Kelinga atalgan mahr rasmiylashtirilishi lozim
Mustaqilligimiz tufayli milliy an’analarimiz, urf-odatlarimiz tiklanib, to‘ylar ixcham o‘tishi, oilalarning mustahkamligi masalalari turli yig‘inlarda, ommaviy axborot vositalarida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bir nechta ilmiy-ma’rifiy, tarbiyaviy kitoblar muallifi, taniqli olim Ahmadjon Bobomurod o‘g‘li bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
— Domla, sizga beradigan birinchi savolim urf-odatlarimiz, rasm-rusumlarimiz bilan bog‘liq. Aytingchi, bugun o‘g‘il uylantirmoqchi yoxud qiz uzatmoqchi bo‘lgan oila, avvalo, nimalarga e’tibor berishi kerak?
— Bismillohir rohmanir rohiym. Olloh taolo o‘z hikmatiga binoan yer yuzida hayot go‘zal shaklda davom etishi uchun odam bolalarining er-xotin bo‘lib yashashlarini va shu yo‘l bilan zurriyod qoldirib, avlodlarni davom ettirib, dunyoni obod etishlarini iroda qildi. Yoshlarni uylantirish arafasida ahamiyat beriladigan jihatlar shundan iboratki, yigit bilan qiz bir-birini bilishi, fikrlari, dunyoqarashlari o‘zaro mos bo‘lishi lozim. Sahobalardan Mug‘ira ibn Shu’ba (r.a.) bir qizga uylanmoqchi bo‘lib turganlarida Rasululloh (s.a.v.) undan: “Bu qizni ko‘rganmisan?” deb so‘rabdilar. U “Yo‘q”, degach, Payg‘ambarimiz “Bor ko‘rgin, toki o‘rtalaringda mehr va muhabbat paydo bo‘lgay”, degan ekanlar.
Keyin oila buzilmasligi uchun qizning sog‘lig‘i, axloq-odobini surishtirish lozim. Yigit bilan qiz ko‘rishib, ko‘ngil qo‘yishib, rozilik berganlaridan keyin to‘yga harakat qilish kerak. Bo‘lg‘usi juftlik FHDYda rasman ro‘yxatdan o‘tgandan keyingina ularga nikoh o‘qishga ruxsat etiladi. Nikohning masjidlarda o‘qilishi esa uning o‘ziga xos ibodat ekaniga ishoradir. Nikoh o‘qilayotganda har ikki tarafdan guvohlar hozir bo‘lishi lozim. Bizningcha, kelinga atalgan mahrni ham oldindan rasmiylashtirib qo‘yish maqsadga muvofiq. Bu har ikki tomon zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi va oilani mustahkamlashga xizmat qiladi.
— Qudalar kelishib olgach, to‘y o‘tkazish masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. To‘y marosimlarimiz milliy an’analarimizga mos, tartibli va risoladagidek o‘tishi uchun qanday tadbirlar ko‘rish kerak?
— To‘y qilish mustahab amallardandir, ya’ni qilsa yaxshi, qilmasa gunoh emas. To‘yga asosan qarindosh, qo‘ni-qo‘shni va mahalla ahli taklif etiladi. Maqsad ularni mehmon qilish, xushnud etish va duolarini olishdir. Ammo hozirgi ayrim to‘ylar o‘ta dabdabali o‘tmoqda. Odamlar to‘yda kim necha kilogramm guruch damlagani-yu, qancha sarpo qilgani, mebellari va boshqa uy jihozlari bilan g‘ururlanadigan bo‘lib qoldi.
— Hozirgi to‘ylarimizda uchraydigan yana bir holat — kuyov tomon uni bersin, kelin tomon buni bersin, degan oliq-soliqlar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
— Islomda kuyov kelin tomonga narsa bersin yoki aksincha kelin kuyovga falon narsa yuborsin, degan gap yo‘q. Buni odamlarning o‘zi to‘qib chiqargan. Shuningdek, kuyov tomonning kelin tarafdan buncha kiyim-kechak, guruch, go‘sht, sabzi-piyoz va boshqalar berilsin, deb talab qilishi islomda qat’iy man etilgan. Kelin tushgan uylarni mebel va boshqa jihozlarga to‘ldirish ortiqcha harakat bo‘lib, ota-onalarning qarz bo‘lib qolishiga va o‘rtada turli kelishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu o‘rinda to‘yona masalasida ikki og‘iz gap. To‘yda yaqin kishilar, yor-birodarlar to‘yona beradi. Buni Olloh yo‘lidagi yordam deb tushunish kerak. “U ham menga to‘yona qilar”, deb niyat qilgan kishi savob ololmaydi. To‘yona olgan kishi vaqti-soati kelib qaytarsa, u ham savobga doxil bo‘ladi.
— Oilalarni mustahkamlash uchun nimalarga e’tibor berish lozim?
— Yoshlarga pandu nasihat qilish, ularni oila qurishga tayyorlash, oila faqat shirin hayot bo‘lmay, uning o‘ziga xos qiyinchiliklari ham borligini uqtirish zarur.
Ota-onalarga izzat-ikrom ko‘rsatish yosh oilaning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Er-xotin o‘rtasidagi muomala va oila ishiga ahamiyat berish naqadar savobli ekani to‘g‘risida hadislarida ko‘p ta’kidlangan. Shulardan birida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Mo‘minlarning ichida iymoni komilrog‘i axloq va odobi chiroyli bo‘lganidir. Sizlarning ichingizda ahli ayoliga yaxshi muomalada bo‘lganlaringiz eng afzalingizdir”, deya marhamat qilganlar. Avvalo, er o‘z turmush o‘rtog‘iga yaxshi munosabatda bo‘lib, uning huquqlarini poymol qilmasligi, ayoli xatolarga yo‘l qo‘ysa, bosiqlik bilan tushuntirmog‘i, bilmaganlarini o‘rganishiga ko‘maklashmog‘i, Olloh taoloning “Xotinlaringiz bilan yaxshi muomalada bo‘ling”, degan oyati karimasiga doimo amal qilmog‘i zarur. Rasululloh (s.a.v.): “Mo‘min kishi o‘z xotinida biron noxush fe’l yoki odatni ko‘rsa, darrov jahli chiqmasin. Uning boshqa ma’qul xulqlari ham borki, shularni esdan chiqarmasin” degan ekanlar.
Ayol ham o‘z navbatida ro‘zg‘orning halovatiga asosiy sababchi ekanini yodda tutmog‘i lozim.
— Aqiqa marosimi haqida ham tushuncha bersangiz.
— Aqiqa bola tug‘ilgach, yettinchi, o‘n to‘rtinchi, yigirma birinchi kunlari o‘tkaziladigan amaldir. Aqiqa kuni qilinadigan ishlar — xatna qilish, bolaning tanglayini ko‘tarish, qulog‘iga azon aytib, ismini tasdiqlatishdan iborat. Shuning uchun ham hadislarda aqiqa iymonning bir bo‘lagi ekani ta’kidlangan. Aqiqada so‘yiladigan qo‘ylarning qulog‘i kesilgan, oyog‘i cho‘loq bo‘lmasin, degan shartlar yo‘q, ularni irimchilar to‘qib chiqargan.
Suhbatdosh: Sodiq MO ‘MINOV, tarix fanlari nomzodi