Tilimizni himoya qilish muhim!
Dunyoda salkam 8 milliard aholi yashaydi. Ular turli mamlakatlarda istiqomat qilish bilan birga, turlicha an’ana-yu urf-odatlar, qadriyatlar, bir-birinikiga o‘xshamaydigan turmush tarzi asosida hayot kechiradi.
Jahonda minglab tillar bor. Bilamizki, insoniyat taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yib, mamlakatlar orasida iqtisodiy, siyosiy va boshqa ko‘plab sohalarda do‘stona aloqalar o‘rnatila boshlagach, chet tillarni o‘rganishga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Natijada ayrim tillar vaqt o‘tgani sari dunyo miqyosida tan olinib, bir necha yuz million, odam so‘zlashadigan dunyo tillariga aylandi.
Geografik nuqtayi nazardan tahlil qilinsa, bugun ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlarning aksariyati ko‘plab sohalarda yetakchi hisoblanadi. Chunki dunyo miqyosidagi barcha turdagi ma’lumotlarning 80 foizi ingliz tilida jamlangan. Demak, birgina ingliz tilini mukammal bilish ilm olamidagi eng muhim ma’lumotlar, yangiliklar va durdona asarlar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Bugun xorijiy tillarni o‘zlashtirish natijasida har yili tilimizga 20 ga yaqin xalqaro so‘zlar qo‘shilmoqda. Ammo ularning ba’zilari hatto o‘z ona tilimizdagi so‘zlarni siqib chiqarayotgani achinarli hol. Masalan, boshqaruvchi so‘zini menejer so‘ziga almashtirdik. Dorilfunun so‘zini esa ko‘pchilik bilmasa ham kerak. Chunki uni allaqachon “universitet”lashtirib yuborganmiz. To‘g‘ri, xorijiy so‘zlarning hammasini ham o‘zbekchalashtirish-ning iloji yo‘q. Ammo kelajak avlod oldida barchamiz imkon
qadar o‘z ona tilimiz — o‘zligimizni himoya qilishga mas’ul ekanimizni unutmasligimiz joiz.
Gulbahor SAFOYEVA, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali akademik litseyi o‘qituvchisi