Vazirliklar senatorlarga hisobot berdi
Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarining joriy yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.
Xalq ta’limi vazirligining hisobotini eshitish chog‘ida ta’kidlanganidek, vazirlik tasarrufidagi 9 ming 691 umumta’lim maktabining 1 ming 691 tasi, ya’ni 17,4 foizi 1,5 koeffitsentdan, 559 tasi esa 2 koeffitsiyentdan ziyod. 2 ming 81 umumta’lim maktabida o‘qish jarayoni bir smena, 7 ming 610 tasida esa ikki smenada tashkil etilgan.
Vazirlik so‘roviga asosan viloyat hokimliklari tomonidan 2019/2020-o‘quv yilida o‘quvchilar soni maktab binolarining loyiha sig‘imiga nisbatan maqbullashtiriladigan 320 umumta’lim maktabi, shundan 50 tarmoq maktabi tashkil etish, 207 maktabda esa Investitsiya dasturi doirasida qo‘shimcha bino qurish va rekonstruksiya qilish, faoliyati tugatilayotgan 63 kasb-hunar kolleji binolaridan foydalanish taklifi berilgan.
Bu borada davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilayotganiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, mavjud ob’ektlarni aniqlash maqsadida tizimdagi muassasalar xatlovdan o‘tkazilib, ularning 135 tasidan foydalanilmayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu ro‘yxat hududlar va muassasalar kesimida ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tanlov e’lonlarini joylashtirish uchun alohida onlayn platforma (www.ppp.uzedu.uz) ishga tushirilgan.
Joriy yilda xalq ta’limi tizimidagi o‘quv muassasalarining qurilish-ta’mirlash ishlariga jami 875 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 506 ob’ekt, shundan 33 yangi qurilish, 299 rekonstruksiya, 174 mukammal ta’mirlash bo‘yicha umumta’lim maktablarining loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan joriy yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot ham atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, joriy yil yanvar-mart oylarida rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tashkil etish markazlarida 53 nafar yetakchi xorijiy mutaxassis ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi. O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan e’lon qilingan oliy o‘quv yurtlari uchun 2019-yilgi stipendiya tanlovi dasturlari bo‘yicha 465 nafar professor-o‘qituvchini malaka oshirish va stajirovka o‘tash maqsadida xorijiy davlatlarga yuborish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy jurnallarini “Scopus” xalqaro analitik tizimida indeksatsiyalashga tayyorlash bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va uning tasarrufidagi 41 oliy o‘quv yurti rektorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Xalqaro islom akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi mas’ul mutaxassislaridan iborat Ishchi guruh tuzilgan.
Shu bilan birga, majlisda Jahon banki krediti hisobidan 2019-2021-yillarda Akademik innovatsiyalar fondi tashkil etilib, uning 4 million AQSh dollari mablag‘i hisobidan jami 32 loyiha asosida 27 oliy ta’lim muassasasida 6 fan bo‘yicha innovatsion ilmiy-o‘quv komplekslar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi aytildi.
Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining QS (Quacquarelli Symonds) bo‘yicha xalqaro universitetlar reytingiga kirishini qo‘llab-quvvatlash borasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda QS xalqaro reyting agentligi bilan strategik bitim imzolangani ta’kidlandi.
Majlisda muhokama etilgan masalalar bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
O‘zA