Nomukammal darslik, eski dasturlardan qachon voz kechamiz?!
Og‘ir sumkani yelkasiga ortib, maktabga oshiqayotgan bolaga havas va ishonch bilan qaraymiz. Aslida kunning yarmini maktabda o‘tkazayotgan o‘quvchi shu ishonch darajasida bilim egallayaptimi?
Afsuski, umumta’lim maktablarida o‘rganiladigan fanlarning ko‘pligi va mavzular bir-birini takrorlashi o‘quvchilarga og‘irlik qilmoqda. Shu bois, o‘quv fanlarini optimallashtirish masalasi dolzarbligicha qolyapti. Zero, mukammal o‘quv dasturlari va ularga asoslangan darsliklarsiz sifat va samaradorlikka erishib bo‘lmaydi. Mazkur mavzuda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining professor-o‘qituvchilari o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaraga boy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Zuhra Soliyeva, pedagogika fanlari doktori, dotsent:
— Dars sifatini oshirishning bir qancha omillari bor. Xususan, o‘qituvchining bilim va mahorati, maktabning moddiy-texnik holati, darsliklar, o‘quv fanlarining mukammalligi katta ahamiyat kasb etadi. O‘quvchining ta’lim olishga sarf etayotgan vaqti juda qimmatli, qolaversa, maktabda har bir o‘tilayotgan dars soati uchun davlat budjetidan mablag‘ sarflanadi. Darslar samarali bo‘lmasa, bu mablag‘larning havoga sarflanishi bilan barobardir. Amaldagi maktab darsliklari va o‘quv dasturining nomukammalligi ko‘p bor ta’kidlandi. Ayrim darsliklardagi mavzular bir-birini takrorlaydi, muhim mavzularga kam vaqt ajratilgan. Bu muammoning eng maqbul yechimi optimallashtirishdir. Fanlarni optimallashtirishda, masalan, dunyo dinlari tarixi fanini tarix fani tarkibiga kiritish, Vatan tuyg‘usi, milliy istiqlol g‘oyasi kabi fanlarni umumlashtirish samara beradi. Darslar qanchalik hayotiy, amaliy shaklda olib borilsa, o‘quvchilarning bilim olishga qiziqishi ortib, faollashadi.
Ijod joy va sharoit tanlamaydi, deyishadi. Haqiqiy iste’dod har qanday holatda ham o‘zini namoyon etadi. Ammo ijod uchun muayyan shart-sharoitlar bo‘lmagan joyda haqiqiy iste’dod egalarning ro‘yobga chiqishi qiyin.
Barcha davrlarda hayotning moddiy muammolaridan yuqori turolgan san’atkorlargina asl san’at namunalarini yaratishga musharraf bo‘lgan. Shu ma’noda, bugun mamlakatimizda ijod ahliga qulay shart-sharoit yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017-yil 3 -avgust kuni yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvda Zomin va Parkent tumanlarining so‘lim go‘shalarida ijodkorlarimiz uchun zamonaviy ijod uylari qurilishi rejalashtirilganini ta’kidlagan edi.
Nargiza Xalilova, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent:
— Hozirgi o‘quvchilarni hayratga solish osonmas. Shuning uchun har bir fanni hayotga bog‘lab o‘qitish lozim. Maktabda fanlarni o‘qitishda bolaning yoshi va individual xususiyatlari e’tiborga olinmaydi. Agar o‘tilayotgan mavzu quruq ma’ruza shaklida, tasviriy vositalarsiz bo‘lsa, o‘quvchi uning o‘z hayotida qanday ahamiyatga ega ekanini tasavvur qila olmasa, o‘zlashtirishga qiynaladi. Dars unga zerikarli tuyuladi. Natijada fanga nisbatan ishtiyoqi susayadi. Bola biror mavzuni tushunmasa, unda bo‘shliq paydo bo‘ladi. Tabiiyki, keyingi mavzular qanchalik sodda yoki mohirlik bilan o‘tilsa ham, tushunarsiz bo‘lib qoladi. Teranroq kuzatib, xulosa qiladigan bo‘lsak, bugun aksariyat maktablarda yuqori sinfda o‘tiladigan aniq va tabiiy fanlardan darslar shu zaylda kechadi. Oqibatda darslar samarasiz, ajratilayotgan mablag‘lar foydasiz, o‘quvchilar vaqti esa bekor o‘tmoqda.
Mukarram Ahmedova, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent:
— Xalqaro pedagogik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, darsda o‘quvchilar o‘qituvchining nutqidagi, harakatidagi kamchiliklarni kuzatadi. Masalan, ko‘p gapiradigan so‘zlarini sanab o‘tiradi. Demak, bu o‘quvchiga fandan, o‘tilayotgan mavzudan ko‘ra qiziq. Bizning maktablarda ham bu kabi holatlar juda ko‘p uchraydi. O‘quvchining diqqati fanga emas, boshqa unsurlarga qaratilayotganiga ko‘p omillarni sabab qilib keltirish mumkin. O‘qituvchining mahoratsizligi, fanlarning hayotga bog‘lab tashkil etilmasligi (natijada mavzu murakkabdek tuyuladi), sinfda o‘quvchi soni ko‘pligi va hokazo. 40 dan ortiq o‘quvchiga 45 daqiqada nimani o‘rgatish mumkin?! Bunday sharoitda o‘qituvchi darsni faqat ma’ruza tariqasida olib boradi. Yana , ko‘chirilgan konspektlar uchungina qo‘yilgan “ 5” baholar bola bilimining o‘lchovi bo‘ladi. Bu qanchalik adolatli va haqqoniy deb o‘ylaysiz?! Olingan baholar bilan o‘quvchi kelajakda nimaga erishadi? O‘quvchi bilan individual shug‘ullanilmasa, dars samarasiz bo‘lib qolaveradi. Axir, sinfdagi o‘quvchilarning har biri turfa xil qobiliyatga, qiziqish va maqsadga ega. Qabul qilish darajasiga ko‘ra, qobiliyati va maqsadiga ko‘ra, o‘quvchilarni ma’lum fanlarga, yo‘nalishga bo‘lib, ixtisoslashtirib o‘qitish zarur.
Aziza Muxsiyeva, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent:
— Aksariyat yuqori kontingentli, ota-onalar nufuzli deb bilgan maktablarning eng katta muammosi sinfdagi o‘quvchi sonining me’yordan ortiqligidir. Bu fiziologik jihatdan ham o‘quvchini, ham o‘qituvchini toliqtiradi. Mana shu sharoitda o‘quvchi kuniga 5-6 soat darsda o‘tirishi kerak. Maktabdan so‘ng charchagan bolani ota-onalar qo‘shimcha darsga, repetitorga jalb qiladi. Tasavvur qilyapsizmi, biz toliqqan o‘quvchiga yana yuklama beryapmiz. Aslida repetitor maktabda darslar yaxshi o‘qitilmayotgani uchun kerak bo‘lyapti. Demak, maktabdagi darslar samarasizligidan davlat moddiy, o‘quvchilar ma’naviy zarar ko‘ryapti. Yoshlarni toliqtirmay, vaqtini bekor sarflamay maktabdagi darslar sifatiga e’tibor berilsa, fanlar soni kamaytirilsa, repetitorga ehtiyoj sezilmaydi. Buning uchun sinfda o‘quvchilar 25 nafardan oshmasligi, fanlar kesimini qaytadan ko‘rib chiqib, darslarni hayotiy ko‘nikmalar bilan bog‘lab tashkil etish kerak. Amaliy mashg‘ulot qiziqarli bo‘ladi, qiziqarli dars esa o‘quvchini ruhan va jismonan toliqtirmaydi. Aksincha, oziqlantiradi.
Malika UMAROVA, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent:
— Yaponiya maktab ta’lim tizimi ham ixtisoslashuv borasida katta tajribaga ega. Ularda boshlang‘ich sinfdan so‘ng o‘quvchilar oliy ta’lim muassasasida ta’lim olishni istovchilar va o‘rta ma’lumot bilan qolib, kasb-hunar egallovchilar guruhlariga bo‘lingan. Ehtimol, ixtisoslashuvda bunga ham katta ahamiyat qaratish kerakdir. Axir jamiyatga faqat oliy ma’lumotli mutaxassislar emas, hunar egalari, usta va hunarmandlar, ishlab chiqarish sohasi mutaxassislari ham zarur. Bizda oliy ma’lumotli diplomga egalik maqomi yuqori hisoblanadi. Muvaffaqiyatlarga faqat oliy ma’lumotlilik maqomini beruvchi diplom bilan emas, kasbiy professionallik ortidan erishilishini yoshlarga uqtira olishimiz kerak. U o‘qituvchi bo‘lsin yoki shifokor, chilangarmi yoki duradgor, o‘z ishining ustasi bo‘lsa, ana shu kasb inson umrining bezagiga aylanadi. Shuning uchun maktabdanoq hunar o‘rganishga kirishgan o‘quvchini ruhlantirib, nazariy va amaliy bilimini oshirishiga imkoniyat yaratish kerak. Bu esa maktabda kasbiy ta’limga katta e’tibor qaratilishini taqozo etadi. Biz kollej ta’limidan voz kechdik. Endi o‘quvchi katta hayotga maktab ta’limini tugatib, to‘g‘ridan to‘g‘ri qadam qo‘yadi. 11-sinfni tamomlab, oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarida qatnashadi yoki o‘zi tanlagan kasb-hunar bo‘yicha ish boshlaydi. Bunda maktabda olingan bilim katta rol o‘ynaydi. Ammo mavjud holatda umumta’lim maktablarida berilgan bilimning o‘zi bilan oliy ta’lim imtihonlaridan o‘tish mushkul. Kasb-hunarga yo‘naltiruvchi o‘quv-ishlab chiqarish majmualaridagi mashg‘ulotlar ham nomigagina tashkil etilayotgani sir emas.
Feruza AMINOVA, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent:
— 2009-yili “Ta’lim sektorini rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha Germaniya Respublikasida malaka oshirib qaytdim. Malaka oshirish jarayonida Germaniya boshlang‘ich ta’limi bilan yaqindan tanishdim. Bir qarashdayoq nemis ta’limi bolaga to‘laqonli erkinlik berishini angladim. Maktabdagi har bir bilim hayot bilan bog‘liq holda singdiriladi. Ular boshlang‘ich sinfda matematika, o‘qish kabi murakkab fanlarni qisman o‘tib, atrofimizdagi olam faniga ko‘p soat ajratishlaridan hayratlandim. Ammo bu fan bizdagi atrofimizdagi olam fanidan ancha farq qiladi, keng doirani qamrab oladi. Bu fan bo‘yicha odobnoma — muomala madaniyati, oilaviy, qo‘shnichilik, do‘stlik, tabiatga, hayvonlarga munosabat, ko‘cha-ko‘yda, mehmondorchilikda o‘zini tutish odobi, tabiat hodisalari, kundalik turmushda foydalaniladigan texnika vositalarini ishlatish xavfsizligi kabi bilimlar beriladi. Shuningdek, ushbu darslar jarayonida o‘quvchida o‘qish, hisoblash ko‘nikmasi shakllantirib boriladi. Chunki darslar shunchaki o‘qituvchining nutqini tinglash, kitobdagi matnni daftarga ko‘chirib yozish bilangina kechmaydi. Bola darsda o‘z ijodkorligini to‘liq namoyish etadi. Rasm chizadi, qo‘shiq aytadi, shakl yasaydi. Shuningdek, mustaqil fikr, shaxsiy g‘oya uchun o‘quvchi hamisha ustoz tomonidan rag‘batlantiriladi (baholanmaydi). G‘oya va ijodkorlik Germaniya ta’limining asosiy tamoyili hisoblanarkan. Nemis o‘quvchilari, o‘qituvchilari texnika vositalarini juda yaxshi biladi. Har bir dars texnik vositalar yordamida tashkil qilinadi. Bola dars jarayonida planshet yoki noutbukdan bemalol foydalanadi. Hatto kalkulyatorda ham erkin ishlaydi. O‘quvchilarga yodlatish emas, fikrlash va tahlil qilishga katta e’tibor beriladi. Ushbu jarayonni kuzatish chog‘ida men o‘zimizning ta’lim tizimimizdagi bir qator kamchiliklarni topgandek bo‘ldim. Biz o‘quvchidan juda ko‘p miqdordagi qonun-qoidalarni yodlashni, hech qayerga qaramay aytib berishni, daftarlarni to‘ldirib konspekt yozishni talab etamiz-u, buning qanchalik foydali ekanini o‘ylab ko‘rmaymiz. Aytaylik, zoologiya fanidan hujayraning rasmini chizib kelish topshiriladi, o‘quvchi uni o‘zi yoki yaxshiroq chizadigan biror kishiga chizdiradi, ammo hujayra haqida to‘liq tushunchaga ega emas. Kitobdagi o‘sha mavzuni mustaqil o‘qib chiqish, qo‘shimcha manbalarni topib o‘qib, darsda yangi ma’lumotlarni gapirib berishga urinmaydi. Biz umumta’lim maktab o‘quv dasturlaridagi fanlarni optimallashtirishda ana shu masalalarga e’tibor qaratishimiz lozim. Odobnoma, atrofimizdagi olam, yo‘l harakati qoidalari fanlarini birlashtirib, kuchli va ta’sirchan bir konsepsiyaga keltirishimiz kerakki, bu darsda o‘quvchi barcha hayotiy ko‘nikmalarni egallasin. Shu bilan birga, ta’lim tizimini erkinlashtirish tarafdoriman.
Jahongir G‘ULOMOV, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent:
— Yuqori sinf o‘quv dasturidagi fanlarni optimallashtirishda katta islohot kerak deb o‘ylayman. Maktab ta’lim dasturida bugungi zamon uchun eskirgan, keraksiz mavzulardan hamon voz kechilmagani achinarli. Bunday mavzularni dasturdan chiqarib tashlab, hozirgi kunimizda zarur bo‘ladigan mavzularni kiritishimiz, fanni amaliy jihatdan asoslab o‘tib berishimiz kerak. Masalan, bugungi yoshlar uchun informatika va axborot texnologiyalari fani juda ham zarur. Ammo ushbu fan 8-sinflarda haftasiga 1 soat, 9-10-sinfda 2 soat, 11-sinfda 1 soatdan o‘tilyapti. Bugun har bir soha mahoratli dasturlovchi mutaxassisga katta ehtiyoj sezyapti. Shunday ekan, bolalarni nega shu talab asosida o‘qitmayapmiz? Matematika fani esa 10-sinfda haftasiga 4 soatdan, qolgan barcha sinflarda 5 soatdan o‘tilyapti. Ammo bu miqdorga yarasha natijaga erishmayapmiz. Juda ko‘p masala va formulalarning amaliy ahamiyatini bilmaymiz. Matematikani chuqur o‘rganayotgan o‘quvchi ham yechayotgan masalalarining hayotiy ahamiyati haqida tushunchaga ega bo‘lmaydi. Aytaylik, V simon jadval grafikning x=y2 giperparabolalar formulasi trolleybusning simini yuvishda ishlatiladi. Trolleybuslarga kundalik turmushimizda ehtiyoj qolmagan davrda bizga uning simini yuvishda kerak bo‘ladigan formulani o‘rganish nega kerak? Amaliy bo‘lmagan matematikaning haftasiga 4-5 soatdan o‘tilishi mutlaqo noto‘g‘ri. Shunday o‘quvchilar borki, maktabni bitirgunga qadar har safar algebra darsiga kirganda, doskaga o‘qituvchi yozib, tushuntirayotgan formulalarni o‘rganish, masalalarni yechish hayotimizning qaysi jabhasida o‘ziga asqatishi mumkinligini o‘ylab, javob topolmaydi. Va har kungi darslarni ana shunday mavhumlik bilan o‘tkazib yuboradi. Shunday ekan, matematika soatlarini qisqartirib, buning o‘rniga informatika va axborot texnologiyalari fanidan dars soatlarini ko‘paytirish maqsadga muvofiq. Yoki matematika o‘quv dasturini yangilash lozim.
Zilola MADATOVA suhbatlashdi.