20 yil maktabda ishlagan o‘qituvchi 355 ming so‘m nafaqa olyapti?!
O‘tgan yili noyabr oyida qishloqqa bordim. Otam may oyida pensiyaga chiqishi kerak bo‘lsa-da, hanuzgacha sarsonligidan nolib qoldi. U bilan tumanimizdagi pensiya jamg‘armasiga birga bordik. Pastdarg‘om tumani, Juma shahridagi peshtoqiga “Xalq qabulxonasi” deb bitilgan kichik binoga kirdik. Biz qidirgan joy shu binoning ikkinchi qavatida ekan. Temir panjarali, sirpanchiq va eni bir metrdan ortiq bo‘lmagan zinalardan chiqa boshladik.
Bu yerga keluvchilar asosan pensiya yoshidagilar bo‘lib, zinalardan ko‘tarilish ularga ancha qiyinligini his qildim. Pastdagi “Xalq qabulxonasi”da na xalq bor, na biror mutasaddi. Yuqorida esa urho-urni ko‘ring. Birorta ham eshikda hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha yorliq yo‘q! Bir eshikni taqillatib, ichkari kirdik. Otam stolga bir papka hujjatni qo‘ydi. Uni yarim soat titkilagan yigit “Bizga tegishli emas, siz yashaydigan qishloq pensionerlari hujjatini oxirgi eshikdagi Eldor qabul qiladi”, dedi. Shunaqasi ham bo‘larkan-da, deya hujjatlarni qo‘ltiqlab, u ko‘rsatgan xonaga yo‘l oldik. Bir qizga papkani berdik. U ham yuziga jiddiy tus berib, qog‘ozlarni varaqlab ko‘rdi. “Hozir Eldor aka yo‘q. Erta yoki indin kelinglar”, dedi. O‘zimni tutib turolmadim. Ancha tortishuvdan so‘ng sal popugi pasaygan qiz “birinchi kirgan xonalaringizga kirib, yana gaplashsangiz qabul qiladi,” deya maslahat berdi. Gaplashish!? Gaplashish nima degani ekan-a? Yo poramikan?! Birinchi xonaga kirdim. “Nuroniylar shunaqa sarson bo‘lishi shartmi?! Senlarni kimdir nazorat qiladimi?!” deganimdan keyin hujjatlarni olib qoldi.
Otam ko‘zoynaksiz o‘qiy olmagani sabab, arizani o‘zim to‘ldirdim. Naqd pulmi yo plastik kartochka degan joyiga ikkinchisini belgiladim. Ishlagan joyidan istalgan besh yillik degan joyiga esa, 1993 dan 1998-yilgacha bo‘lgan davrni belgiladim. Otamning ishlaganiga universitetda o‘qigan davrini qo‘shib hisoblaganda 22 yil bo‘libdi. 18 yil maktabda matematika fanidan dars bergan. Shunday qilib, ishimiz bitganiga xursand bo‘lib uyga qaytdik. Shu yil fevral oyida onam “Otangning pensiyasini qo‘shib oldim, kamroq chiqibdi”, deb qoldi. Keyin bilsak, otamga jami 355 ming so‘m pensiya puli chiqqan ekan. O‘qituvchining pensiyasi shuncha bo‘lsa-ya?! Kamiga 2019-yildan hisoblangan. Aslida, 2018-yil may oyidan chiqarilishi kerak edi. Otam Primov Bekmurod Eshonqulovich 1958-yil 25-mayda tug‘ilgan. To‘g‘ri, mutasaddi rahbarlar hujjat kech topshirilgan, degan ayb topdi. Ammo kech qabul qilgan o‘zlari. Aslida, gap bunda ham emas. Onam ham o‘qituvchi, bir million so‘mdan ziyod pensiya oladi. Otamning nafaqasi eng kam ish haqining ikki barobariga ham yetmayapti. Buni izohlab beradigan odam topilmadi. Masala kaftdek ayon. Yo qonunchiligimiz to‘g‘ri emas, yo ijrochilar! To‘g‘ri, otam oxirgi yillari ishlamagan, lekin shuncha yillik mehnati-chi?! U kishi oqni oq, qorani qora ko‘rib, Vatan uchun keragicha xizmat qildi. Bizni halol boqdi. Axir, arizada istalgan besh yillik degan jumlani o‘zim to‘ldirdim. Qolaversa, kartochkaga degan joyini ham belgilagandim. Lekin amalda bu jihatlar e’tiborga olinmagan.
Yuzlab shogirdlar yetishtirgan matematik, shuncha yillik stajga ega mutaxassis 355 ming so‘m pensiya olishi to‘g‘rimi?
Talant PRIMOV