi. Ular uchun tez-tez seminarlar tashkil etayotgani ham rost. Ammo bolalarga shaxmatni mukammal o‘rgatish uchun bular kamlik qiladi. Viloyatlarda mutaxassislar tayyorlangunga qadar belgilangan maktablarga professional shaxmatchilarni jalb qilish maqsadga muvofiq. Darsliklar masalasi ham tez orada hal etilishiga umid qilamiz.
Iroda TOSHMATOVA, Nesibeli MAMBETIRZAYEVA, Abdusattor SODIQOV, G‘anisher AKBAROV, Hakim JO‘RAYEV, Iroda ORIPOVA, O‘ktam MEYLIYEV, “Ma’rifat” muxbirlari