Ona tilimiz unutilmasin!
Farzandlar maktabga chiqish davrida oila kattalari oldida bir necha muammo paydo bo‘ladi. Shulardan biri — bolaning qaysi maktabga borishi. Bu masalada oilaviy bahs kechadi. Avvallari ko‘pchilik yashash manziliga yaqin maktabda o‘qir edi. Hozir esa ota-onalar bolalarini qaysi maktabda ta’lim yaxshi berilsa, o‘qituvchi-murabbiylari yaxshi bo‘lsa, o‘sha maktablarda o‘qitishga harakat qiladi. Shu sabab, bola ovora, ota-ona ovora, ortiqcha transport xarajatlari va hokazo.
Eng achinarlisi, uzoq masofadagi maktabga qatnayotgan bolaning ham, farzandini olib borish va olib kelish uchun ota-onalarning ham ko‘p vaqti yo‘lga ketadi. Amerikaliklarda bir ibora bor: “Vaqt — bu pul”. Yo‘lga ketgan vaqt hisobiga bolalar dars qilsa, bilimi oshadi va jamiyat rivoji uchun bu qo‘shimcha kuch bo‘ladi. Shu o‘rinda bir taklifim bor: har bir tumandagi maktablar reytingini tuman hokimining ishiga baho berish asoslaridan biriga aylantirish kerak.
So‘nggi paytlarda bolalarni o‘zbek yoki rus maktablarida o‘qitish hamda ona tili ta’limi masalasi ko‘p bor muhokama qilindi. Sobiq ittifoq davrida farzandini rus sinfiga bergan oilalar bunga sabab sifatida majlislar rus tilida bo‘lishi va xizmat shohsupasidan ko‘tarilish uchun rus tilini bilish shartligini uqitirar edi. Hech kimning birovga farzandini qanday tilda o‘qitishni maslahat berishga haqqi yo‘q. Lekin mustaqilligimizga 28 yil to‘layotgan bir davrda o‘zbek tili davlat tili bo‘lishiga qaramay, nima uchun farzandlarimizni boshqa tilda o‘qitiladigan sinflarga berayotganimiz tushunarsiz.
Butun dunyo tan olgan dog‘istonlik shoir Rasul Hamzatov “Mening Dog‘istonim” asarida “Tillarni osmondagi yulduzlarga o‘xshataman. Bu yulduzlarning hammasi qo‘shilib bahaybat bir yulduz bo‘lishini sira istamasdim. Osmonga bitta quyosh, bitta oy yetadi. Yulduzlar o‘z jilvasi bilan go‘zal. Har bir insonning o‘z yulduzi bo‘lsin. Mening yulduzim — o‘z ona tilim, avar tili. Men uni sevaman. Kichkina tog‘da ham katta oltin koni bo‘ladi, deydigan geologlarga ishonaman. Tog‘lik xotinlar bir-birini qattiq qarg‘aganda: iloyim bolalaring ona tilidan judo bo‘lsin, deyishadi”, deb yozgan.
Shoir nasriy asarini davom ettirib, yana bir voqeani hikoya qiladi: “Parijda dog‘istonlik rassomni uchratib, qoldim. Bu odam inqilobdan keyin ko‘p o‘tmay Italiyaga ketib qolgan, o‘sha yerda italyan qiziga uylanib, qolib ketgan ekan… Tog‘lik yurtning urf-odatlariga o‘rgangan rassom begona yurtga ko‘nika olmabdi. Jahon kezish boshlanibdi. Lekin qayga bormasin, ona yurt sog‘inchi uni tark etmabdi. Men bu sog‘inchning ifodasini ko‘rmoqchi bo‘ldim va chizgan suratlarini so‘radim…
Boshqa suratda tikanak ustiga qo‘ngan qush tasvirlangan. Qush sayrab turibdi. Suratga mahliyo bo‘lib qolganimni ko‘rgan rassom menga tasvirning ma’nosini tushuntirdi:
— Bu qadimiy avar afsonasidan olingan.
— Qanday afsona?
— Kunlardan bir kuni sayyod bir qushni ushlab olib, qafasga solibdi. Tutqun qush qafasda yotib ertayu kech “vatan, vatan, vatan”, deyveribdi. Sayyod o‘ylabdi: “Menku bu qushni oltin qafasga soldim. Doni, suvi doim muhayyo. Shunda ham “vatan, vatan”, deydi. Demak, buning vatani dunyoda tengsiz ajoyib bir gulshan bo‘lsa kerak. Kel, qo‘yib yuboraychi, qayoqqa ucharkan. Men ham o‘sha ajoyib gulshanni bir ko‘ray”. Shu xayol bilan sayyod oltin qafasni ochib, qushni qo‘yib yuboribdi. Qush bo‘lsa, parr etib uchibdi-yu, o‘n qadamcha naridagi tikanzorga qo‘nibdi. Sayyod borib qarasa, qush uyasi o‘sha tikanlar orasida ekan. Men ham, — deb gapni tamomladi rassom, — mana shu qafasdan o‘z vatanimga intizor tikilaman.
— Yurtingizga qaytsangiz bo‘lmaydimi?
— Vaqt o‘tgan. Men bir zamonlar o‘z yurtimdan qaynoq yurak bilan chiqib ketgan edim. Endi unga quruq suyak bilan kirib borishim — nomus.
Parijdan qaytgach, rassomning uyini topdim. Qarangki, onasi hali barhayot ekan. Qarindosh-urug‘lari to‘planib mening hikoyamni g‘amgin bosh egib eshitishdi. Ular vatangado o‘g‘ilning gunohini kechganday edilar. Qayerda bo‘lsa ham tirik ekanidan xursand edilar. To‘satdan onasi so‘rab qoldi:
— Sizlar avarcha gaplashdinglarmi?
— Yo‘q. Biz tarjimon orqali so‘zlashdik. Men ruscha, o‘g‘ling fransuzcha gapirdi.
Ona qora ro‘mol bilan yuzini bekitdi. Odatda onalar o‘g‘lining o‘lganini eshitganda shunday qilishadi… Uzoq sukutdan keyin ona shunday dedi:
— Sen yangilishibsan, Rasul, mening o‘g‘lim o‘lib ketgan. Sen ko‘rgan mening bolam emas. Mening o‘g‘lim onasi o‘rgatgan tilni unutmas edi”.
Naqadar dahshatli, shu bilan birga, tarbiyaviy ahamiyatga ega hikoya. Boshqa yurtlarni orzu qilib yurgan, o‘z tilini unutayotgan yurtdoshlarimiz bu kitobni o‘qisa, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Filologiya fanlari doktori, professor Muhammadjon Imomnazarovning O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan shoirning “So‘z latofati” kitobiga atab yozgan risolasida hammamiz uchun qadrli bo‘lgan shoir to‘g‘risida iliq so‘zlar, esdaliklar qayd etilgan. Risolada bolalarning kitob o‘qishi to‘g‘risida ham fikr yuritilgan. Shuningdek, muallif o‘sha dolzarb masalani ko‘taradi: farzandlarimizni rus sinfiga berish kerakmi yoki o‘zbek sinfiga? Haqiqatan ham, bu dolzarb masala. Ushbu risolada qayd etilishiga ko‘ra, nabirasini rus sinfiga bergan va bu orqali paydo bo‘layotgan muammolarni sanab o‘tgan. Ammo nega baribir bu yo‘l tanlanyapti? O‘ylab ko‘raylik, nufuzli idoralarda, diplomatik munosabatlarda, biznes kompaniyalarida va shu kabi idoralarda hisobot rus tilida olib boriladi. Rus tilini shunchalik zarur deb bilsak, maktabda bu fan dars soatini ko‘paytirish kerakdir, balki. Fikrimcha, o‘zbek sinfimi yoki rus sinfimi farqi yo‘q, bu sinfdagi bolalarning bilimi yuksak bo‘lishi uchun biz ota-onalar, mutasaddi tashkilotlar sharoitni yanada yaxshilashimiz lozim. Ishonchim komil, bu sarf-xarajatlar o‘zini yaqin yillar ichida oqlaydi. Falsafada shunday fikr bor: “Eng katta foyda keltiradigan sarf-xarajat — bu bolalarning bilim olishiga sarflangan sarf-xarajatdir”.
Shu kunlarda bolalarni kitobxon qilish uchun ko‘p ishlar qilinyapti va bu ishga kim mas’ul degan so‘zlar ham yangrayapti. Ba’zilar ota-ona, desa, boshqalar maktab, deb uqtirishayapti. Men yana sevimli shoirimiz E.Vohidov ijodiga murojaat qilaman:
Farzandlarni biz ne uchun
Keltiramiz dunyoga,
Aql-u qalbin, umr-u baxtin
To‘ldirmasak ziyoga?
Ota-onaning farzandi oldidagi mas’uliyatini bundan ortiq ifodalash qiyin, nazarimda.
Abdukarim ABDULLAYEV,
kimyo fanlari nomzodi