Sherzod Shermatov: “Maqsadimiz — shaffoflik. Korrupsiyaning oldini olish”
Bugungi kunda omma orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan maktablarga pulli qabul masalasiga Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari bilan “Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” mavzusida bo‘lib o‘tgan brifingda aniqlik kiritildi.
Unda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov quyidagilarni aytib o‘tdi. “Ushbu tizim pilot loyiha sifatida taklif etildi, joriy yildan amalda bo‘ladi degani emas. Bugungi kunda Toshkent shahrida 309 ta umumta’lim muassasasi bo‘lsa, shulardan 81tasi “престижний” ya’ni ularga talab yuqori. Bu jami maktablarning 26 foizini tashkil etadi, xolos. Shu 26 foiz maktabda esa 43 foiz o‘quvchi tahsil olmoqda. Bir sinfda hatto 50 dan ortiq bola bor. Bizning asosiy maqsadimiz mana shu holatga barham berish. Eski qabul tizimida korrupsiya va turli “qo‘ng‘iroqlar” orqali bolalarni talab yuqori bo‘lgan maktablarga joylashtirish holatlari mavjud edi. Ammo ushbu maktab mikrohududidagi oddiy aholi esa farzandlarini boshqa maktablarga qo‘yishga majbur bo‘lgan. Aslida, mana shu holat tabaqalashtirish emasmi? Natijada 81 ta maktabda o‘quvchilar soni oshib ketgan. Yangi tizimning afzalligi Davlat xizmatlari markazi orqali mikrohududda yashayotgan aholi vakillari hech bir qiyinchik va muammolarsiz farzandlarini maktabga joylash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Farzandini shu maktabga o‘qishini xohlagan ota-onalar qo‘shimcha kvota orqali hujjatlarini Davlat xizmatlari markazlari orqali tapshiradi. Bu orqali biz korrupsiyani oldini olishga erishamiz. Tizim shaffoflashadi. Direktorlarni turli iltimoslarni bajarishdan xalos etgan bo‘lamiz.
Shuningdek, brifing davomida vazir ota-onalarning mikrohududda ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar bo‘lmasa, qanday yo‘l tutamiz mazmunidagi savoliga hozirda maktablarda ta’lim rus tilida olib boriladigan sinflarni tashkil etish bo‘yicha ish olib orilayotganini, agarda maktablar bunday imkoniyatlarga ega bo‘lmasa, ota-onalar Toshkent shahar bosh boshqarmasiga murojaat qilishini va ular bepul tarzda boshqa maktablarga yo‘naltirilishini aytib o‘tdi.
Joriy yildan boshlab Toshkent shahridagi 81 ta talab yuqori bo‘lgan “престижний” maktabda qabul davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Hech qanday to‘lovlarsiz! Ushbu umumta’lim muassasalariga bolalar asosiy va qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinadi.
Vazir ushbu qaror loyihasini Konstitutsiyaga zid emasligini ta’kidladi va bu haqda hukmni faqat Konstitutsiyaviy sud hal qilishini aytib o‘tdi.
Niginabonu SHUKUROVA