Obunachi, gazeta vaqtida yetkazilyaptimi?
Gazeta-jurnallarning obunachilarga o‘z vaqtida yetib borishi aholining bosma nashrlarga ishonchi va e’tiborini oshiradi. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra kundalik nashrlarning kechikish holatlari kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan matbuot tarqatuvchi tashkilot xodimlari bilan suhbatlashdik.
“O‘zbekiston pochtasi” AJ Qoraqalpog‘iston bo‘limining obuna bo‘yicha mas’ul xodimi Ziynesh Nao‘ruzova aynan “Ma’rifat” gazetasi haftaning birinchi va to‘rtinchi kunlari yetib kelishini bildirdi. Birinchi va to‘rtinchi kunlari ertalabki reysda kutib olinib, shu kuni shahar va tumanlarga taqsimlanadi. Nukusga yaqin tumanlarga gazeta shu kunning o‘zida yetkazilib berilsa, olis tumanlarga bir kundan so‘ng (ikkinchi va beshinchi kuni) yetib boradi. Chekka tumanlarga ertalabki avtobuslar orqali yuborilar ekan. Ammo xodimning gapiga ko‘ra, tuman bo‘limlari avtotransport bilan to‘liq ta’minlangan.
Aprel holatiga ko‘ra mazkur pochta bo‘limi orqali “Ma’rifat” gazetasidan 425, “Учитель Узбекистана” gazetasidan 135 donaga obuna bo‘lingan.
Tahririyatga gazetaning joylarga kech yetkazilayotgani haqida shikoyatlar bo‘layotganini aytganimizda “O‘zbekiston pochtasi” AJ Qoraqalpog‘iston bo‘limining pochta xizmati bo‘limi boshlig‘i Sultanbek Bekturg‘anov shunday dedi:
— Ayni vaqtgacha bizga hech qanday shikoyat xati yoki murojaat kelib tushmadi. Aynan qaysi tuman va qaysi tashkilot yoki yakka obunachi uyiga gazetaning kech yetkazilayotganini ma’lum qilsa, tezda zarur choralarni ko‘rgan bo‘lardik. Birinchi navbatda, obunachilar qaysi tashkilot orqali kundalik nashrlarga obuna bo‘layotganini bilishi kerak. Hozir Qoraqalpog‘iston bo‘yicha 10 dan ortiq xususiy matbuot tarqatuvchi tashkilot bor. Ular faoliyati bilan yaqindan tanishib ko‘rish zarur. O‘zimizga to‘xtalsak, bizga gazeta kelgan kunning o‘zida, olis tumanlarga esa bir kundan so‘ng yetkazib beriladi. Mahalliy gazetalarimiz esa chop etilgan kunning o‘zida tarqatiladi. Toshkentda chiqadigan nashrlarning bir-ikki kunga kechikishi masofa bilan bog‘liq.
Sultanbek akaning gapidan ma’lum bo‘ladiki, agar gazetalar birinchi kuni yetib kelsa, tarqatilishi o‘z-o‘zidan ikkinchi kunga qoldiriladi. Demak, “Ma’rifat” gazetasining shanba soni birinchi kuni yetib kelsa, ikkinchi kuni tarqatiladi. Olis tumanlarga esa haftaning uchinchi kuni yetib boradi.
“Matbuot tarqatuvchi” AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi xodimi Alima Allanboyeva ham “Ma’rifat” gazetasi haftaning birinchi va to‘rtinchi kunlari yetib kelishini bildirdi. Barcha tumanlarga imkon qadar shu kunning o‘zida tarqatiladi. Bu bo‘lim orqali “Ma’rifat” gazetasiga 281 dona obuna bo‘lingan.
“Nukus ekspress xabar tarqatuvchi” MChJ rahbari Gulbahor Palo‘anova bilan ham “Ma’rifat” gazetasining yetkazib berilishi bo‘yicha suhbatlashganimizda u quyidagicha javob berdi:
— Biz faqat Nukus shahri aholisiga xizmat ko‘rsatamiz. O‘zbek tilida Toshkent shahri va viloyatlarda nashr etiladigan gazeta-jurnallarni Qoraqalpog‘istonga yetkazib berishda tezkor pochta xizmatidan foydalanamiz. Bizga yetib kelgan gazetalar shu kunning o‘zida tarqatiladi. Tashkilotimiz muayyan hududni qamrab olgani uchun bu borada bizda hech qanday muammo yo‘q. Birinchi navbatda, obunachi manfaati turadi. Biz har bir obunachi uchun kurashamiz. Sifatli xizmat ko‘rsatish uchun jon-jahdimiz bilan harakat qilyapmiz.
Nesibeli MAMBETIRZAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri