Menga “layk” bosing!
“Salom, dugonajon, yaxshimisan? Iltimos, shu manzilga kirib, singlim Falonchi Falonchiyevaga “layk” bosib yubor. Bir tanlovda qatnashayotgan edi, ko‘proq ovoz to‘plashi kerak”.
Shu mazmundagi xabar sizga ham tanishmi? Albatta, tanish bo‘lsa kerak. Chunki hozir internet foydalanuvchilarining aksariyati bu kabi iltimoslarni goh xohlab-xohlamay, goh tushunib-tushunmay bajarishgan. Men ham dugonamning ra’yini qaytarmay, bitta “layk” bossam, bosibman-da deb, aytilgan guruhga kirdim. Unda talabalarning turli suratlari joylangan edi. Talabalar yoki boshqa soha egalarini tushunsa bo‘ladi, ammo bu kabi soxta ovoz to‘plashlar o‘qituvchilar orasida ham allaqachon ommalashib ulgurdi. Har bir yangilik va o‘zgarishlarga hozirjavob mushtariylarimizning ushbu mavzuga ham mulohazalari tayyor!
Sharifjon XOLBO‘TAYEV:
— Internetning zamoni keldi. Voqealar shu qadar jadal kechmoqdaki, dunyoning narigi tomonida turib, qaysidir davlatdagi yangiliklardan bemalol xabardor bo‘lyapmiz. Shuningdek, jarayonga o‘z fikrimizni bildira olyapmiz. Yurtimizda internet kirib bormagan sohaning o‘zi qolmadi. 7 yoshdan 70 yoshgacha hamma internet shaydosi. Shu qatori o‘qituvchilar ham. Internetdagi “laykbozlik”lar xalq ta’limi xodimlarining faoliyatiga ham begona emas. Biroq pedagoglarning bilimi, mahoratini ijtimoiy tarmoqlarda to‘plagan “layk”lari bilan baholash mantiqsizlik. O‘qituvchilar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z faoliyatini yoritib borishi, albatta, yaxshi, lekin buning ham chegarasi bor! Ustozlar mana shu chegarani bilib olishlari kerak. Avvalo, pedagoglarning faoliyati o‘zi ishlayotgan muassasaning internetdagi manzilida yoritilishi hamda ular ijtimoiy tarmoqda “layk” yig‘ishga majbur qilinmasligi lozim.
Gulchehra ASHUROVA:
— “Menga ovoz bering!” aksiyasi epidemiyaga o‘xshab, kamayish o‘rniga kengayib ketyapti. Bu jarayonga XTB boshliqlaridan o‘qituvchilargacha jalb qilinyapti. To‘g‘ri, hozir texnika asri. Ammo texnikani aralashtirmasdan bitiriladigan ishlar ham bor. Televizorda ko‘p ko‘rganmiz. Shu qo‘shiqqa ovoz bering, deb ashula to‘liq tomoshabin e’tiboriga havola qilinadi. Uni eshitib, har kim o‘z dunyoqarashidan kelib chiqib ovoz beradi. Ammo o‘zingiz tanimagan-bilmagan boshqarma boshlig‘i, direktor yoki o‘qituvchiga ovoz berish g‘alatimasmi?! Axir “layk” bosuvchilar ularning faoliyatidan mutlaqo bexabar-ku. Soxta ovozlarning kimga keragi bor?!
Dilfuza SUVONOVA:
— Hatto yangi simkarta sotib oldirib, o‘ziga ovoz yig‘ganlarni ham eshitdim. Tasavvur qiling: dars o‘tyapmiz, o‘quvchilarimizning qo‘lida telefon, ular dars tinglash o‘rniga “layk” bosib, ovoz berish bilan ovora. Senga ikkita “besh” qo‘yaman, menga “layk” bos, geografiya o‘qituvchilaringdan biroz orqadaman-da, desak-a?! “Mening kimligimni el bilsa bo‘ldi”, deyishadi. Bizning qanday o‘qituvchi yoki mutaxassis, rahbar ekanimizni aziz o‘quvchilarimiz-u, ota-onalar, mehnat qilayotgan jamoamiz bilsa bo‘ldi, muhimi shu emasmi?!
Sh.ERGASHEVNA:
— Buni zamonaviy qilib “laykbozlik” deyish mumkin. Kimga nimani do‘ndirgani uchun ovoz beramiz?! Mayli, o‘sha o‘qituvchining faoliyati, yutuqlari haqida gazeta, jurnallarda maqolalar e’lon qilinsin, o‘qiylik, ish tajribasi yoki fanga qo‘shayotgan hissasi bilan tanishaylik, keyin ovoz bersak, xolis bo‘ladi, fikrimcha. Buning oqibatida mavjud muammo va kamchiliklarga ko‘z yumish, ularga yuzaki munosabatda bo‘lish boshlanadi. Hammasi yaxshi, hammasi zo‘r, degan bilan ahvol yaxshilanib qolmaydi.
Hafiza RASHIDOVA:
— Joril yil “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanloviga ham yangi shart kiritildi. Bu ham aynan shu “layk”lar bilan bo‘g‘liq. Buni navbatdagi yolg‘onlardan biri deb hisoblayman. 2016-yilgi nizomda ishtirokchining ayrim haq-huquqlari qisman cheklangan edi. Nimaga nizomlardan ishtirokchilarning ko‘ngli to‘lmaydi? Avvalo, tanlovlarning haqqoniyligini ta’minlash kerak. Yolg‘onning kimga keragi bor yoki bu tarzda o‘tadigan tanlovdan kimga naf? Bu kabi vaziyatda bilimli, zukko muallim o‘rniga, bilimi yetarli bo‘lmagan, ko‘pgina “yolg‘onchi layk”larni jamlagan pedagog g‘olib bo‘lishi hech gap emas. Nima uchun inson qadri “yo‘q narsa” bilan o‘lchanyapti? Nizom shaffof, saviyali, sodda hamda ishtirokchining haq-huquqlari himoyasiga qaratilgan bo‘lishi kerak.
O‘QITUVCHI:
— Men bu yil “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldim. Keyingi bosqichdagi mezonlarga ko‘ra, “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida internetni yaxshi tushunadigan tanishlarimdan iltimos qilib shaxsiy sahifamni ham ochdim. Ammo yashaydigan hududimda internet tezligi pastligi sabab doim faol bo‘la olmadim. Qolaversa, bu tarmoqda do‘stlarim ham sanoqli edi. Shu sababdanmi, juda kam ovoz to‘pladim. Tanlov shartlariga kiritilgan bu yangilik dastlab ko‘pchilikka manzur bo‘lgandi, ammo jarayonda bildimki, buni o‘ta haqqoniy deb bo‘lmas ekan. Uning o‘rniga o‘qituvchining bir yil davomida ta’limda erishgan yutuqlari, o‘quvchilarining faolligi va boshqalar inobatga olinsa yaxshi bo‘lardi. Pedagoglarga tanigan-tanimaganlarning shunchaki “layk”lari orqali baho berish to‘g‘ri yo‘l emas. Mas’ullar buni har tomonlama o‘ylab, respublikadagi barcha o‘qituvchilarning imkoniyatlarini teng baholab, keyin yangilik kiritsa, yaxshi bo‘lardi.
Yulduz IBROHIMOVA:
— Guruhlardan biriga kelgan xabarni ko‘ring: “Bu bizning direktor M.Rasulova. Halol, vijdonli va bilimli rahbar. Hozir negadir onlayn ovoz muhim bo‘lib qoldi. Sizlardan iltimos, direktorimga “layk” bosib yuboringlar”. Jonkuyar xodim rahbariga ovoz yig‘ish uchun bu taklifni o‘zi a’zo bo‘lgan hamma guruhga yuborib chiqqan bo‘lsa kerak. Ajablanarlisi, bu o‘yinga XTB mudiri ham qo‘shilgan. O‘z-o‘ziga “layk” talab qilish qiziq bo‘larkan. Shaxsan men har xil iltimoslarni inobatga olmayman. Tanimagan kishimga “layk” bosmayman. Xalq ta’limi boshqarmalariga ovoz berilishini aytmaysizmi? Tag‘in bu majburiy! Bundan bir necha oy avval Xalq ta’limi vazirligining tegishli “Telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida “XTVning viloyat boshqarmalari ishiga baho bering”, deb boshlanadigan onlayn so‘rovnoma o‘tkazilgan. Ma’lum bo‘lishicha, XTV qaysi viloyat XTB samarali ishlayotganini shu yo‘l bilan aniqlamoqchi bo‘lgan. Aslida esa tashkilotchilarga bundan hech qanday naf yo‘q. Ammo bu kabi so‘rovlar juda nisbiyligi hammamizga kundek ravshan. Boshliqlar shunday yo‘l tutishsa, o‘qituvchilardan nimani kutish mumkin.
Dildor NURMUHAMMEDOVA:
— Eng avvalo, ovozni vijdon bersin. So‘ng o‘quvchilar! Ana undan keyin ommadan ovoz yig‘sa, yarashadi.
Mavluda MUQIMOVA:
— Eng achinarlisi, ayrim pedagoglarga rahbarlari “layk” bosmagani uchun do‘q-po‘pisa ham qilyapti. Ayrim o‘qituvchilar “layk” nimaligi va u qanday bosilishini bilmay xunob bo‘lgani ham rost. Oldingilar bekorga aytmagan, “Aytar so‘zni ayt, aytmas so‘zdan qayt”. Shu fikrlarni o‘z vaqtida yozganimizda bunday “yangicha” baholanishga ertaroq chek qo‘yilarmidi?
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.