“Beruniydan kam ish qilmabsiz!..”
Otam, Ubaydulla Isroilovich Karimov (1920—1997) men uchun faqat ota emas, balki birinchi ustoz hamdir. 5-6 yoshlik vaqtlarimda “Ming bir kecha” ertaklari tarjima qilinib, 8 jildlik to‘plam bo‘lib nashr etilgandi. Shuning 4-jildini otam to‘liq tarjima qilgan. Har kuni tunda uyquga yotishimdan oldin, dadam shu kitobdan yoshimga mos bo‘lgan ertaklarni aytib berardi. Tong otdi, Shahrizod hikoya aytishni to‘xtatdi, deb yakunlardi va men ertasi kuni yana oqshom cho‘kishini, otam ertakning davomini aytib berishini intizorlik bilan kutardim.
Maktabga borib, savodim chiqqan vaqtda ota-onam menga juda ko‘p ertak kitoblar olib kelib bergan. Ularning ba’zilari rus tilida edi. G‘arb yozuvchilarining rus tiliga tarjima qilingan asarlarini ham o‘qib chiqqanman. Bu mening til o‘rganishimda asqotgan. Bunda dadamning xizmati nihoyatda katta edi. Maktabda ingliz tilini o‘qiganmiz. Institutda ham ingliz tilidan katta-katta matnlarni tarjima qilishga to‘g‘ri kelardi. Ba’zi so‘zlarning tarjimasiga qiynalsam, dadamdan so‘rardim, lug‘atdan ko‘rdingmi, derdilar. Yo‘q desam, avval lug‘atdan qara, shunda ham chiqmasa, keyin mening yonimga kelasan, der edi. Shunday qilib, dadam menga lug‘at bilan ishlashni o‘rgatgan. Endi bilsam, otam menga manba bilan ishlashni sekin-asta singdirgan ekan.
Dadam ikki narsani juda yomon ko‘rardi: birinchisi — yolg‘on gapirish, ikkinchisi — qarzdorlik. Menga ham, ukamga ham shuni yoshligimizdan o‘rgatganlar. “Hech qachon birovdan qarzdor bo‘lma va yolg‘on gapirma. Qarzdorlik faqat mablag‘ jihatidan emas, balki hamma tomonlama birovning oldida tiling qisiq bo‘lmasin”, derdilar.
“Sirlar siri”ning
ochilishi
Sharqshunoslik institutida ishlab yurgan chog‘lari Abu Bakr ar-Roziy(865—925)ning kimyoga oid “Sirr ul-asror” nomli asari qo‘lyozmasini topib, ilmiy izohli tarjima qilib, nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Bu asarning topilishini akademik Aziz Qayumov shunday tasvirlaydi: “1950-yil. Yozning issiq kunlaridan biri. Institut xodimlari hammalari bir katta zalda ishlaydilar. Zalda tinchlik hukmron. Men deraza yonidagi stolda o‘tirib “Chihl hadis”ni ilmiy ta’riflamoqdaman. Misralarning puxtaligiga hayron qolaman. Bir mahal Ubaydulla aka, zalning o‘rtasidagi stol ortida ishlayotgan kishi, to‘satdan mening
yonimda paydo bo‘ldilar. Qo‘llarida bir qo‘lyozma kitob. U kishi qattiq hayajonda edilar. Ammo bosiqlik bilan bu hayajonni berkitishga harakat qilar edilar. Ubaydulla aka kitobni menga ko‘rsata turib so‘z boshladilar:
— Mana buni qarang. Bu Abu Bakr ar-Roziyning kitobi. Ammo bu kitob hech kimga ma’lum emas edi. Hatto ilm ahli Roziy, umuman, bunday kitobni yozgan emas, deb hisoblagan. Vaholanki, bizning institutimizda ana shu asarning qo‘lyozmasi bor ekan. Mana o‘sha qo‘lyozma. Men fikrimni ar-Roziyning ushbu kitobiga qaratgan bo‘ldim. Ammo masalaning mohiyatiga tushunib yetganimcha yo‘q. Ubaydulla aka buni fahmladilar, shekilli, menga astoydil tushuntira boshladilar.
Nemis olimi Yulius Rushka mashhur Sharq tabibi va olimi ar-Roziyning asarlarini chuqur o‘rgangan. Uning “Kitob ul-asror” (“Sirlar kitobi”) asarini yaxshi tahlil etgan. Ammo ar-Roziy asarlari orasida “Sirr ul-asror” (“Sirlar siri”) kitobining sarlavhasini ko‘rib, uni xato bo‘lsa kerak, ya’ni “Kitob ul-asror”dan boshqa “Sirr ul-asror” kitobini Roziy yozmagan, deb hisoblagan asarining qo‘lyozmasi chiqib turibdi.
Men katta bir ilmiy kashfiyot yuz berganini angladim...”
Har safar bu haqda o‘ylasam, shunday insonning qizi ekanligimdan faxrlanib
ketaman. U kishining bu topilmasi faqat jamoani emas, balki barcha ilm ahlini quvontirgan. Qur’on ma’nolarini rus tiliga tarjima qilgan mashhur sharqshunos olim I.Y.Krachkovskiy “Men sizni sharqshunoslikdagi kashfiyot bilan tabriklayman”, deb telegramma jo‘natgan.
Otam nima uchun aynan kimyoviy asarni tanlagan? Chunki mutaxassisligi bo‘yicha ikkita oliy ma’lumotga ega edi. O‘rta Osiyo davlat universitetining kimyo-texnologiya fakultetini tamomlab, aspiranturaga kirganida Ikkinchi jahon urushi boshlangan va urushga ketgan. 1943-yili frontdan yaralanib qaytgan. Shu yili O‘rta Osiyo davlat universitetida Sharq fakulteti ochilgan. Otam Sharq allomalari asarlariga, madaniyatiga qiziqishi katta bo‘lgani uchun shu fakultetga o‘qishga kirgan. 3-kursda o‘qiyotganida Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti aspiranturasiga qabul qilingan. Shu vaqtdan institutning Qo‘lyozmalar fondida manbalar bilan ishlay boshladi. Sharq fakultetini bitirgach, ilmiy ish bilan bir qatorda, fors klassik she’riyati nazariyasi bo‘yicha talabalarga dars ham bergan.
Umri davomida 40 yildan oshiq faoliyati Sharqshunoslik institutida o‘tdi. Bu yerda fan tarixi bo‘yicha allomalarning asarlarini ilmiy istifodaga kiritish bo‘yicha ish olib bordi. Abu Bakr ar-Roziydan keyin Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarini o‘zbek va rus tiliga tarjima qilishda qatnashdi. Bu asar tarjimasi ustida to‘rt guruh ish olib bordi. Har bir guruhda tajribali olim bilan birgalikda yosh olim ishlaydi. Uchta guruh shu tartibda tuzildi. To‘rtinchi guruhda esa otamning o‘zi ishlaydigan bo‘ldi. Otam “Qonun”ning bir qismini tarjima qilish bilan birga qolgan guruhlar o‘girgan tarjimaning ham filologik tahriri bilan shug‘ullanadi. “Tib qonunlari”ning 5-kitobini o‘zbek tiliga o‘girish bilan birga rus tiliga ham tarjima qildi. Otam bu kitobdagi barcha zarur o‘ringa kerakli izohlar tuzib chiqqan. Izohlarni tuzishda arab, fors, turk, ingliz, nemis tillaridagi eng muhim manbalardan foydalangan. Albatta, bu ishlar kishidan qanchalik bilim, mahorat va qunt talab qilishini tasavvur etish qiyin emas.
Ibn Sino tavalludiga 1000 yil to‘lgani 1952-yili qamariy hisobda nishonlangan bo‘lsa, ikkinchisi 1980-yili milodiy hisobda UNESCO ishtirokida juda katta xalqaro tantana bo‘lgan edi. Besh kitobdan iborat ushbu asar olti jildda nashr etilgan. Bu ishga otam bosh-qosh bo‘lgan. O‘sha vaqtgacha “Tib qonunlari” biror marta zamonaviy tilda to‘liq chop qilinmagan. Birinchi nashrdan so‘ng yana yangi qo‘lyozmalar, ilmiy adabiyotlar qo‘lga kiritilgan edi. Ikkinchi nashrda shulardan foydalanib, avval tarjimasi chiqmagan ibora va istilohlar aniqlashtirilib, ancha tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan. Bu juda katta mehnat talab qiladi. Ibn Sinoning fondimizda saqlanadigan tibbiy risolalari bor. Ulardan 11 tasini otam shogirdlari Hamidulla Hikmatullayev, Eminjon Talabov bilan birga jamlab, o‘zbek tiliga izohli tarjima shaklida nashr etganlar. Tibga oid manbalardan yana Roziyning mashhur asari “Chechak va qizamiq haqida”ni o‘zbek tiliga o‘girgan. Unda birinchi marta Roziy tabobatda emlash amalini qo‘llagani to‘g‘risida ma’lumotlar keltiriladi.
Otam fan tarixi bo‘yicha izlanishlarini davom ettirib, doktorlik dissertatsiyasi sifatida Abu Rayhon Beruniyning “Kitob as-saydana fit tib” asarini rus tiliga ilmiy izohli tarjima qilgan. Bu tarjima Beruniyning rus tilidagi “Tanlangan asarlar” silsilasining IV jildi shaklida nashr bo‘lgan. Leningradlik mashhur arabshunos olim Abbos Boqiyevich Xolidov otamning ishlariga baho berib: “Siz Beruniydan kam ish qilmabsiz!”, deb yozgandi. Shu o‘rinda aytish joizki, FA Sharqshunoslik institutida Beruniyning yirik, fundamental asarlari ham o‘zbek, ham rus tiliga tarjima qilinib, ikki tildagi silsila yaratilgan. “Saydana” rus tilidagi seriyadan joy oldi, endi uni o‘zbek tiliga tarjima qilish kerak edi. Bu asar arab tilida yozilgan. Unda Beruniy mingdan ortiq dorilarning turli tillardagi nomi, tavsifi va manbasi haqida ma’lumot beradi, lekin o‘zi tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanmagani bois ularning tibbiy ta’siri haqida gapirmaydi. Shunday bo‘lsa-da, “Saydana” dorishunoslik bo‘yicha ko‘ptilli lug‘at sifatida tabiblar uchun juda foydali asar bo‘lgan. Masalan, XIII asrda Abu Bakr Kosoniy ismli olim uni fors tiliga tarjima qilgan. Kosoniy o‘zi tabib bo‘lgani uchun tarjimaga “Saydana”da keltirilgan dorilarning tibbiy ta’sirini ham qo‘shgan. Otam “Saydana”ning o‘zbek tiliga tarjimasini boyitish maqsadida Kosoniy keltirgan ma’lumotlarni ham qo‘shimcha qilib kiritdi. Afsuski, bu ishni bitirishga umri yetmadi. Lekin men bu ishning otam uchun qanchalik muhim ekanligi va Beruniy asarining ahamiyatidan kelib chiqib, uni oxiriga yetkazishga qaror qildim. O‘ylaymanki, u ham nashrdan chiqsa, otamning ruhi shod bo‘ladi.
Birinchi ustozim — otam!
Kimyo sohasiga kirib kelishimga otam sababchi bo‘lgan. Chunki birinchi ma’lumoti bo‘yicha kimyogar edi. Shu fakt keyinchalik mening ham fan tarixi bilan shug‘ullanishimda muhim omil bo‘ldi. Uyimizda sharqshunoslik bo‘yicha katta kutubxona yig‘ilgan. Menda ham fan tarixiga qiziqish paydo bo‘ldi. Toshkent davlat universitetining Sharq fakulteti qoshida kechki til kurslari bo‘lardi. Shu yerda arab tili ikki yillik kursini bitirib, 1985-yil oxirida FA Sharqshunoslik institutiga ishga keldim. Otam bu yerda ishni qo‘lyozmalarni ilmiy tavsiflashdan boshlash zarurligi uchun kataloglashtirish bo‘limida ishlashni tavsiya qildi. Vaholanki, o‘sha vaqtda yozma yodgorliklarni nashr etish bo‘limida rahbar edi. Lekin haqiqiy sharqshunos-manbashunos bo‘lish uchun qo‘lyozmalarning tavsifidan ish boshlash kerak, deb shu bo‘limda ishlashimni tavsiya qilgan. Shu tarzda qo‘lyozmalarni ilmiy tavsiflash va kataloglashtirish bo‘limida ish boshlaganman. Hamidulla Hikmatullayev bilan birga tibga oid qo‘lyozmalarni alohida katalog qilib nashr etganmiz. Kimyoga oid qo‘lyozmalarni ham tavsiflab chiqqanman. Qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmasini shu bo‘limda o‘rganganman. Ana shundan keyin mustaqil ravishda dorishunoslikka, kimyoga oid qo‘lyozmalar ustida ish boshlaganman. Otamning ilmiy rahbarligida doktorlik dissertatsiyamni yozdim. Afsuski, dissertatsiyamni yoqlayotganimda yonimda yo‘q edi. 2001-yili yoqladim. Shu sohaga meni otam olib kirdi. Hozir Sharqdagi kimyo, tabobat va dorishunoslik tarixi yo‘nalishida ishlayapman.
Sharqshunoslik institutga yangi ishga kirgan vaqtimda yelkamda katta mas’uliyat borligini his etganman. Chunki otam butun respublikada, sobiq ittifoq miqyosida sharqshunos, manbashunos olim sifatida tanilgan edi. Shunday insonning farzandi sifatida ishlarini davom ettirish da’vosi bilan kelganman. U kishiga yetolmayman, bu aniq, ammo qo‘limdan kelguncha otamga munosib bo‘lishga harakat qildim. O‘ylaymanki, “Saydana”ning o‘zbek tilidagi tarjimasini yakunlasam, boshlagan ishlarini tamomlasam, farzand-shogird sifatidagi bir burchimni bajarsam, shoyad ruhi shod bo‘lsa...
Yerda ishlash —
hordiq
Onam — tarix fanlari doktori Nafisa Sodiqova (1930—2015) O‘zbekiston davlat tarix muzeyida ko‘p yil direktor bo‘lib ishlagan. Mehnat faoliyatini 80 yoshigacha davom ettirdi. O‘z sohasida yetuk mutaxassis edi. Tashkilotchilik qobiliyati kuchli edi. Otamga ilmiy ish bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratib bergandi. Ro‘zg‘orning hamma masalasini onam o‘zi hal qilardi. Otam doktorlik dissertatsiyasini yozayotganida bir kunda 12 soat ishlardi. Xonasiga ertalab kirib ketar, soat birda ovqatlangani chaqirganimizda chiqardi. Yana kechki ovqatga chiqardi-da, ishlash uchun kirib ketardi. Onam ro‘zg‘or tashvishlari bilan otamning vaqtini olmasdi. Uning ilm uchun yaratilganini anglab, qo‘lidan kelgunicha qo‘llab-quvvatlardi. Otamning ilmda shu darajaga yetishida onamning hissasi katta, deb o‘ylayman. Otamning institutda ham obro‘si baland edi. Hamma hurmat bilan qarardi. Otam mehnat ta’tili vaqtida faqat dam olardi, ishlamasdi. Tabiat qo‘yniga chiqardi, dam olishga ketardi. Xumsonga chiqib dam olardi. Qibrayda dala hovlimiz bor edi. Ekinlarga qarab, yerda ishlab, daraxtlarni parvarish qilib dam olardi. Kuzda meva pishganida hosilni terish uchun dala hovliga ketardik. O‘ylaymanki, ota-onamda nuqsonlardan ko‘ra insoniy fazilatlar ko‘proq bo‘lgan. Men shunday insonlarning farzandi bo‘lganimdan faxrlanaman.
Surayyo KARIMOVA — Ubaydulla Karimovning qizi, kimyo fanlari nomzodi, tarix fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.
Charos YOQUBOVA tayyorladi