Maktablarga pullik qabul. Bu haqida jamoatchilik nima deyapti?
Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, umumta’lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1-sentabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, umumta’lim muassasalarida ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun qo‘shimcha kvota ajratiladi. Buning uchun belgilangan tartibga muvofiq eng kam ish haqining 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik badal puli to‘lanishi belgilab qo‘yildi.
Dastlab tajriba tariqasida Toshkentdagi 81 ta nufuzli maktabda joriy qilingan tartib bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda.
Rasul KUSHERBAYEV (deputat):
Toshkentdagi bir qator davlat maktablariga bolalarni pul asosida joylashtirish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi odamlarni boy va kambag‘alga ajratishning yaqqol namunasi bo‘libdi. Bunday adolatsiz taklifning kelib-kelib ziyo va ma’rifat tarqatuvchi, bolalarimizni adolat, tenglik, haqiqat hamda halollikka o‘rgatuvchi ziyolilar idorasi vakillaridan chiqqanligi... bilmadim, nima deyishga tilim bormayapti, uyat, xullas.
Shahnoza SOATOVA (bloger):
...Biz aybdorlar jazolanadigan va sabablar bartaraf etiladigan islohotlarni kutgan edik. Bergan ham, olgan ham jazolanadigan, korrupsiyaga olib kelgan sabablar esa bartaraf etiladigan islohotlarni kutgan edik.
Shunday ham qo‘shimcha pul to‘lanadiku, deya tonirovka, chiroyli raqam va hokazolar uchun to‘lovlar joriy etilishi bilan 1-sinfga qabul uchun to‘lov joriy etilishi o‘rtasida nima farq bor? Birinchisi hashamat solig‘i (to‘layverishsin istaganlar), o‘sha hashamatsiz ham bemalol yashash mumkin bo‘lgani uchun bu ish o‘zini oqlar balki. Ikkinchisi esa eng zarur ehtiyoj va huquq (bepul va sifatli ta’lim) uchun to‘lov. Busiz yashab bo‘lmaydi.
To‘g‘ri, baribir pul to‘lashyapti, qo‘ng‘iroq qildirishyapti. Lekin bolalarimiz sifatli ta’lim olishi uchun boshqa yo‘li bo‘lganida, o‘sha to‘g‘ri yo‘ldan borishga tayyor edik. Biz farzandlarimiz yaxshi bilim olishini istaganimiz uchun aybdormizmi?
Korrupsiyaga qarshi kurashda uni qonuniylashtirish emas, unga nisbatan murosasizlik va toqatsizlikni tarbiyalash lozim. Boshqa to‘g‘ri yo‘lni hozircha ko‘rmayapmiz.
Bizda nega yaxshi maktablar kam, budjetdan ta’lim uchun ajratilayotgan mablag‘lar yetarlimi degan savollar ustida bosh qotirishimiz kerak? Xalq ta’limi vazirligi shu savollarni kun tartibiga olib chiqishi kerak edi. Sherzod Shermatov vazir bo‘lgan ilk kunlarda Moliya vaziriga ochiq hujum qilib, o‘qituvchilarning oyligini oshirish haqida jon kuydirgani yodimizda. Hatto o‘qituvchilarning oyligini 1000 dollarga yetkazamiz degan so‘zlar aytildi, xursand bo‘ldik — ta’limga yaxshi kadrlar qaytar ekan dedik. Lekin nega endi muhokamalar boshqa mavzu va boshqa yo‘singa o‘tib ketdi?
Komil JALILOV (pedagog):
Bu mavjud korrupsiyani legallashtirishga xizmat qiladi, lekin muammoni hal etmaydi. Masalan, 6 yashar bola maktabga tayyor emas, deyildi. Ota-otasi 10 minimal oylik to‘lasa, tayyor bo‘lib qoladimi? Yoki bola uyda rus tilida muloqot qilolmasa, u fanlarni rus tilida o‘rganishga tayyor emas, deyildi. Ota-onasi 10 minimal to‘lasa, tayyor bo‘lib qoladimi?
Oxirgi paytlarda mumkin bo‘lmagan narsa pulini to‘lasang, “mumkin”ga aylanyapti. Testdan o‘tolmasang, OTMda o‘qish mumkin emas, lekin super kontraktni to‘lashga puling yetsa — mumkin. Mashina oynasini qoraytirish mumkin emas, bu xavfsizlikka tahdid, lekin har yili 16 million so‘m to‘lashga puling yetsa — mumkin. Mashinangda odam urib o‘ldirsang qamalishing kerak, lekin puling bo‘lsa, jarima to‘la — ozodsan. Qonun hamma uchun barobar emas, puldor va pulsizlar uchun har xil bo‘lib bormoqda.
Zilola MUHAMMADALI (ona):
Qizim mikrohududga kiradigan maktabga borishi kerak. Lekin sentabr oyida 6,6 yoshga to‘ladi. Bu yoshdagi bolani har kim 6 emas, 7 yoshli deydi. Maktabga tayyor. Aslida mikrohududdagi bolalarni 6,6 yoshdan pulsiz, muammosiz qabul qilishardi. 6,6 yoshli bolani mikrohududdagi maktabga joylashda ota-onalar korrupsiyaga duch kelmagan-ku. Nega ho‘l-quruq barobar yonyapti? Bundan keyin olinmagan pullar ham olinar ekan-da. Maktabga tayyor turgan bola ota-onasining puli bo‘lsa — o‘qiydi, bo‘lmasa, salkam 8 yoshgacha bog‘cha yoki uyda yuradimi?
NOZIMA:
Har bir masalaga individual yondashuv kerak. Korrupsiyaning oldini olish bahonasida masalaga umumiylashtirish yo‘li bilan yechim topishmoqchi. Shu sababli ko‘p noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Har bir bandga alohida savol qo‘yilishi kerak edi. Korrupsiya bo‘lmagan maktablarda mikrohududni kengaytirish, yonma-yon joylashgan mikrohududlarda ota-ona uchun tanlash imkonini qoldirish va sentabrda 6,5 yoshdan oshgan bolalarga maktabga bepul borish imkoni berilishi lozim.
Shavkat MAMATQULOV:
Maktab tizimiga pul muomalasini kiritish mutlaqo noto‘g‘ri. Bu maktabdanoq bolalar o‘rtasida tabaqalanishga olib keladi. Qolaversa, ota-onalar o‘rtasidagi ma’naviy muvozanat ham buziladi. Farzandlarini o‘ta iqtidorli hisoblagan va shunga yarasha ularning o‘qishi uchun chiqim qilishga tayyor ota-onalar bolalarini xususiy maktablarga berishsin.
Bizda oxirgi yillar mobaynida ta’lim masalasida noto‘g‘ri tendensiya rivojlanmoqda. Bolani birinchi sinfdan pul bilan o‘qishga joylash, bilim saviyasi shubhali bo‘lgan yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun turli imtiyozlar o‘ylab topish kabi holatlar fikrimga dalil bo‘la oladi. Bu ketishda ertaga mamlakatda kadrlar masalasida inqiroz yuz berishi va kunimiz chetdan keladigan mutaxassislarga qolishi xavfi mavjud. Eng to‘g‘ri yo‘l o‘rta ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohot o‘tkazish kerak. Maktablar faqat ta’lim bersin, tarbiya masalasini ota-onalarga qonuniy ravishda yuklash kerak. Har qanday maktabni (xoh u poytaxtda, xoh chekka hududda bo‘lsin) bitirgan o‘g‘il-qiz repetitorning ko‘magisiz oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish uchun yetarli bilimga ega bo‘lishi shart.
Go‘zal PINYOZOVA (o‘qituvchi):
Muammoni bir taraflama o‘ylab qaror qilingani ko‘pchilikni norozi qildi. “Facebook” tarmog‘ida 28 ming bola mikrohududidagi maktabga joylasholmagani haqida e’lon qilindi. Shu o‘rinda mutasaddilar mikrohududidagi maktabda ta’lim sifati yaxshi bo‘lmagani uchun boshqa maktabga farzandini bergan oilalar soni bilan ham qiziqib ko‘rsa va qaror chiqarishdan oldin ikkala holatni taqqoslab olsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Qayerda sifat yaxshi bo‘lsa, shu yerga talab yuqori bo‘ladi. Talab kam bo‘lgan maktablarda qachon ta’lim sifati oshadi? Talab kam bo‘lgan maktablarni talab yuqori bo‘lgan maktablarga filial sifatida biriktirishni taklif qilaman.
Azim MAQSUDOV:
Ushbu qaror loyihasi qayerda muhokama qilindi?! Bu holat menda ko‘plab savollarni paydo qildi.
Birinchidan, ilgari bepul kvotalarni nazorat qilish imkoni bo‘lmagan bo‘lsa, to‘lov tartibi joriy etilgach, nazorat qanday amalga oshiriladi? Nazorat sust bo‘lgani uchun xalq pul to‘lashi lozimmi?
Sig‘imiga nisbatan ikki-uch barobar ko‘p o‘quvchi qabul qilayotgan maktablar to‘g‘risida ma’lumotlar bor ekan, nega bunga qarshi kurashilmaydi?
Ikkinchidan, “Mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, majburiy forma talab qilinishiga hali erta. Oldin sharoit, keyin talab”, deb kechagina majburiy formani ortga surgan jamiyat va davlat uchun mazkur qarordagi talablar mos keladimi?
Uchinchidan, o‘quvchilarni o‘z hududidagi maktabga qamrab olishni majburiy joriy etishdan oldin maktablardagi sharoitlar, beriladigan bilim darajasi, o‘qituvchilarning saviyasi va qolaversa, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktablarga qaratilayotgan e’tibor va ajratilayotgan mablag‘lar bir xil bo‘lishini ta’minlash zarur emasmi?!
To‘rtinchidan, belgilangan eng kam ish haqining 10 barobaridan kam bo‘lmagan miqdor, ya’ni 2 milliondan 10 million so‘mgacha badal nimaga asosan belgilangan?
Shuhrat BAYAHMEDOV:
Bunday qarorlar maktab qabuli jarayoniga 15 kun qolganda emas, bir-yil yoki ikki yil davomida hukumat portalida muhokama qilinishi kerak. Mana bu xabarni eshitganimizga 10—15 kun bo‘ldi. Qabul esa boshlandi. Bolalarim rus tilida muloqot qilishadi. Mikrohududimizda esa ta’lim faqat o‘zbek tilida olib boriladigan maktab bor. Katta o‘g‘limni hududimizdan olisdagi ta’lim rus tilida olib boriladigan maktabga berganmiz. Endi navbat kichik o‘g‘limga yetgandi. O‘sha maktabga qabul badali esa eng kam oylik ish haqining 20 barobari miqdori deb baholanibdi. Qisqa vaqtda 4 million so‘mni qayerdan topaman? Bolalarimni boshqa-boshqa maktabga berish ham ko‘plab noqulaylik va qo‘shimcha sarf-xarajatni keltirib chiqaradi. Qolaversa, u o‘zbek tilini bilmaydi. To‘g‘ri, ilgari mikrohududga kirmaydigan bolalarni qamrab olishda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan. Ammo bu ota-onaga uncha qiyin bo‘lmagan tarzda, maktabga biror yordam ko‘rsatish usulida amalga oshirilgan. Unga sarflanadigan mablag‘ni hisoblansa, 2 million so‘mga ham yetmaydi.
Firuza SAMANDAR:
Ushbu taklif kasallikning emas, alomatlarining oldini olishdek foydasiz chora. Bu bilan eng muhim muammo hal bo‘lib qolmaydi, ya’ni barcha maktablarda o‘quvchilar soni va ta’lim sifati me’yorga tushib qolmaydi. Ota-onalarning talabi yuqori bo‘lgan maktablarda boshqa maktablarda yo‘q shart-sharoit, imkoniyatlar bor. Malakali pedagoglar, ta’lim sifati va o‘qitish metodlari bo‘yicha ustunlik mavjud. Ayrimlari shunchaki, ko‘p yillardan buyon nufuzli deb hisoblab kelingan, hozir reytingi tushib borayotgan maktablardir. Shunday bo‘lsa-da, ularga nisbatan ota-onalarning fikri ilgarigidek saqlanib qolgan. Shunga binoan talab hamon kamaymagan. Xo‘sh, nima uchun maktablar orasida bunday tafovut bor? Xalq ta’limi mutasaddilari, avvalo, shu tafovutni bartaraf etish uchun kurashmog‘i kerak.
Komil RASHIDOV:
Menda ham talay savollar tug‘ildi:
Birinchidan, o‘sha 81 ta maktab va qolgan ta’lim muassasalari o‘rtasidagi farq oshgandan oshib boraveradi. Sababi, nufuzli maktablarda qo‘shimcha mablag‘ paydo bo‘lyapti, qolganlarda esa yo‘q. Xo‘sh, buning kelgusidagi oqibatlari o‘rganildimi?
Ikkinchidan, nimaga xalqning puli evaziga ta’limdagi korrupsiyaning sabablari bilan emas, oqibatlari bilan kurashilmoqda? Aslida nima uchun aholida o‘sha maktablarga borish ishtiyoqi kuchli? So‘rovlar o‘tkazilganmi? Ahvol ichkaridan o‘rganilganmi? Direktor pora olsa, faqat o‘zi yemagan, o‘qituvchilarga ham “tomizib turgan”. Yo‘qsa, nega o‘sha maktablarda yaxshi o‘qituvchilar yig‘ilib qolgan?
Uchinchidan, kelajakda maktablarni imkoniyat jihatidan o‘zaro tenglashtirish ishlari olib boriladimi?
Yulduz ORTIQOVA (jurnalist):
Yetti yoshga to‘lishning shart qilib qo‘yilishi noto‘g‘ri. Psixologiyada har bir bolaning yetilish davri individual bo‘lishi isbotlangan. Xalq ta’limi tizimi mutasaddilari pedagogika va psixologiyani nima uchun nazardan chetda qoldirishdi?
Yurtdoshlarimizda ayni kunlarda bu kabi savol va mulohazalar hamda ularga jo‘yali, xolis javob olish istagi tug‘ilyapti. O‘ylaymizki, bildirilayotgan fikr-mulohazalar mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, muammoga ijobiy yechim topiladi.
Sahifani Zilola MADATOVA tayyorladi.
Ushbu maqola gazetamizning 19-iyun, 47-sonida e'lon qilingan.