Sinchkovlik — til o‘rganishning muhim sharti
Psixologlarning ta’kidlashicha, xotirani mustahkamlovchi usullardan biri — bu yangi til o‘rganish. Yangi tilni o‘zlashtirishga kirishgan o‘rganuvchi 90 foiz vaqtini so‘z yodlashga sarflar ekan. Ingliz tilini o‘rganishni boshlagan har bir inson so‘zlarni qanday qilib tez va oson o‘zlashtirish haqida bosh qotiradi. Negaki, ingliz tili fonetikasining o‘zbek tili fonetikasidan farqi katta. Harflar turli o‘rinda turlicha talaffuz qilinadi, omonimlar ko‘p uchraydi va boshqa farqlar mavjudki, bu til o‘rganishga endigina kirishganlar uchun murakkabdek tuyuladi.
Litsey, maktab o‘quvchilari hamda abituriyentlar bilan ishlash jarayonida ularga so‘z yod olishning bir necha metodlarini taqdim qildim va qaysi usullar ko‘proq samara berganligi, ularga ma’qul kelganini aniqlashga urindim.
Lug‘at yodlash jarayoni uch qismdan iborat:
— so‘zlarni tanlab olish;
— so‘zlarni eslab qolish;
— so‘zlarni mustahkamlash.
So‘zlarni tanlab olish ― bu biror-bir matn, qo‘shiq, mashq, bir so‘z bilan aytganda, kontekstdan notanish so‘zni ajratib olish yoki biror mavzuga oid so‘zlarni yodlash uchun tanlab olish jarayonidir. Eslab qolish esa tanlangan so‘zlarni turli metodlar yordamida yodda saqlashdir. Mustahkamlash haqida esa keyinroq to‘xtalamiz. Hozircha tavsiya qilmoqchi bo‘lgan metodlar xususida so‘z yuritamiz.
Tasavvuringizni ishga soling!
Buning uchun yod olinayotgan yangi so‘zga o‘xshash xayolingizga birinchi kelgan o‘zbekcha so‘zni qatnashtirib gap tuzing va esda saqlang. Masalan: art (art) — san’at. O‘xshash so‘z — mard. Mard odamlar o‘z san’atini ko‘rsatdi. Window (uindou) — deraza, oyna. O‘xshash so‘z — windows. Oynangizga qarasangiz, kompyuterda “windows” yozuvi chiqqani ko‘rinadi va hokazo.
Inson xotirasi miyaning qaysi qismi qanday ishlashi bilan bog‘liq. Miyaning chap yarimshari: asosan, mantiqqa javob beradi, ya’ni raqamlar, matnlar, yozuvlarni yodlashga mo‘ljallangan va u 10 foiz xotira salohiyatiga ega. O‘ng taraf esa asosan emotsiyalarga javob beradi. Bizda 5 ta his-tuyg‘u organi mavjud. Bular ― ko‘rish, eshitish, ta’m bilish, hid sezish va tana orqali his etishdir. O‘ng qism 90 foiz xotira salohiyatiga ega. Undan 80 foizi tasavvurga tegishli. Shu sabab, maktabgacha bo‘lgan davrda bolalarning eslab qolish qobiliyati yuqori bo‘ladi, ya’ni ular tasavvur orqali ma’lumotlarni qabul qiladi. Yozish, o‘qishni o‘rgana boshlaganlarida chap taraf faollashadi va o‘ng taraf ikkinchi o‘ringa tushadi. Demak, hayotimiz davomida tasavvurimiz bilan ishlaydigan o‘ng tarafni faol saqlashga harakat qilishimiz lozim.
Lug‘at daftarni noan’anaviy usulda yuriting!
Biz uchun an’anaviy, ommabop va qulay deb hisoblangan usul — bu daftarni uch qismga English/Transcription/Uzbek tarzida bo‘lib yodlash. To‘g‘ri, bu usul yillar davomida qo‘llab kelingan va o‘ziga xos afzalliklarga ega. Xususan, maktab o‘quvchilari yodlayotgan so‘zlarini raqamlab yodlashadi, ularning sonini oshirishga ham qiziqib, ma’lum darajada samaraga erishishlari mumkin. Ammo undan-da ko‘proq natijaga erishishning oson usullari ham bor. Buning uchun til o‘rganuvchi lug‘at daftarini yuritishda ijodiy qobiliyatini ishga solishi kerak. Masalan:
― so‘zga ingliz tilida izoh (definition) yozish: wake up — stop sleeping;
― qaysi so‘z turkumi ekanini yozish (ingliz tilida): run (verb);
― antonim, sinonim, paronim, omonim, fraza, so‘z birikmalari keltirish: continue — go on;
― so‘zni qismlarga bo‘lish: unhappy — un-happy;
― rasm chizish (karikatura varianti ma’qulroq): smile ;
― so‘zni qatnashtirib maqol, idioma yoki gap yozish: home — “My home is my castle”;
― so‘z oilasi tuzish: fruit — apple, banana, pear, lemon (buni diagramma ko‘rinishida qilsa ham bo‘ladi):
spoon eating fork,
knife
Bular orasida o‘quvchilarga ko‘proq ma’quli va yaxshi natija beradigani rasm chizish usuli bo‘lib, u ham tasavvur bilan bog‘liq.
Matn ustida ko‘proq ishlang!
Tanlangan har qanday matn o‘rganuvchi uchun qiziq bo‘lishi zarur. Yangi matn bilan ishlaganda dastlab uning umumiy mazmunini tushunish uchun ko‘z yugurtiriladi. Keyin to‘liq tushunish uchun yangi so‘zlar ustida ishlanadi. So‘zlar tarjima qilinib, matnning mazmuni to‘liq anglangach, ko‘p so‘zlar kontekst orqali xotirada qoladi. Kezi kelganda, tezkor xotiramiz orqali eslamasak-da, bir necha soniya yoki daqiqada matn mazmuni bilan unga bog‘lanib kelgan so‘zlar orqali ham yodimizga tushadi. Shuningdek, matn tarjima qilayotganda lug‘at kitobi bilan ishlash ko‘nikmasi ham a’lo darajada shakllanadi.
Elektron lug‘atmi yoki kitob?
O‘quvchilar bilan shug‘ullanishni boshlamasdan oldin ularga shu savol bilan murojaat qilaman. Ko‘pincha ular elektron lug‘atni ma’qul ko‘rishadi (Ammo kitobdan foydalanishni o‘rgangach, bu usul afzal ekanini anglashadi). Elektron lug‘atdan foydalanuvchilar kam vaqtda ko‘proq natijaga erishaman deb hisoblaydi. O‘quvchilar uchun dastlab lug‘at kitobdan so‘z izlash qiyin tuyuladi. Aksariyat o‘quvchilar bunga erinadi. Ingliz tilida omonimlar, frazalar ko‘p va murakkab bo‘lgani uchun tarjimada ehtiyotkor hamda sabrli bo‘lish lozim. Lug‘at kitobdan foydalanganda kerakli so‘zni izlash jarayonida ham ba’zan o‘zimizga qiziq bo‘lgan boshqa so‘zni uchratib, eslab qolamiz. Demak, foydali ish koeffitsiyenti ham oshadi. Ustiga ustak mehnat orqali erishilgan hamma narsa qadrli bo‘lib, xotirada uzoq saqlanadi.
Elektron lug‘atdan tezkor tarjimada, biror so‘zni esga tushirish uchun ko‘cha-ko‘yda yoki boshqa joyda foydalanish mumkin.
O‘zingizga qiziq mashg‘ulot tanlang!
Bugungi kunda ko‘pchilik chet el qo‘shiqlarini sevib tinglaydi, filmlarini tomosha qiladi. Demak, bundan ham to‘g‘ri foydalanib, yaxshi natijaga erishish mumkin. Subtitrli filmlarni tomosha qilish ― eshitish, gapirish ko‘nikmasini rivojlantiradi va, eng muhimi, ko‘p so‘zlar yodimizda qoladi. Yoki qo‘shiqning mazmunini tushunishga bo‘lgan ishtiyoq ham o‘rganuvchining yangi so‘zlarni izlab topib, o‘rganishiga turtki bo‘ladi. Bu qiziquvchi uchun mushkul emas, aksincha, maroqli jarayondir.
Kundalik hayot bilan bog‘lab o‘rganing!
O‘quvchilik kezlarimda yoshi kattaroq qarindoshim yoki tanishim ingliz tilini o‘rganayotganimni bilsa, yon-atrofimizdagi buyumlar nomini inglizchada ayt deb so‘rardi. Ammo men bunga har doim ham javob bera olmasdim. Bejiz bunday savollar berilmaydi. Til o‘rganuvchidan o‘ta sinchkovlik talab etiladi. So‘zlarni oddiy, turmush tarzimizda qo‘llanadiganlaridan boshlab o‘rganish kerak. Masalan: afishalar, kiyimlar, yeguliklardagi yozuvlar tarjimasini stikerlarga yozib, ko‘z ko‘p
tushadigan joylarga yopishtirish mumkin. Har bir til o‘rganuvchi o‘zi foydalanayotgan buyum ingliz tilida nima deb nomlanishiga qiziqishi kerak. Dars jarayonida ham sinfdagi muhitdan kelib chiqib misollar aytilsa, bolalar yaxshi eslab qoladi. Grammatika o‘tilayotganda ham gaplar hayotiy, kulgili va ta’sirchan misollar bilan tushuntirilsa, o‘quvchilar o‘sha zahoti jumlani eslab qoladi. Masalan,
ingliz tilida “top banana” idiomasi eng ilg‘or, e’tibordagi inson haqida gap ketganda ishlatiladi. Men bu idiomani qo‘llash uchun quyidagi gapni tuzdim, o‘quvchilarim xotirasida qoldi: Nursulton is the top banana of the group. Chunki haqiqatan ham, Nursulton sinfdagi eng ilg‘or o‘quvchi.
Lug‘at boyligimiz ikkiga bo‘linadi: aktiv va passiv. Aktiv lug‘at gapirganimizda, yozganimizda to‘g‘ridan to‘g‘ri eslaydigan so‘zlarimizdir. O‘qiganda kontekstda ko‘rib, eshitganda eslaydigan so‘zlarimiz passiv lug‘atimiz, ya’ni uning yuzaga chiqishiga turtki yoki biror omil kerak. So‘zimiz avvalida aytib o‘tilgan uchinchi bosqich so‘zlarni mustahkamlash bosqichi edi. Demak, har qanday yangi tilni qaysi metod yordamida o‘rganmaylik, takrorlash, mustahkamlash talab etiladi. Zero, u ona suti bilan qon-qonimizga singmagan, biz uchun begona til. Mustahkamlash uchun, avvalo, bu so‘zlarni tez-tez qo‘llash, kichik-kichik, keyinchalik kattaroq matnlar tuzib, juda kengaytirib, yodlab borish lozim. Qancha muddat oralig‘ida takrorlash kerak degan savolga olimlar har xil fikr bildiradi. Masalan, Styuard Redman haftasiga bir kun bir soatni takrorlashga ajratgandan ko‘ra, har kuni besh daqiqa vaqt ajratgan ma’qul deydi.
Sababi, yangi o‘rganilgan so‘zlar besh kungacha esda saqlanadi. Agar u takrorlanmasa, esdan chiqishi, passiv lug‘atga aylanish ehtimoli bor. Mustahkamlash mashqlarini qancha ko‘p bajarsak, passiv lug‘at ikkinchi o‘ringa tushadi va bu haqiqiy yutug‘imizga aylanadi.
Hilola RASHIDOVA