O‘qituvchining dam olishga haqqi yo‘qmi?
O‘qituvchilar bugun majburiy mehnatdan ozod. Endi ular turli-tuman ommaviy ishlarga jalb qilinmayapti. Haqiqatan ham, majburiy mehnat bilan bog‘liq harakatlar endi o‘tmishga aylandi. Turli yumushlar o‘qituvchilar ishtirokisiz ham bajarilmoqda. Mana navbatdagi o‘quv yilida ham ular faqat o‘z zimmasidagi vazifani ado etishdi, yaxshi kayfiyatda o‘quv jarayonini yakunlashdi.
O‘qituvchilar ham o‘quvchilari kabi ta’tilni orziqib kutgan shekilli, bu davrda bajarishi kerak bo‘lgan yumushlarni allaqachon rejalashtirib qo‘yishibdi. To‘g‘rida, yil bo‘yi maktabdan uzilmagan o‘qituvchi o‘zi, oilasi, farzandlariga ta’til payti vaqt ajratadida. Ammo o‘qituvchilarning rejalari amalga oshmaydiganga o‘xshaydi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib shunday fikrga keldik. Nega dersiz? Sababini o‘qituvchilarning o‘zlaridan eshitamiz! “Mushtariy muhokamasi”ning navbatdagi mavzusi shu haqda.
Go‘zal PINYOZOVA:
― Yaqinda maktabimizda yig‘ilish bo‘ldi. Bu yil nomiga mehnat ta’tiliga chiqishimizni va yoz bo‘yi o‘quvchilar bilan 5 tashabbus bo‘yicha turli to‘garaklar tashkil etishimizni aytishdi. Qiziq, o‘qituvchilar qachon dam oladi? Biz to‘garaklarga qarshi emasmiz, lekin hamma ishda ham belgilangan dam olish bo‘lishi kerak-ku! Masalan, bu yil 4-sinflarni yuqori sinfga uchirma qildim. Shundoq ham avgustdan 1-sinflarni maktabga tayyorlay boshlayman. Uy-ro‘zg‘or ishlarini ham yozgi ta’tilda bafurja qilaman deb rejalashtirayotgan edim. Ammo ta’til bekor qilinganini eshitib, hafsalam pir bo‘ldi. Bu kabi muammolar hamma joyda bor. Lekin haqiqatni yashirib, jabr chekib yashayveramiz. Eng achinarlisi mana shu!
G‘ayrat QORABEKOV:
― Menimcha, respublikadagi barcha maktablarda 5 tashabbus bo‘yicha to‘garaklar tashkil etildi. O‘qituvchilarning mehnat ta’tilidaman, deb mashg‘ulotlarni o‘tmaslikka haqqi yo‘q ekan. Bu ishlar yana tekshir-tekshirlar uchunmi? Qachon ko‘zbo‘yamachiliklarga chek qo‘yiladi? O‘qituvchi hech bo‘lmaganda, 48 kungina dam olsin, sog‘lig‘ini tiklasin, asabini joyiga keltirsin. Axir, u ham tirik jon.
Ravshan MATMUSAYEV:
― Bu masala haqida men ham eshitdim. O‘qituvchilar o‘zaro kelishib ishlashi mumkin bo‘lsa kerak. Ko‘p bo‘lmasada, oylik ham berilarmish-ku. Ammo ba’zi rahbarlar o‘qituvchilarga “To‘garak mashg‘uloti o‘tsangiz, o‘t yulish va boshqa mehnatlarga jalb qilmayman. Maktabga kelib, darsingizni o‘tasiz-ketasiz”, deya iddao qilgani ham haqiqat. Ba’zida ikkilanib qolaman: hali ham o‘qituvchilar yelkasidagi majburiy mehnat bo‘yinturug‘idan qutulmadimikan?! Aslini olganda, bola 3 oy ta’til vaqtida bekorchi bo‘lib qolmasin, degan maqsadda to‘garak o‘tish tashabbusi bilan chiqilgan bo‘lsa kerak. Agar o‘quvchi o‘z ixtiyori bilan kelsa, bu yaxshi. Lekin ularni majburlashni oqlab bo‘lmaydi. Bu masalaga Xalq ta’limi vazirligi aniqlik kiritishini xohlardik.
GULCHEHRA:
— Mudirimiz tumandagi barcha direktor o‘rinbosarlarini yig‘ib, majlis o‘tkazdi. Hech kimga ta’til yo‘q, ko‘rsatmani bajarasanlar, dedi. Agar kimdakim ta’tilga chiqib, telefonini o‘chirib qo‘ygudek bo‘lsa, 100 yil ishlagan taqdirda ham, ishdan bo‘shatilishini aytdi.
Matluba NAVRO‘ZOVA:
― Bu bilan shundog‘am charchagan o‘quvchilarni maktabdan, o‘qituvchilardan bezdiramiz, xolos. To‘garaklardan biror narsani chin ma’noda o‘rganishni kutish notabiiy. Ta’til davrida o‘qituvchilarning jon kuydirishini ham… Yana soxtalik, o‘z-o‘zini aldash.
Dildor NURMUHAMMEDOVA:
― Hamma narsaning o‘z o‘rni va payti bo‘ladi. Ta’tilmi — ta’til, ishmi — ish. O‘ylashimcha, bu o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq. U, avvalo, o‘z haq-huquqini himoya qila bilishi kerak. Bundan ikki yillar oldin mana shunday gap bor edi. Hatto yakshanba kunlari ham bola yig‘ib o‘tirishga majbur edik. Doim yuqoridagilar kelib, ta’tildagi odamlarning bor-yo‘qligini tekshirishardi. Mening tushunishimcha, “Barkamol avlod”ning rejasini bajarish uchun o‘qituvchilardan foydalanilyapti. Yuqoridagi topshiriqlarning bajarilishini ko‘zlab noto‘g‘ri ish qiladiganlar ham bor.
Lobar YOQUBOVA:
― Qishloq bolasi yozgi ta’til davrida chorva, dala, bog‘ ishlarida ota-onasiga qarashadi. Kunini to‘garak deb maktabda o‘tgazguncha, uy ishlarini ma’qul ko‘radi. Bola faqat o‘qishnimas, vaqtida mehnatning mashaqqatini ham his qilgani yaxshi. Bir tarafdan o‘ylab qarasak, bolalarning hammasi ham o‘qimishli bo‘lavermaydi. Balki yaxshi dehqon yoki chorvador bo‘lar, balki tadbirkor…
Hafiza RASHIDOVA:
― Menimcha, 5 tashabbus joylarda boshqacha talqin qilinmoqda. O‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham ta’tilni kutishi rost. Hammaning o‘ziga yarasha rejasi bor. Bolalar ta’til bo‘ldimi, bobosinikiga boradi, oromgohlarda dam oladi. Bobo va buvilar nabiralariga hayot sabog‘ini berishadi. Biz esa bolani ham, o‘qituvchini ham ta’til vaqtida majburan to‘garakka jalb qilmoqchimiz. Ko‘p yillik hayotiy tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bola ota-ona mehridan bahra olib, uy yumushlariga yordam bersa, qizlar onasidan, yigitlar otasidan ro‘zg‘or ishlarini o‘rgansa, bu turli to‘garaklardan ko‘ra afzalroq. O‘qituvchilar ham o‘z farzandlariga vaqt ajratsin. Yil davomida birovning farzandiga ta’lim-tarbiya beradi. Hech bo‘lmaganda ta’til davrida o‘z farzandlari bilan birga bo‘lsin.
Dilfuza SUVONOVA:
― Ta’til o‘z nomi bilan ta’til. To‘qqiz oy turli fanlar bo‘yicha o‘qigan bolaning miyasiga dam berish kerak. Mazza qilib do‘stlari bilan o‘ynasin. Qarindoshlarinikiga borsin. Eng muhimi, ota-onasi bilan ko‘proq muloqot qilsin… Ta’til davrida bolalarning aqliy yuklamasini kamaytirish kerak. Faqat badiiy kitoblar mutolaasi bundan mustasno. O‘qituvchi ham ta’tilda yetarlicha dam olmas ekan, yangi o‘quv yilida puxta bilim berolmaydi. Yil — o‘n ikki oy bolalar bilan shug‘ullanishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu haqiqiy mashaqqat.
Sh.ERGASHEVNA:
— Mehnat kodeksida ham ta’til davrida ishlaydiganlar uchun alohida bandlar mavjudki, bular qo‘shimcha to‘lovlar bilan bog‘liq. To‘garak o‘tayotgan o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish kerak deb hisoblayman. Hech qanday rag‘batlantirishsiz ishlagan ustoz jonini koyitmasligi aniq.
O‘QITUVCHI:
― Bizda hatto to‘garak ham pullik bo‘ladi, deyishyapti. O‘quvchilarni tekin to‘garaklarga jalb qilish qiyin-ku, pullik bo‘lsa, bilmadim. Biz endi qayerdan o‘quvchi yig‘amiz, hayronman. Bu borada o‘qituvchilarga bosim o‘tkazilyapti. Agar to‘garak mashg‘uloti o‘tmasalaring, pedyuklamalaringni o‘chiramiz, deyishdi rahbarlar. Direktorimizning aytishicha, bu vazirlikning buyrug‘i emish.
“Marifat” muxbiri Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.