Siz bechora emassiz!
#yilo‘qituvchisi2019 hushtagi (kechirasiz, xeshtegi) haqida avval ham yozgan va xeshtegchilarning asossiz malomatiga nishon bo‘lgan edim.
Aziz va qadrdon o‘qituvchi, hamkasb! Siz noto‘g‘ri qilyapsiz. Ayni damdagi harakatlaringiz, avvalo, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2019” ko‘rik-tanlovi nizomiga, internetdan foydalanish, qolaversa, insoniylik madaniyatiga to‘g‘ri kelmaydi. “Portfolio” deb bo‘lar-bo‘lmas qog‘ozlarni, rasmlarni joyladingiz. Eng achinarlisi, sir saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlaringizni ham internetda namoyish etdingiz. Bu ishingiz maqbul emas. Deyarli hamma tanish-notanish “do‘st”laringizga “Iltimos, menga ovoz bering”, deb yozdingiz. Ijtimoiy tarmoqdagi guruhlarga tarqatdingiz: “Iltimos, menga ovoz bering”. “Facebook”, “Telegram”, “Instagram”da yozdingiz: “Iltimos, menga ovoz bering”. Ishxonada, qishloqda, viloyatda yalinib yuribsiz: “Iltimos, menga ovoz bering”. Bugun esa boshqalarning maqolalariga sharh yozayotib ham “Iltimos, menga ovoz bering”, deyishni unutmadingiz.
Men ham o‘qituvchiman. Sizni tushunaman. Lekin boshqalar ustingizdan kulsa, chiday olmayman. Siz ziyolisiz. Kuchlilarning kuchlisisiz. Shunday ekan, ovoz olishning boshqacha yo‘lini tanlang. Pedagogikadagi muammolar va uning yechimlari haqida yozing. Mayli, mukammal bo‘lmasin, xalq tushunadi, zo‘r ekaningizni biladi va qo‘llab-quvvatlaydi.
Internetda bir qarashda nimalarga qodir ekaningizni biladigan, baholaydigan auditoriya bor. Bu auditoriyaning beradigan bahosi juda qimmat va xolis.
Shunday ekan, do‘ppini bir chekkaga qo‘yib, yaxshilab reja tuzing. Yozishdan oldin internetda yozilayotgan qaydlarni sinchiklab, ko‘p va xo‘b o‘qing. Yozing, yozganda ham hammani hayratga soladigan qilib yozing. So‘zlarim malol kelgan bo‘lsa, uzr. Sizga do‘stona, xolis maslahatimni berdim. Zero, ot tepkisini ot ko‘taradi. Yana o‘zingiz bilasiz...
P.S. Do‘st achitib gapiradi. Aksariyat odamlarning siz haqingizda “Bechora o‘qituvchi “layk” so‘rayverib, qiynalib ketdi,” deyishlari yurak-yuragimdan o‘tib ketdi. Siz bechora emassiz-ku.
“Facebook”dagi “Qishloqlik o‘qituvchi”