Mutolaa to‘g‘ri munosabatni o‘rgatadi
Ko‘p yillar davomida ijod qilishga va shu asnoda o‘quvchilarimni ham adabiyotga, kitobga qiziqtirishga harakat qildim. Badiiy kitob o‘qib bormasam, matbuotda ijodiy ishlarim bilan qatnashib turmasam, o‘quvchilarim fanga ham, kitobga ham qiziqmaydigandek tuyuladi. Bir paytlari ijodga ishtiyoqmand o‘g‘il-qizlar uchun “Yosh qalamkashlar” to‘garagini tashkil etgandim. Ularning ijod namunalarini devoriy gazetada, tuman va respublika nashrlarida chop ettirishga harakat qilardim. Hatto Qoraqalpog‘iston Respublikasi televideniyesi va radiosida ham o‘quvchilarim bilan chiqish qilganman. Hozir ko‘p yillar avval o‘qitgan o‘quvchilarimning farzandlarini o‘qita boshladim. Sobiq o‘quvchilarga berilgan ta’lim-tarbiya beiz ketmaganidan quvonaman. Hanuz izlanishdamiz. O‘quvchilarni kitobga oshno etish borasidagi ayrim tajribalarim va takliflarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Adabiyot darslaridagi sinfdan tashqari o‘qishlarda qiziqarli biror hikoyani gapirib berish yoki biror she’rni ifodali yod aytish ham o‘quvchilarga tez ta’sir qiladi. “Yozib olaylik” deb darrov qiziqishganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Ularning oz bo‘lsa ham kitob o‘qishiga umid qilganman.
Hozir maktab kutubxonasi kitoblar bilan boyimoqda. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham, yuqori sinf o‘quvchilari ham yoshiga mos asarlarni topib o‘qishi mumkin. Xo‘sh, endi bolalarni badiiy adabiyotga, kitobxonlikka qiziqtirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak? Bu masalada ota-onalar o‘qituvchilarga ko‘mak berishi lozim. Ota-onalarning uyda bolalarni televizordan, telefondan, kompyuterdan biroz cheklashiga to‘g‘ri keladi. Mutolaa — o‘zini o‘zi tarbiyalash demakdir. Kitob bolaning qalb ko‘zini ochadi. Bu farzand tarbiyasida ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, boshqa fan o‘qituvchisi ham dars payti to‘rt qator she’r yoki biror hikoyadan misol keltirsa, bu ham o‘quvchilarga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, muassasalarda ma’naviyat soati o‘tiladi. Shu soatlarda juda bo‘lmaganda oyda bir marotaba she’r yoki hikoya haqida suhbat uyushtirilsa, yaxshi bo‘lar edi.
Tanlanadigan hikoya kichik hajmli va qiziqarli bo‘lmog‘i lozim. Odatda o‘quvchilar bir o‘tirishda o‘qiladigan asarlarni yaxshi qabul qiladi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanishimiz kerak. Badiiy adabiyotga qiziqqan o‘quvchining ma’naviy xazinasi kundan kunga boyib boradi. Endi u o‘z uyida kitob javoni tashkil etishga kirishadi. Dunyoga mashhur insonlarning hayoti, taqdiri ularni qiziqtiradi. Maksim Gorkiyning qanday qiyinchiliklar bilan kitob o‘qiganini o‘quvchilar bilishmas balki. Abdulla Qodiriy ham qanday qiyinchiliklar bilan ilm olganini hamma bilmaydi. Kitob olamiga qiziqish balki jamiyatimizga qancha tadbirkorlarni yetkazib berar, balki buyuk insonlarning nomini kashf etar. Badiiy kitoblar hayotga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni, to‘gri fikrlashni o‘rgatadi. Albatta, ongli odam Vatan taqdiriga hech qachon befarq bo‘lmaydi.
Toir RO‘ZIBOYEV