“TV-tanlov” o‘tkazilsa...
Har qanday tanlovning asosiy mezoni shaffoflik va adolat sanaladi. Jumladan, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovida ham eng munosib va izlanuvchan, zamonaviy fikrlaydigan pedagoglarni saralashda bu jihat alohida e’tiborga olinadi. Shu bois an’anaviy ko‘rik-tanlovni o‘tkazish tartiblari yil sayin takomillashmoqda. Bu yil ham ko‘rik-tanlov shartlariga qator o‘zgartirishlar kiritildi. Aynan adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida o‘qituvchilar bellashuvi Respublika ta’lim markazining hududlarga biriktirilgan xodimlari nazoratida, onlayn videokuzatuv ostida o‘tkazildi. Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichida g‘olib deb topilgan 178 nafar ishtirokchi 13 ta fan bo‘yicha ayni paytda yakuniy sinovga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Joriy yil tanlov nizomiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra oliy ma’lumotli, kamida uch yillik pedagogik ish stajiga hamda ikkinchi va undan yuqori malaka toifasiga ega o‘qituvchilar bellashuvda ixtiyoriy qatnashib, Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytidagi maxsus sahifada onlayn ro‘yxatdan o‘tishdi. E’tiborlisi, ishtirokchilardan talab qilinadigan hujjatlar soni 10 tadan 5 taga qisqarib, barchasi elektron shaklda qabul qilindi. Tanlov shartlari esa 5 tadan 3 taga qisqartirildi, bellashuvni adolatli o‘tkazish uchun hakamlar hay’ati tarkibiga barcha hududdan teng miqdorda vakil tayinlandi. Har bir test savolini yechish uchun aniq fanlarga uch daqiqa, ijtimoiy va filologiya fanlariga ikki daqiqadan vaqt berildi. Test materiallari mazmuniga PISA, TIMSS xalqaro baholash talablari singdirildi. Ishtirokchilarning bali teng bo‘lgan taqdirda, tegishli fan bo‘yicha qo‘shimcha 10 tadan test savoli berish orqali g‘olib aniqlanishi, bu amalga oshguncha test jarayoni takroriy davom ettirilishi ham o‘qituvchilar o‘rtasida tenglikni ta’minladi. Muhimi, ishtirokchilarning o‘ziga ishonchi ortgani namoyon bo‘ldi. Avvalgi yillarda dars o‘tish uchun yashirin mavzu tanlanardi. Bu yil esa o‘qituvchi tanlov chog‘ida kompyuterda yozgan dars ishlanmasi asosida keyingi turda mashg‘ulot o‘tib berdi va nazariy bilimning qanchalik puxta ekanini amaliyotda isbotlashga harakat qildi.
Testdagi savollar mantiqan to‘g‘rimi?
Tanlovdagi test jarayoni xususida turli mulohazalar bildirildi. Masalan, bellashuvning tuman bosqichida ayrim fanlardan hammaga test savollari teng berilmagani, onlayn test ishlash jarayonida “kutilmaganda” elektr tarmog‘ining uzilishi tufayli kompyuterlar o‘chib qolishi, savollarning murakkab va chalkash tuzilgani ayrim noroziliklarga sabab bo‘ldi. Shu bois ba’zi ishtirokchilar o‘z istagi bilan tanlovni tark etishga ham rozi bo‘lgan.
Muhayyo Shomurodova, Toshkent shahridagi 153-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
— Bu yil tanlovning birinchi va ikkinchi bosqichida ishtirok etdim. Testga kirayotib hayajonlandim, ochig‘i. Bir tarafdan o‘qituvchining kasb malakasini sinashda avval dars o‘tishi yoki dars ishlanmasidagi savodxonligi tekshirilmay birinchi turning o‘zidayoq test o‘tkazilgani, ikkinchi tarafdan kuzatuvchilarning qo‘pol muomalasi dilimni xira qildi. Nazoratchilardan birining yonimizdagi ishtirokchiga ko‘maklashayotganiga ko‘zim tushdi. U atrofdagilarning e’tirozli savoliga “Bu o‘qituvchi kompyuterni tushunmas ekan, shuning uchun qarashyapman”, deb javob bergani ajablanarli. Chunki tanlovda qatnashishning ikkinchi shartida pedagog axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi zarurligi ta’kidlangan. Buni tushunmagan ishtirokchi birinchi bosqichning uch turida qanday qilib g‘olib bo‘ldi, degan haqli savol tug‘iladi.
Test savollarining uzundan uzun jumlalardan tuzilgani, javoblar mantiqsizligi bois tahlil uchun oq qog‘oz va ruchka so‘radik, ammo berilmadi. Masalan, bir savolda to‘rt-besh gapdan iborat so‘zlarning ma’no ko‘chish, boshqasida sintaktik tahlil, tinish belgi yoki kelishik turlarini aniqlash topshirig‘i berilgan. Javoblar esa, bosh kelishik, uchta belgili qaratqich, ikkita belgisiz tushum, ikkita belgisiz qaratqich va hokazo. Adabiyot fanidan “1960—1965-yillarda “Sharq yulduzi” tahririyatida muharrirlik qilgan shoirning hayotida qanday voqea ro‘y bergan?” degan savol ham pedagog mahoratini belgilashda muhim emas, menimcha.
Saidaxon Eshmurodova, Termiz shahridagi 13-maktabning davlat va huquq asoslari fani o‘qituvchisi:
— Ko‘rik-tanlov adolatli o‘tkazildi. Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan viloyat bosqichida qatnashib, 1-o‘rinni egalladim. O‘zim yozgan metodik dars ishlanma asosida notanish sinf o‘quvchilariga dars o‘tdim va hakamlarning yuqori bahosiga sazovor bo‘ldim.
Lobar Yoqubova, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashga o‘rgatadi. Yillar davomida to‘plagan tajribasi orqali pedagog nimaga qodirligini shu tanlovda namoyon etishi mumkin. Ammo jarayon xususida ba’zi e’tirozlarim ham yo‘q emas. 1-shartda berilgan testlarning takroriyligi, to‘g‘ri javobning yo‘qligi va hatto aniq javob turib, xato javobning to‘g‘ri deb olingani hafsalamni pir qildi. Masalan, bir savolda “Kuntug‘mish” dostonidagi tog‘ nomi so‘ralgan. Tog‘ nomi — Mug‘ol, biroq to‘g‘ri javob sifatida Tajang (dostondagi daryo nomi) varianti olingan. Nahotki, testlar ekspert ko‘rigidan o‘tkazilmagan? Tanlovning 3-shartida ba’zi ishtirokchilar dars o‘tadigan sinfiga kirib, o‘quvchilarga o‘zi tayyorlagan savollar javobini, topshiriqlar yechimini berishdi.
Layk bosing yoxud “tanimaganni siylamas”
Nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar pedagoglar o‘rtasida muhokamaga sabab bo‘ldi. Masalan, ta’lim sifatini oshirishdagi mavjud muammolar va ularning yechimi to‘g‘risida loyiha taqdimotini tayyorlashi, respublika bosqichi ishtirokchilarining loyiha taqdimotlarini ijtimoiy tarmoq — “Facebook” orqali e’lon qilib jamoatchilik bahosini to‘plashi qay darajada to‘g‘ri?
Dilnoza Boqiyeva, Yakkabog‘ tuma-nidagi 34-umumta’lim maktabining boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi:
— Men ham bu yil “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida 1-o‘rinni egalladim. Viloyat bosqichida testdan 26 dan yuqori ball olganlarga 2-turda qatnashishga ruxsat berildi. Biroq testda biroz chalkash savollar berilgani bois javobni tavakkal belgilashga majbur bo‘ldim. Dars ishlanma bilan testdan 40 dan yuqori ball olganlar 3-turga tayyorlanishdi. Bu turda 6 ta tumanning boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ishtirok etdi. Har ikki bosqichda jarayon adolatli o‘tdi.
Aytish mumkinki, tanlovning o‘tkazilish tartibida avvalgi yillarga nisbatan ijobiy o‘zgarish ko‘p. Ammo o‘qituvchi uchinchi bosqichga o‘tishda ijtimoiy tarmoq orqali ovoz berish yo‘li bilan 20 ball to‘plashi zarurligiga qo‘shilmadim. Chunki chekka hududlardagi pedagoglar, o‘z sohasining bilimdoni bo‘lgan o‘qituvchilar bu balni yig‘olmasligi mumkin. Qishloq joylarda internet yaxshi ishlamasligi sabab ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqqa material joylash imkonidan mahrum. Ayrim o‘qituvchilar internetdan foydalanishni umuman bilmaydi. Buning o‘rniga o‘qituvchining yillar davomida bajargan ishi, ilg‘or tajribasi baholansa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Gulchehra Ashurova (Surxondaryo viloyati):
— Ko‘rik-tanlov shartlariga ko‘ra, ishtirokchilarning ijtimoiy tarmoqqa joylangan loyiha taqdimotiga “layk” bosish orqali ball to‘plashar ekan. Bunday baholashni nisbiy deb bilaman. Bu shartda kam ball olgan o‘qituvchilar “aybsiz aybdor” bo‘lib qoladi. Sababi, layk to‘plash imkoni hammada har xil. Bu shartda ko‘proq ball yig‘ish uchun turli yo‘llardan foydalanilyapti. Masalan, o‘qituvchilar ijtimoiy tarmoqlarda ovoz yig‘ish bilan ovora bo‘lyapti. Bu jarayonni halol deb bo‘lmaydi. Aksincha, ishtirokchi o‘zi tayyorlagan loyihani sharhlasa,
shunga qarab baholansa, mantiqqa to‘g‘ri keladi.
O‘qituvchi taklifi
Mirzohid Musoqulov, Qo‘shrabot tumanidagi 42-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
— Chekka hududlarda kuchli pedagoglar ko‘p, biroq ular yashaydigan joyda ijtimoiy tarmoq va internetdan foydalanish imkoni kam. Tanlov bosqichlarida onlayn shartlar o‘rniga teletanlov shaklini qo‘llashni taklif etardim. Bunda “Yosh kitobxon” tanlovini tashkil etish tajribasidan foydalanish mumkin. Faqat bosqichli shartlar televideniye talablariga mos tarzda ta’limiy va tarbiyaviy maqsaddan chetga chiqmagan holda ishlab chiqilsin. Fanlar soni ko‘pligi hisobga olingan holda bir yildagi tanlov bir kun yoki bir oyda o‘tkazilishi, namoyish etilishi qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun yil davomida fan oyliklari kesimida har oyda “TV-tanlov” o‘tkazilib, mutaxassislik bo‘yicha professorlar, darslik mualliflari, tajribali o‘qituvchilar hakamligida o‘qituvchining faoliyati baholansa, adolatli bo‘ladi. Shunda o‘z nomi bilan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” faoliyatidagi lavhalarni yil davomida xalq ko‘radi, baholaydi, e’tirof etadi. Yosh mutaxassislar ham o‘qituvchilikning mas’uliyati va mashaqqatini anglaydi, ibrat oladi.
Dildor Nurmuhammedova (Termiz tumani):
— Bu yilgi tanlov shartlari qog‘ozbozlikka chek qo‘yilgani va qilingan ishlarning ommaga taqdim etilayotgani bilan ahamiyatli. Oxirgi bosqich shartlari, ya’ni yutuqlar, ta’lim tizimi uchun qilingan ishlarning “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida baholanish haqidagi shartlar tuman bosqichida ham o‘z aksini topsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki tuman, viloyat bosqichidan o‘tgan pedagoglarning aksariyati yosh, g‘olib bo‘lishi uchun
yutuq va amaliy ishlari yetarli emas. Tuman va viloyat bosqichida 1-shart test yechish bo‘lgani uchun ham, asosan, repetitor-o‘qituvchilarning omadi keldi. Ammo bu shart ularning mahoratli o‘qituvchi ekaniga qanchalik kafolat beradi? Respublika bosqichi shartlari orqali esa ham bilimli, ham mahoratli o‘qituvchini tanlash mumkin. Tanlov bo‘yicha taklifim — viloyat bosqichidagi dars ishlanmani yozish va uni taqdim etish jarayonini baholash onlayn bo‘lsin. Istaymizmi, yo‘qmi, o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida hamma darsliklar asosida dars o‘tib yurmagan bo‘lsa, takrorlanmagan bilim yoddan chiqadi. Bu esa o‘qituvchi bilimsiz, degani emas. Faqat test, bir soatlik ishlanma va dars o‘tish aynan shu tanlov g‘olibi bo‘lish uchun kamlik qiladi, deb o‘ylayman. Fikrimcha, dastlabki bosqichlardanoq o‘qituvchining ta’lim tizimi uchun qilgan mehnatlarining amaldagi natijasi o‘rganilsa, shundan so‘ng uning bilimi, mahorati namoyish etilsa, to‘g‘ri bo‘ladi.
Shoira BOYMURODOVA