“Devorlari ko‘hnagina, oyvonchasi juda tor” bog‘cha haqida Yoxud bir she’r bilan mashhur bo‘lgan Nishon tumanidagi 18-maktabgacha ta’lim muassasasiga “sayohat”
O‘tgan oyda ijtimoiy tarmoqlarda Nishon tumani Nuriston shaharchasidagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar ifodalangan she’r katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. She’rda “Nuriston” mahallasida joylashgan 18-maktabgacha ta’lim muassasasining devorlari ta’mirtalabligi, bog‘chaga bolalarni joylashtirish uchun navbat ko‘pligi, ko‘p qavatli uylarda bog‘cha ochib bo‘lmasligi, shuningdek, hududdagi bittagina MTM bog‘cha yoshidagi barcha bolalarni qamrab ololmayotgani tanqid ostiga olingan. Muxbirimiz mazkur maktabgacha ta’lim muassasasiga borib, vaziyat bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi taqdim etgan ma’lumotlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. “Nuriston” mahallasida joylashgan 18-maktabgacha ta’lim muassasasi 1980-yili qurilgan bo‘lib, 240 o‘ringa mo‘ljallangan. Bugungi kunda mazkur muassasada 375 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ularning 100 nafari qisqa muddatli guruhlarga qamrab olingan. Shu bilan birga 357 nafar bola navbatda turibdi. Ushbu ko‘rsatkich yil boshida 731 nafarni tashkil etgan. Maskanning kanalizatsiya tarmog‘i 2019-yili qisman ta’mirlangan. Bino ichki xonalarining pol qismi, elektr tizimi, fasad, tom qismi, eshik va romlari, isitish tizimi, oshxona, tashqi bolalar o‘yingohlari to‘liq ta’mirga muhtoj.
Nuriston shaharchasida “Nuriston”, “Kimyogar”, “Nurchi” mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, 3—7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 1512 nafar. Ularning 810 nafar. Bu ko‘rsatkich 53,5 foizni tashkil etadi.
“Nuriston” mahallasida yashovchilarning 280 nafar farzandi “Sho‘rtangazkimyo” majmuasiga qarashli “Erkatoy-1”, “Erkatoy-2” maktabgacha ta’lim muassasasida, 50 nafari 2 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida, 30 nafari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan bog‘chada, 75 nafari 3 ta oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanmoqda.
Yaqin yillarda mahalla hududida tadbirkor M.Samadova tomonidan 150 o‘rinli davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘cha qurilishi rejalashtirilgan. Tadbirkor I.Aliyev tomonidan 75 o‘rinli MTM tashkil etish bo‘yicha hujjatlar Maktabgacha ta’lim vazirligiga taqdim etilgan. Tadbirkor J.Xolmurodovga 100 o‘rinli davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat MTM qurish uchun yer maydoni ajratilgan. Shuningdek, R.Mirzayeva, Ch.Norqulova, R.Pakirovalarga oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish uchun amaliy yordam berilmoqda.
Bog‘cha hovlisiga qadam qo‘yar ekanmiz, kiraverishdagi bolalar o‘yingohida birorta ham zamonaviy arg‘imchoqqa ko‘zimiz tushmadi. Bizni muassasa metodisti Gulzor Safarova qarshi oldi. U bog‘cha mudirasi Dilorom Pakirova farzandi betobligi bois ishga kelolmaganini ma’lum qildi.
Bog‘chada ayni damda 35 nafar tarbiyachi, 24 nafar yordamchi tarbiyachi, 2 nafar hamshira, 2 nafar musiqa rahbari, 4 nafar oshpaz, 1 nafardan xo‘jalik va ombor mudiri, 3 nafar qorovul hamda 2 nafar kiryuvuvchi faoliyat olib bormoqda.
Dastlab bog‘cha tarbiyalanuvchilarining ovqatlanishi bilan qiziqdik.
— Taomlarni tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan taqdim etilgan bir oylik me’yoriy taomnomaga asosan tayyorlaymiz, — deydi bog‘cha hamshirasi Nasiba Kenjayeva. — Hozircha tabiiy gaz, gaz balloni yo‘qligi bois dala oshxonasidagi qo‘lbola o‘choqda tayyorlashga majburmiz.
Hamshira hamrohligida oshxona deb atalgan imoratga kiramiz. Holat sanitariya-gigiyena talablariga shu qadar zidki, bu yerda tayyorlangan taomni tanovul qilishga kishi cho‘chiydi. O‘choq atrofi tutundan qorayib ketgan, chiqindi uyumi shiftga yetay deb qolgan.
Ushbu holat yuzasidan na hamshira Nasiba Kenjayeva, na bosh oshpaz Nilufar Xoliqulova biror so‘z deya oldi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: shov-shuvlarga sabab bo‘lgan birgina she’r ta’sirida butun xalqning nigohi Nuristonga — ushbu bog‘chaga qaratilgan bir paytda tarbiya maskanida mehnat qilayotganlarning nega parvoyi falak? Ular nega bog‘chadagi ko‘ngilsiz holatlarning qisman bo‘lsa-da, oldini olishga e’tibor qaratishmayapti? Balki ta’mirlash ishlariga katta mablag‘ kerakdir, balki u hukumat darajasidagi ishdir, lekin bog‘chadagi tozalik ishlarini ham kimdir kelib qilib berishi kerakmi?! Maqolamiz avvalida muassasada faoliyat yuritayotgan xodimlar soniga bejiz to‘xtalmadik. O‘zingiz xulosa qiling, shuncha xodim bilan bog‘chadagi tozalik va obodonlashtirish ishlarini atigi bir yoki ikki soatda o‘z intihosiga yetkazish mumkin emasmi?!
Ko‘p yillik tajribaga ega tarbiyachi Gulchehra Bo‘ronova mashg‘ulot olib borayotgan “Lastochka” deb nomlangan o‘rta guruh xonasidamiz. Guruh mashg‘ulotida 25 nafar tarbiyalanuvchidan 15 nafari ishtirok etmoqda, xolos.
— Mashg‘ulot xonamizda shamollatish tizimi yo‘q, — deydi guruh rahbari G.Bo‘ronova. — Shuning uchun bolalarimiz yozning jazirama kunlari kelishmaydi. Bundan tashqari, idish-tovoq ham yetishmaydi. Bu kabi kamchiliklarni sanayversak, barmog‘imiz kamlik qiladi.
“Kamalak” nomli kichik guruh xonasida ham bir qator yetishmovchiliklar ko‘zga tashlanadi.
— Xonamizning ichki fasadi, eshikromlari, poli allaqachon yaroqsiz holga kelib qolgan. Buni tarbiyachilar yoki ota-onalar tashabbusi bilan bartaraf etib bo‘lmaydi, — deydi tarbiyachi.
O‘z navbatida, farzandi bu yerda tarbiyalanayotgan bolalarning ota-onasini suhbatga tortdik.
— Biz bog‘cha jamoasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelamiz, — deydi tarbiyalanuvchi Og‘abek Hotamovning onasi Chamanoy Aralova. — Bog‘cha imorati haqiqatan ham juda eski, ta’mirtalab. Shunga qaramasdan qo‘limizdan kelgancha muassasaga ko‘maklashyapmiz. Yaqinda men ham barcha ota-onalar qatori 10 dona bolalar adabiyoti sovg‘a qildim. Bog‘chada rus tili, ingliz tili to‘garaklari tashkil etilishini xohlaymiz.
Bog‘cha hayoti bilan siz ham tanisha turib beixtiyor shunday xayollar ko‘nglingizdan o‘tsa ajabmas: yaqin kelajakda bu ta’lim maskani ko‘zmunchoqdek qilib ta’mirdan chiqarilar ham. Lekin o‘shanda ham jamoa bugungidek boqibeg‘am va loqayd bo‘lsa, hech narsa o‘zgarmaydi. Aksincha, bog‘chada yaratilgan qulayliklar ham birin-ketin yo‘qqa chiqaveradi. Shunday bo‘lmasligi uchun, avvalo, jamoa intiluvchan va tashabbuskor bo‘lmog‘i darkor.
O‘ktam MEYLIYEV