O‘quvchini qiynamaylik
Maktablarda ona tili fanini o‘qitishdan maqsad yoshlarni ijodiy fikrlashga, o‘z fikrini erkin, ta’sirli qilib og‘zaki va yozma shaklda ifodalashga, o‘zbek tili qonun-qoidalarini ongli o‘zlashtirishga o‘rgatish, shuningdek, ularning fikrlash doirasini kengaytirish, Vatanimizga, milliy an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun o‘quvchilarga ilm sirlarini o‘rgatishda hammamiz kamarbasta va yakdil bo‘lmog‘imiz lozim. Ayniqsa, ushbu fandan maktab darsliklarining sifatli va xatolardan xoli bo‘lishi juda muhim.
O‘quvchi uchun 5-sinf yuqori sinflarga ilk qadam hisoblanadi. Darsliklardagi nazariy ma’lumotlar, mashqlar o‘quvchi uchun ham, o‘qituvchi uchun ham dars jarayonida asosiy tayanch vazifasini o‘taydi. Ammo ulardagi ko‘p xatolar biz o‘qituvchilarning dilini xira qilmoqda. 5-sinf ona tili darsligidagi ayrim xato va chalkashliklarni keltirib o‘tamiz.
Darslikning (Muallif N.Mahmudov va boshqalar, 2015-yil) 44-betida “Sodda yig‘iq va sodda yoyiq gaplar” mavzusiga quyidagicha ta’rif beriladi: “Faqat kesimdan yoki ega va kesimdan iborat bo‘lgan gap yig‘iq gap hisoblanadi. Masalan, qara. Men keldim”. O‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan metodik qo‘llanmada esa “Faqat kesimdan iborat gap sodda yig‘iq gap, qolgan bo‘laklar bilan kengaytirilgan gap yoyiq gaplardir” deyiladi. Nazarimizda, darslikdagi “…yoki ega va kesimdan” degan jumlalar ortiqchalik qiladi. Hatto 8-sinf “Ona tili” hamda akademik litsey darsliklarida ham faqat kesimdan iborat gaplar yig‘iq gaplar ekani qayd etilgan. Darslikdagi “Takroriy so‘zlar va ularning imlosi” mavzusida “Bir asosning ikki marta takrorlanishidan hosil bo‘lgan so‘zlarga takroriy so‘zlar deyiladi” ta’rifi keltiriladi. Ammo 323-mashqda mavzuga oid “oz-moz, qand-pand” kabi misollarga ham duch kelamiz. Ushbu so‘zlar takror emas, bir qismi ma’no anglatuvchi, ikkinchi qismi ma’no anglatmaydigan juft so‘zlar qatoriga kiritilsa, to‘g‘ri bo‘lardi. Zero, so‘z qismlaridan birining o‘zgarishi uning takroriy deyilishiga to‘la asos bo‘lolmaydi. “Qator undoshlarning talaffuzi va imlosi” mavzusida “Go‘sht, do‘st, barg” kabi so‘zlar talaffuzida oxirida kelgan qo‘sh undoshlardan biri tushib qolsa ham, yozuvda ifodalanadi” jumlasi keltirilgan. Shu o‘rinda barg, mard, sharh, harf kabi qo‘sh undoshli so‘zlarda so‘z oxiridagi tovushlardan biri jarangsizlashadi mazmundagi fikrlar keltirilsa, yanada asosliroq bo‘lardi. Chunki o‘quvchida qo‘sh undosh bilan tugaydigan hamma so‘zlar shu qoidaga mos keladi degan tushuncha paydo bo‘lishi mumkin.
“G-k, q-g‘ undoshlari talaffuzi va imlosi” mavzusini mustahkamlash uchun berilgan 405-mashqda “So‘z o‘rtasida va oxirida q undoshining g‘ ga, g undoshining k ga aylanishiga misollar topib, gaplar tuzing” degan topshiriq berilgan. Mashq sharti aniqroq tushunilishi uchun bunga namuna sifatida misollar berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Masalan, qaroq-qarog‘, taqdim-tag‘dim, tagcharm-takcharm kabi so‘zlar nazarda tutiladimi yoki qishlog‘im, quchog‘im, o‘tkan, ketkan singari so‘zlarmi? Shular biroz mavhum qolgandek. Shuningdek, darslikdagi 334-, 353-, 371-, 542-mashqlarda “tagiga chizilgan so‘zlarning...” deb boshlanuvchi shartlar ko‘rsatilgan, biroq tagiga chizilgan so‘zlar yo‘qligi kishini hayratga soladi.
Bunday kamchiliklar tuzatilmas ekan, o‘quvchida o‘qituvchiga ishonch, maktabga e’tibor susayadi. Zotan, bolaning shaxs sifatida kamol topishi uchun asosiy ta’lim maskani maktabdir. Bu borada maktab dasturidagi fanlarga oid darsliklarni ishlab chiqishda mas’uliyat bilan yondashmoq kerak. Ayniqsa, “Ona tili” darsliklari turli xatolardan xoli bo‘lishi lozim. Chunki qaysi soha bo‘lmasin har birida til ustuvor o‘rinda turadi. Xullas, darsliklardagi katta-kichik kamchiliklar nafaqat o‘quvchining yetarli bilim, ko‘nikma, malakalarga ega bo‘lishida, balki abituriyentlarning ham mavzularni o‘zlashtirishlariga to‘sqinlik qilmay qolmaydi.
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi