“Kadishev”ga qanday boriladi?
Bugun o‘zimiz bilib-bilmay, e’tiborsizligimiz, loqaydligimiz sabab ona tilimiz ildizlariga bolta urishda davom etyapmiz. Oddiygina misol: har kuni o‘qishga, ishga boramiz. Kun davomida kamida ikki marotaba turli avtoulovlarga ishimiz tushadi.
Manzilimiz yozilgan mashinalarni intizorlik bilan kutamiz. Lekin ko‘pchilik yo‘lovchilar ularda yozilgan ayrim joy nomlarining bugungi kunda mavjud emasligini xayoliga ham keltirmaydi. Nega? Chunki haydovchining ham, yo‘lovchining ham ongiga shu nomlar singib ketgan. Haqiqiy nomini juda kamchilik biladi. Bilsa ham amalda ishlatmaydi. Chunki haydovchiga manzilni aytsa, quruq yelka qisadi. Masalan, “Kadishev”ga desangiz, tabassum bilan manzilingizga yetkazadi.
Shunday nomlardan ayrimlarini keltiramiz. “Skver” — bunday manzil hech qayerda rasman qayd etilmagan. Asl nomi — Amir Temur xiyoboni. “Kadishev” — “Aviasozlar” dehqon bozori mavzesi; “Drujba” — Xalqlar do‘stligi saroyi; “Ippodrom” — “Otchopar” mavzesi; “VUZgorodok” — Talabalar shaharchasi; “1-notarius” — Nukus ko‘chasi; “SUM” — Toshkent Markaziy univermagi; “Medgorodok” — Shifokorlar shaharchasi; “Alayskiy” — Oloy bozori, “Tekstilniy” — To‘qimachilik va yengil sanoat instituti, “Sorok let” — Ohangaron shohko‘chasi… Afsuski, bu nomlar ba’zi avtobuslarda, transport vositalarida eski holida yozilgan.
Xo‘sh, jarayon shu taxlit davom etaversa, yoshlarni tarbiyalovchi o‘rta va katta avlod vakillari bu nomlarni avtoulovlarga yozaversa, oqibat nima bo‘ladi?! Gap tilimiz buzilishining faqat transport sohasidagi holati haqida ketyapti. Bir qarashda ahamiyatsizdek, ammo ko‘z yumib bo‘lmaydigan holatlar ro‘y berayotgan bu kabi sohalar juda ko‘p. Nega bunga qarshi amaliy choralar qo‘llanmayapti? Fikrimcha, uquvsizligi yoxud burch-vazifasini unutgan bunday kimsalar, xoh u haydovchi bo‘lsin, xoh boshqa soha vakili — javobgarlikka tortilishi kerak. Chunki ularning ona tilimizga behurmatligi, bepisandligi tufayli o‘zbek tili yo‘qolish xavfi bor tillar qatorida turibdi. Aks holda, bora-bora o‘z tilimizni boy berib qo‘yamiz. Natijada esa mingyillik qadriyatlarimiz, qanchadan qancha ma’naviy va moddiy boyliklarimiz, asr oshgan asarlarimiz o‘z qadr-qimmatini yo‘qotadi. Bu esa millat fojiasidir.
Gulchehra TO‘RAQULOVA, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi