Davlat mafkurasi zarur
Mustaqil O‘zbekistonimiz Konstitutsiyasi haqida gap ketganda, uni “Baxtimiz qomusi” deyishadi. Bu haqli fikr. Zero, Asosiy qonunimiz milliy davlatchiligimiz ravnaqi va ijtimoiy hayotimizda alohida o‘rin tutadi.
Buyuk faylasuf G.Gegel o‘zining “Tarix falsafasi” asarida “Xalqning davlat tuzumi uning dini, san’at va falsafasi bilan birga yagona substansiya, yaxlit ruhni tashkil qiladi” (Gegel G.V.F. Soch., t. VIII. — M.-L., 1935. — S. 44.) deb yozadi. Davlat tuzumi esa o‘sha xalq mansub bo‘lgan mamlakat konstitutsiyasi, asosiy qonunida aks etadi va aniq qoidalar orqali mustahkamlab qo‘yiladi.
O‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi “o‘zining tuzilishi, yo‘nalishi, mazmun jihatidan O‘zbekiston hududida shu vaqtga qadar amal qilib kelgan konstitutsiyalardan tubdan farq qiladi. U boshdan oxirigacha mustaqillik g‘oyasi bilan sug‘orilgan” (O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi. — Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat nashriyoti, 2006. 12-jild. — 190-bet).
Milliy qomusimizda yozilgan bu fikr g‘oyat o‘rinli. Zero, Asosiy qonunimiz xalqimizning milliy huquqiy ongi shakllanishida yangi bosqich bo‘lgani shubhasiz.
Ma’lumki, hech bir konstitutsiya birdan mukammal holda shakllanmaydi. Buning isboti O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 2003-yildan boshlab qator o‘zgartish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilganidir. Ularni yaqqol ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2019-yildagi nashrining birinchi va so‘nggi sahifasiga boqish kifoya, bu yerda kiritilgan o‘zgartishlar aniq qayd etilgan. Lekin Konstitutsiyamizda bir modda borki, u ilk nashrdan beri o‘zgarishsiz qolmoqda. Bu Birinchi bo‘limdagi “Asosiy prinsiplar” qismiga kirgan 12-moddadir. Uni keltiramiz:
“O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas”.
Moddaning birinchi abzasi to‘g‘ri, unga e’tiroz yo‘q. Bu demokratik jamiyat talablaridan biri va muhimidir. Lekin keyingi gapni to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Birinchi abzasda siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi haqida gapirilar ekan, buning to‘g‘riligini aytdik. Lekin xalqimizda “Har joy, hech joy” degan maqol bor. Mafkuralar va fikrlar xilma-xilligidan o‘zimizga xos va mos bo‘lganini tanlashimiz hamda unga amal qilishimiz kerak bo‘ladi. Tanlangan hamda davlat va jamiyat hayotida qat’iy amal qilinishi zarur bo‘lgan yo‘l-yo‘riqlar, siyosiy, axloqiy, iqtisodiy, falsafiy va diniy qarashlarimiz yaxlit holda omuxta qilingan qoidalar majmuyi mafkura, uning ortida davlat hokimiyati tursa, davlat mafkurasi bo‘lar ekan, qanday qilib uni qat’iy ravishda “o‘rnatilishi mumkin emas” deb konstitutsiya kabi jiddiy hujjatda yozish mumkin.
Buning ustiga Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning (u kishi Asosiy qonunimizning yetakchi ijodkorlaridan biri ekanligi ko‘p bora qayd etilgan) shunday gapi bor:
“Mafkura har qanday jamiyat hayotida zarur. Mafkura bo‘lmasa, odam, jamiyat, davlat o‘z yo‘lini yo‘qotishi muqarrar. Ikkinchidan, qayerdaki mafkuraviy bo‘shliq vujudga kelsa, o‘sha yerda begona mafkura hukmronlik qilishi tayin” (Karimov I.A. Jamiyatning mafkurasi xalqni — xalq, millatni — millat qilishga xizmat etsin. Toshkent: O‘zbekiston, 1998. 4-bet).
Jiddiy va haqqoniy fikrlar. Ayniqsa, ushbu ko‘chirmadagi “mafkuraviy bo‘shliq” aynan davlat mafkurasi yo‘qligidan hosil bo‘lmaydimi? Aynan shunday bo‘shliqni o‘zimiz hosil qilmayapmizmi? Shunday ekan, Birinchi Prezident yozgan fikrlar 12-moddaning ikkinchi qismiga zid emasmi? Ularda aytib o‘tilgan xavflarga “o‘rnatilishi mumkin emas” degan taqiq keng yo‘l ochib bermaydimi?
Buning ustiga I.Karimovning yuqoridagi gapi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga sharh” (T.: O‘zbekiston, 2008. 56-bet) kitobidagi 12-moddaga berilgan sharhda keltiriladi-yu, lekin Birinchi Prezidentimiz gapi bilan 12-modda orasidagi nomuvofiqlik payqalmaydi. Shu sharhda yana shunday deyiladi: “Shuningdek, Konstitutsiyamizning ushbu moddasida ta’kidlanganidek, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas. Mazkur moddada o‘rnatilgan me’yor oldimizga milliy istiqlol mafkurasini yaratish vazifasini qo‘yadi” (Shu kitob, 56-bet).
Gapdagi mantiqqa e’tibor bering. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin bo‘lmasa, unda milliy istiqlol mafkurasining ahamiyati, kuchi, nufuzi qay ahvolda bo‘ladi? Bu savolga sharhda javob yo‘q.
Nazarimda, 12-modda, aniqrog‘i, uning ikkinchi qismi yaqin o‘tmishimiz bo‘lgan sovet totalitar tuzumidagi qattiq mafkuraviy bosimga javob tarzida vujudga kelgan, xalq maqoli bilan aytganda, “burgaga achchiq qilib, ko‘rpa kuydirilgan, shekilli. Mafkuraviy davlat boshqa, davlat mafkurasi boshqa. Sobiq SSSR markscha-lenincha g‘oya asosidagi mafkuraviy davlat edi va u yemirildi. Bu narsa davlat mafkurasi zarurligini yo‘qqa chiqara olmaydi.
Men huquqshunos emasman, adabiyotshunosman. Shu ma’noda meni o‘zbek adabiyoti va tanqidchiligining hozirgi ahvoli qiziqtiradi. Joriy adabiyotimiz, ayniqsa, adabiy tanqidning sustligi sabablaridan biri, ushbu moddada qayd etilganidek, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas degan qoida deb o‘ylayman.
Bu mamlakatimizda davlat mafkurasi yo‘q, degani emas. Davlat mafkurasi bor. Prezidenimiz Sh.Mirziyoyevning har bir chiqishida milliy istiqlol mafkurasining muayyan qirrasi o‘z aksini topadi. Zero, mafkurasiz yashash ham, samarali faoliyat yuritish ham mumkin emas. Faqat, yuqorida aytilganidek, milliy istiqlol mafkurasining asosiy mag‘zi qisqa va lo‘nda tarzda davlat mafkurasi sifatida Asosiy qonunda mustahkamlab qo‘yilishi kerak, xolos.
Davlat mafkurasi sifatida O‘zbekiston Konstitutsiyasi moddasiga aylangan milliy istiqlol mafkurasi hayotimizning barcha jabhalari, jumladan, badiiy adabiyot va san’atimizning g‘oyaviy aniqligi, mafkuraviy sofligi va badiiy teranligiga barakali ta’sir o‘tkazib, mafkuraviy mayoq vazifasini o‘tagan bo‘lur edi. Aks holda akademik shoirimiz G‘afur G‘ulomning mashhur “Shum bola” asari oxirida aytilganidek, “To‘rt tomonim qibla. Lekin qayoqqa qarab yo‘l olsam ekan?..”ga o‘xshash holat ro‘y berayotganday. Umid qilamizki, bunday bo‘lmaydi.
Xullas, Asosiy qonunimizdagi 12-modda tuzatilishi zarur. Uning ikkinchi qismi o‘rniga O‘zbekiston Respublikasining davlat mafkurasi qisqa va lo‘nda tarzda qayd etilishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
Suvon MELI