Bolalar futboli shunday bo‘lsa...
“Nasaf” professional futbol klubiga qarashli Nishon tumanidagi bolalar va o‘smirlar futbol maktabi faoliyatiga bir nazar
Futbol — millionlar o‘yini. Eng ommaviy sport turlaridan biri. Biror kishi yo‘qki bolaligida ko‘cha changitib koptok tepmagan bo‘lsa. Sezgan bo‘lsangiz, mavzumiz futbol, ya’ni bolalar futboli xususida.
Nishon tumanidagi bolalar va o‘smirlar futbol maktabi bir necha yildirki bolalar o‘rtasida futbolni ommalashtirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Bu maktabda futbol sirlaridan voqif bo‘lgan yoshlar orasida katta futbolga qadam qo‘yganlari ham ko‘p. Ammo, afsuski, futbol maktabining bugungi ahvoli qoniqarli darajada emas.
O‘rinbosar to‘yda ekan...
“Nasaf” PFKga qarashli Nishon tuman bolalar va o‘smirlar futbol maktabi” deya yozib qo‘yilgan bino tomon qadam tashlarkanmiz, soat 14 dan 47 daqiqa o‘tganiga qaramay biror kishini uchratmadik. Kirish eshigi oldidagi xonada kimdir dam olayotgan ekan. Uzr so‘rab uni uyg‘otib, biror mas’ul xodim bilan uchrashtirishini so‘radik.
U “Hozir direktor o‘rinbosarini uyidan chaqirib kelaman”, deya shoshilib chiqib ketdi. Chamasi yarim soatdan keyin o‘zini uslubchi deb tanishtirib Yuriy Tlyabov keldi. Bu kishi ham salom-alikdan so‘ng maktab rahbarini qidirishga tushdi. Telefon orqali ancha qidirishlardan so‘ng futbol maktabi direktori Zafar Yazdonov ham nihoyat yetib keldi.
“Keling, biroz tobim yo‘q edi. Tabibga boruvdim, ushlanib qoldim”, deya izoh berdi direktor. Futbol maktabining bugungi faoliyati, ayni paytda qilinayotgan ishlar, mashg‘ulotlar haqida so‘rarkanmiz, Zafar Yazdonov “Barcha hujjatlarimiz o‘rinbosarim O‘tkir Shoimqulovda. Hozir u kishini chaqiraman”, deya biroz vaqt o‘tib ajablanarli javob berdi. “O‘tkir Shoimqulov bugun Qamashi tumaniga to‘yga ketgan ekan”. Ana xolos, direktorning bundan xabari yo‘q...
Soat 16 dan o‘ta boshlagach, kimdir ogohlantirdimi yoki ish vaqti shu payt boshlanadimi, birin-ketin murabbiylar ko‘rinish berdi.
— Ayni paytda maktabimizda 8 nafar murabbiy faoliyat yuritadi, — dedi Zafar Yazdonov. — Futbol mashg‘ulotlariga 404 nafar bola jalb etilgan. Ular ertalab va kechki payt mashg‘ulotlar olib borishadi.Tumandagi yettita hududda to‘garak tashkil qilganmiz. Shular orasida maktabimizga qarashli uchta hududda — “Baynalmilal”, “Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘ini hamda maktabimizda futbol maydonlari mavjud.
Dorisi yo‘q doktor
Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun mamlakatimizda keng isloh qilinayotgan sohalardan biri bu — tibbiyot. Joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatishga, soha xodimlariga ham katta e’tibor qaratilayotgani hech kimga sir emas. Ammo, ming afsuski, ushbu futbol maktabi tibbiyot xodimi uchun yaratilgan sharoitlar faqatgina achinishga arziydi, xolos. Nega deysizmi? Tibbiyot xodimi Jasur Ibragimovning aytishicha, o‘z mablag‘i hisobidan sotib olgan dori-darmonlari “kattagina” sumkasida bor-yo‘g‘i uch dona dori va bitta bintdan iborat. Mana sizga 400 dan ortiq bolaga tibbiy yordam ko‘rsatadigan xodimning ish tartibi.
— Maktabda qancha o‘quvchi bor? — deya Jasur Ibragimovdan so‘raymiz.
— Taxminan 356 nafar bo‘lsa kerak...
— Aniq bilmaysizmi?
— Yo‘q.
— Nega?
— ...
— Bolalarga zarur payti birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda bu uch dona doringiz yetarlimi?
— Albatta yetmaydi.
— Dori-darmonga pul ajratilmaydimi?
— Bilmadim, direktor biladi. Shuni ham o‘z hisobimdan sotib olganman.
Direktor dori-darmonga ajratilgan pullarni tuman moliya bo‘limi o‘z vaqtida futbol maktabi hisobraqamiga o‘tkazib bermayotganini vaj qilib ko‘rsatishdan nariga o‘tmadi.
Tibbiyot xonasida dori-darmonlar uchun muzlatkich, shkaf yoki maxsus yashiklar, patronaj sumkasi ham yo‘q. Sportchilarga kerakli payti qay yo‘sinda tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda? Bu savolimiz ochiq qoldi.
Yantoqzormi, futbol maydoni?
Futbol maktabiga qarashli “Baynalmilal” mahallasida joylashgan stadion tomon yo‘l oldik. U yerga borib rosti maydonning xarob ahvoldaligi-yu qarovsizligidan yoqa ushladik. Bu o‘yingohga yaqin orada bolalar qadami tegmaganiga qovjiragan o‘t-o‘lanlar, bo‘y ko‘rsatayotgan yantoqlar “guvohlik” berib turardi. Eng ajablanarlisi, bu o‘yingoh 1-sektor, ya’ni tuman hokimi sektori shtabi va mahalla idorasi biqinida joylashgan.
Bu holatga maktab direktoridan izoh so‘radik. U esa jim turishni ma’qul ko‘rdi. 1-sektor kotibi Sherzod Kenjayev mahalla hududida o‘yingoh borligini birinchi marta eshitayotganini ochiq-oydin tan oldi.
Jadval bo‘yicha mashg‘ulot boshlandi, amalda-chi?
Maktab rahbariyati bergan mashg‘ulotlar jadvali bo‘yicha tumandagi “Ulug‘bek” MFY hududidagi futbol maydoni tomon yo‘l oldik. Bu joy ham yantoqzorga aylanib ulgurgan. O‘yingohda ikki nafargina bolani uchratib, suhbatga chorladik.
— Har kuni shug‘ullanasizlarmi?
— Ha.
— Nega bola kam?
— Bilmadik.
Biroz o‘tib bir talay qog‘ozni qo‘ltiqlab murabbiy Shahzod Xoliqov keldi. Mashg‘ulotlar jadvaliga ko‘z yugurtirarkanmiz, belgilangan vaqt o‘tib borayotgan bo‘lsa-da, ikki nafar boladan boshqa hech kim kelmadi.
Mas’ullar nima deydi?
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-yanvardagi “Futbol bo‘yicha bolalar-o‘smirlar sport maktablarining faoliyatini rag‘batlantirish va uning moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatdagi uchta — Shahrisabz, Kasbi, Nishon tumanidagi bolalar va o‘smirlar futbol maktablari “Sho‘rtan”, “Mash’al”, “Nasaf” klublariga biriktirilgan.
Nishon tuman bolalar futbol maktabi viloyatning bosh jamoasi — “Nasaf” PFKga biriktirilgan. Xo‘sh, bu borada mas’ullar fikri qanday? Dastlab Nishon tuman hokimining yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sobir Xudoyqulovdan maktabning bugungi ahvoli va sport maydonlari xususida so‘radik. Ammo u biror jo‘yali javob berishdan ko‘ra futbol maktabi rahbarini telefon orqali chaqirib qo‘ya qoldi.
“Nasaf” PFK bosh menejeri Sergey Kucherenko bu bolalar va o‘smirlar futbol maktabi ilgari klubga qarashli ekanini, bugungi kunda esa alohida yuridik tashkilot sanalishini ta’kidladi. Uning aytishicha, “Nasaf” PFK futbol maktabiga ba’zi sport anjomlaridan yordam berib turarkan, xolos.
Qashqadaryo viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Norqul Daminovning ta’kidlashicha, ushbu futbol maktabi ayni chog‘da ham “Nasaf” PFKga qarashli. Bu borada kim haq?
Xulosa o‘rnida
Nishon tuman bolalar va o‘smirlar futbol maktabi eshigini bexosdan taqillatib qo‘ydikmi, deb o‘ylanib qolasan kishi. Shu vaqtgacha hech bir mas’ul xodim bu maktab ostonasidan hatlamagan bo‘lsa? 23 nafar xodim ishlaydigan maktab davlat tomonidan iqtisodiy ta’minlanadi. Lekin bunga javob qani? Tuman hokimligi e’tiboridan chetda qolib ketaversa, “Nasaf” PFK ma’muriyati faqatgina jihoz berish bilan cheklansa, viloyat futbol assotsiatsiyasi maktab faoliyati bilan qiziqmasa, ahvol shu yo‘sin davom etaveradi. Bu ketishda umid bilan futbol maktabi tomon yo‘l olgan bolalarning katta maydonlarda parvozi qanday kechadi? Mutasaddilardan javob kutib qolamiz.
O‘ktam MEYLIYEV,
“Ma’rifat” muxbiri
Akbar RAHMONOV,
jurnalist